
“Roma”da qishki transferlar vaqtida jiddiy oʻzgarishlar boʻlishi kutilmoqda. Jamoani qabul qilib olgan Ivan Yurich ayrim oʻyinchilardan voz kechib, ularning oʻrniga oʻzi qoʻllayotgan oʻyin uslubiga mos futbolchilarni olib kelishi kutilmoqda.
Xususan, Italiya matbuoti Ivan Yurich talabidan kelib chiqib, klub rahbariyatining Eldor Shomurodov borasidagi fikri ham oʻzgarganini yozmoqda.
Marko Kampanella, VOCEGIALLOROSSA.IT sayti eksperti:
- Qishki transferlar davrida “Roma” takibi qayta tashkil qilinishi kutilmoqda. Oʻzgarishlardan biri hujum chizigʻida boʻladi. Rim klubining yangi murabbiylar shtabiga Eldor Shomurodovning harakatlari ma'qul kelmagan koʻrinadi. Oʻzbek futbolchisini qishda jamoadan ketadiganlar roʻyxatiga qoʻshishdi.
Silvio Salimbene, siamolaroma.it nashri eksperti:
- Yanvar oyida ochiladigan transfer bozori oldidan “Roma” ayrim chiziqlarni kuchaytirish boʻyicha ish boshladi. Eng muhim masalalardan biri markaziy hujum pozitsiyasida Artyom Dovbikka munosib oʻrinbosar topishdan iborat.
Rim klubi rahbariyati Eldor Shomurodov oʻrniga hujum chizigʻini yanada kuchaytira oladigan forvard qidira boshladi.
Ayni paytda nishonga olingan futbolchi Beto boʻlib turibdi. Portugaliyalik hujumchi ikki yil avval 28 million evro evaziga “Udineze”dan “Everton”ga koʻchib oʻtgandi. Beto Angliya futboliga moslasha olmadi va oʻtgan mavsumda 33 ta uchrashuvda atigi beshta gol urdi. Beto oʻzini erkin his qiladigan A Seriyaga qaytishga qarshi emas.
“Roma”ga egalik qiluvchi Fridkinlar oilasi yaqinda “Everton”ni ham sotib olganini inobatga olsak, bu transferni amalga oshirish umuman qiyinchilik tugʻdirmaydi.
Beto kelsa, Eldor Shomurodov ketishi kerak. Oʻzbek hujumchisi muntazam oʻyin amaliyotiga ega boʻlishi uchun yanvarda ijaraga berilishi kutilmoqda.
La Gazzetta dello Sport gazetasi:
- Qishki transferlar bozorida rimliklar hujum markaziga Betoni olib kelishdan tashqari, qanotlarni ham kuchaytirmoqchi.
“Roma” mutasaddilari bu pozitsiyalarga bosh murabbiy Ivan Yurich qoʻl ostida “Torino”da oʻynagan va hozir “Nottingem”da toʻp tepayotgan nigeriyalik Ola Ayna va “Nitstsa”dan ivuarlik Jeremi Bogani olib kelish boʻyicha ish boshlash arafasida turibdi.
LAROMA24.IT:
- “Roma” yozda transferlarga 110 million evro ishlatganiga qaramay, bosh murabbiy talabi bilan bir necha pozitsiyalarni kuchaytirishga e'tibor qaratmoqda.
Avvalgi bosh murabbiy Daniele de Rossi tanlagan AbduHamid Saud va Samuel Dal jamoani qabul qilib olgan Ivan Yurichga toʻgʻri kelmadi. Nikola Zalevskining yozda oʻxshamay qolgan chiqish transferi yanvarda amalga oshishi mumkin.
Shuning uchun ham “Roma” xorvatiyalik murabbiy bilan ishlagan Ola Aynani olib kelmoqchi.
Yanvarda Leandro Paredes va Eldor Shomurodov kabi bosh murabbiy ishonch bildirmayotgan oʻyinchilar ham oʻyin amaliyotiga ega boʻlishi uchun boshqa klublarga oʻtishi kerak.
Perpaolo Matrone, TUTTOMERCATOWEB.COM sayti eksperti:
- “Roma” yozda yangi oʻyinchilar uchun katta xarajat qilganiga qaramay, tarkib masalasida bir necha muammolarga echim topishi kerak. Xususan, hujum chizigʻida barcha ogʻirlik Artyom Dovbik zimmasiga tushyapti.
Ayni paytda ukrainalik oʻyinchining yakkayu yagona oʻrinbosari Eldor Shomurodov boʻlib turibdi. Oʻzbek futbolchisi asosiy tarkibga kirish uchun bor imkoniyatini ishga solmoqda. Lekin u har doim ham oʻzini koʻrsata olmayapti.
Agar “Roma” qishki transferlar davrida yangi hujumchi olsa, oʻzbekistonlik legioner oʻziga boshqa jamoa topishi kerak boʻladi. Rimliklar hozircha “Everton” hujumchisi Betoni mavsum oxirigacha ijaraga olishni moʻljallab turibdi.
Ta'kidlash joizki, Eldor Shomurodovning “Roma”dagi kelajagi yana mavhum boʻlib turibdi. Hamyurtimizning amaldagi shartnomasi 2026 yilning 30 iyunigacha tuzilgan. Yaqinda Rim klubi legionerimiz bilan kelishuvni bir yilga uzaytirishi mumkinligi haqida ma'lumotlar tarqatilgan edi.
Demak kutamiz, Oʻzbekiston milliy terma jamoasining eng zoʻr toʻpurari va sardorining faoliyati qanday rivojlanar ekan? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar