13:54 / 09.10.2024
21

Italiya A Seriyasining 7-tur yakunlari bilan tanishing

Italiya A Seriyasining 7-tur yakunlari bilan tanishing
"Roma" va Shomurodov "Monsa"ni yenga olmadi

"Jalorossi" uchun Monsaga ushbu tashrif juda muhim edi, ayniqsa Ivan Yurichning holati va yevrokuboklardagi muvaffaqiyatsizlikni hisobga olganda. Aytish kerakki, o‘yin jamoalar uchun yorqin ko‘rinishda boshlandi va "bo‘rilar"ni bir necha bor qutqargan Svilarni mehnat qilishga undadi. "Roma"da ham vaziyatlar bo‘ldi, xususan Dovbik bir necha bor xavfli zarba berdi. Ammo, tanaffusga qadar gol urilmadi.

"Bo‘rilar" tanaffusdan so‘ng vaziyatlar yaratishda davom etishdi, faqatgina Dovbikning o‘zida 2-3ta imkoniyat bo‘ldi. Ukrainalik forvard yakunda baribir gol urdi, u himoyachini aldagan holda, to‘pni darvoza to‘riga yo‘lladi. Mezbonlar esa 10 daqiqadan so‘ng hisobni qisqartirishdi. Dani Mota yaqin masofadan zarba berishda adashmadi. "Bo‘rilar" hujum qilishda davom etishdi, Shomurodov 86-daqiqada o‘yinga qo‘shildi va bir necha bor yaxshi pressing qilishga va yakunda juda bahsli vaziyat ishtirokchisiga aylanishga ulgurdi, uning uzatmasidan so‘ng Dovbik biroz to‘pga yeta olmadi, ammo Baldansi unga yetishdi va "Monsa" himoyachisi sabab jarima maydonchasi ichiga yiqildi. Hakam esa boshqa fikrda edi, "Roma" shunday qilib 3 ochkosiz qoldi. Ivan Yurichning holati yoqimli emas, bundan tashqari De Rossini qaytarish ham istisno etilmayapti. Shomurodov jamoasida hozirda ancha qiziqarli ishlar bo‘lmoqda.

"Yuventus" ochko yo‘qotmoqda

"Keksa sinora" o‘yinni faol boshladi va bosim qildi, yakunda 15-daqiqada penalti ishlandi va uni Vlaxovich o‘ziga ishongan holda ijro etdi. Tez orada Konseysauda ajoyib imkoniyat bo‘ldi, ammo uning uzoqdan yo‘llagan zarbasini darvozabon qaytardi. Chempionlar ligasidagi o‘yin "byankoneri"dan ancha kuchini olib qo‘ygani sezildi, shunday ekan temp yuqori bo‘lmadi.

Tanaffusdan so‘ng jamoalarda uncha ko‘p imkoniyat bo‘lmadi, o‘yin yakuniga qadar esa biroz vaziyatlar yaratildi. Vlaxovich yaqin masofadan deyarli ochiq darvozaga to‘pni yo‘llay olmadi. "Keksa sinora" ushbu boy berilgan vaziyat uchun tovon to‘ladi. Tez orada Pikkoli jarima maydonchasida yiqitildi, Marin esa nuqtadan aniq zarba yo‘lladi. "Yuventus" A Seriyaning joriy mavsumida ilk bor to‘p o‘tkazdi. Yakunda salbiy vaziyat davom etdi: Konseysau simulyatsiya uchun chetlatildi, mezbonlar to‘p o‘tkazib yuborishlari ham mumkin edi. Deyolaning zarbasini shtanga o‘ziga qabul qildi.

"Napoli" yetakchi bo‘lib qolmoqda

Antonio Konte o‘yin avvalida sentyabr oyining eng yaxshi murabbiyiga beriladigan sovrinni qabul qilib oldi, uning jamoasi ilk daqiqadanoq gol urdi. Sobiq Manchester bog‘lami ish berdi, Lukaku ajoyib tarzda Maktomineyni to‘p bilan ta’minladi, u esa burchakka aniq zarba berdi. "Komo" esa taslim bo‘lgani yo‘q, Streffes darhol hisobni tenglashtirishi mumkin edi, ammo zarbaga biroz aniqlik yetishmadi. Mehmonlar yaxshi hujum qilishdi, shunday ekan gol urilishi adolatdan bo‘ldi. Streffes taym so‘nggida jarima maydonchasi tashqarisidan ajoyib zarba berdi.

Neapolliklar 2-bo‘limni kuchli boshlashdi va tez orada jarima maydonchasi ichida Olivera yiqitildi, Lukaku esa nuqtadan zarbani o‘ziga ishongan holda ijro etdi. "Komo" shundan so‘ng biroz chekindi va raqib darvozasiga xavf solmay qo‘ydi, mezbonlar esa yana to‘p kiritishlari mumkin edi. Xvicha va Lukaku xavfli zarbalar berishdi. Romelu baribir o‘z hisobiga yana bir samarali harakatni yozib qo‘ydi, u Neresni birga-bir vaziyatga chiqarib yubordi, braziliyalik esa uyaltirmadi. Shunday qilib, Lukaku 3ta gol va 4ta assist qayd etmoqda, "Napoli" esa turnir jadvalida yetakchi.

"Inter" "Torino"dan kuchliroq

"Buqalar" o‘yin boshida bir necha bor keskin vaziyatlar yaratishdi, ammo o‘yin sekin-asta "Inter" nazorati ostiga o‘tdi, bu ayniqsa Maripanning chetlatilishidan so‘ng yanada sezildi. Tyuram 25-daqiqada Bastonining uzatmasidan so‘ng barchadan baland sakrab, to‘pni darvozaga kiritdi. U 10 daqiqadan so‘ng yana gol urdi, yana bosh bilan, bu safar fransuz Acherbining uzatmasidan foydalandi. Bu mezbonlarni biroz xotirjamlikka undagandir, bir daqiqa o‘tib Gineytis to‘pni Sapataga uzatdi, u esa jarima maydonchasida aqlli harakat qilib, uni darvozaga kiritdi.

"Inter" tanaffusdan so‘ng darhol yana gol urdi va buni bu safar ham Tyuram qildi. U bu safar Milinkovich-Savichning xatosidan foydalandi va to‘pni havodan darvozaga kiritdi. Bu fransuzning faoliyatidagi ikkinchi va "Inter"dagi birinchi xet-trigi bo‘ldi. O‘yin juda ham sokinlashib ketdi, ammo bahs so‘nggida "buqalar" penalti ishlashganida jonlandi. Vlaxovich o‘n bir metrlik nuqtadan gol urdi. Ammo, boshqa gol urishning uddasidan chiqilmadi va hatto bu ishni "qora-ko‘klar" qilishlari mumkin edi. Milinkovich-Savich Zelinskining uzoqdan yo‘llagan zarbasini qaytardi, shuningdek Taremining ham qaytgan to‘pga bergan zarbasini aqlbovarqilmas tarzda qaytardi. "Inter" g‘alaba qozondi, ammo mudofaa bo‘yicha savollar ochiq qolmoqda.

"Fiorentina" "Milan"ni mag‘lub etmoqda

"Qizil-qoralar"ning hozirgi holati yaxshi emas, shunday ekan Florensiyaga safar juda muhim edi. Start yaxshi boshlanmadi, "Milan" raqib darvozasiga yaqin bora olmadi, yakunda o‘z darvozasiga penalti olib keldi va uni Menyan bartaraf etdi. 10 daqiqadan so‘ng sobiqlar qoidasi ishladi, Adli o‘zi o‘tgan mavsum o‘ynagan jamoasiga ajoyib gol urdi. "Rossoneri" taym so‘nggida vaziyatni o‘nglashi mumkin edi, Ammo De Xea Teoning penaltidan yo‘llagan zarbasini qaytardi.

Fonseka shogirdlari ikkinchi taymga shavq bilan chiqishdi va bu yakunda yana bir penaltiga olib keldi. Bu safar Abraxam zarba berdi, ammo De Xea bu safargi zarbani ham qaytardi. U 2015/16 yilgi mavsumdan beri A Seriyadagi bitta o‘yinda ikkita penaltini qaytargan ilk posbon bo‘ldi. "Milan" baribir hisobni tenglashtirdi, Teoning uzatmasidan so‘ng Pulishich darvozani ishg‘ol qildi. Bir oz o‘tib Abraxamda yaxshi imkoniyat bo‘ldi va De Xea bu safar ham yaxshi harakat qildi. Mezbonlar o‘z imkoniyatlaridan foydalanishdi, penaltidan to‘p kirita olmagan Moyze Kin uzatmadan so‘ng to‘pni Gudmundsonga qoldirdi, u o‘zi to‘pni mohirona tarzda darvozaga kiritdi va o‘z jamoasiga g‘alaba taqdim etdi.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Italiya A Seriyasining 7-tur yakunlari bilan tanishing
ePN