92
Masharipovga joy topish uchun “qurbon” qilinayotgan Fayzullayev... Terma jamoa hujum chizig‘i nega kuchsiz?
O‘zbekiston termasi Eron bilan durang o‘ynadi. Bir qarashda bu natija qoniqarli va milliy jamoa hali ham guruh yetakchisi bo‘lib qolmoqda. Ammo kechagi 1 ochkolik durang himoyachilar va darvozabonning ishonchli harakati orqali yuzaga keldi.
“Lans” himoyachisi Abduqodir Husanov va “Rubin” klubi futbolchisi Rustam Ashurmatov, Turkiya chempionatida harakat qilayotgan Husniddin Aliqulov juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Ammo hujum va yarim himoyadagi bog‘lamlarda uzilishlar kuzatildi.
Ayniqsa, Abbosbek Fayzullayev harakat qilgan o‘ng qanotda aytarli xavfli vaziyatlar yuzaga kelmadi. Sofascore nashri futbolchining harakatlarini 6,9 ballga loyiq ko‘rdi. Abbosbek uzatgan 14 to‘pdan faqat 7 tasi aniq yetib bordi. 3 bora raqiblarini o‘z texnikasi bilan aldab o‘tishga urindi, ammo hammasi samarasiz yakunlandi. To‘p uchun kurashda 4 bor raqiblarni o‘tkazib yubordi. Nega u ishonchli harakat qila olmadi?
O‘zbekiston milliy jamoasi yordamchi murabbiyi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida Vlado Radmanovich bizda hujumkor futbolchilar yo‘qligini ma’lum qildi. Yana statistik ma’lumotlar bilan ishlovchi Sofascore ma’lumotlarini o‘rganamiz. Balki, murabbiylar hozirgi paytda ajoyib sport formasidagi Abbosbekning imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalana olmayotgandir?
Foto: Sofascore
Ushbu rasmdan ko‘rish mumkinki, Abbosbek asosan chap qanotda ko‘p harakat qiladi, uning o‘ng qanotdagi harakatlari faqat O‘zbekiston termasida bo‘lsa kerak. Uning aynan o‘sha qanotdagi reydlari rus klubining g‘alabalariga hissa qo‘shyapti.
Foto: Sofascore
Olimpiadadagi ishtirokdan so‘ng Abbosbek Fayzullayev yana klubdagi eng samarali futbolchilardan biriga aylanib bormoqda. O‘tkazilgan o‘yinlarda 2 bor raqiblar darvozasiga gol urdi, 4 bora gollarga assistlik qildi. Uchrashuvlarda eng yaxshi o‘yinchi deb e’tirof etilmoqda. Statistikadan ko‘rinib turibdiki, uning klubdagi o‘yinlarda foydasi katta. O‘tkazilgan 10 o‘yindan 3 tasida u 7 balldan kamroq baholandi. Bularning barchasi milliy jamoaga to‘g‘ri kelayotgani tasodif emas.
Sababi Abbosbek o‘ziga noqulay o‘ng qanotda o‘ynamoqda. Terma jamoa murabbiylar shtabi Jaloliddin Masharipovga tarkibdan joy topish uchun Abbosni “qurbon” qilmoqda.
To‘g‘ri, Eron chempionatida o‘ynayotgan futbolchining tajribasiga shubha yo‘q. Ammo nahotki, ikki futbolchini termada foydaliroq o‘yin ko‘rsatishi uchun joylashtirishning iloji bo‘lmasa? Balki Masharipovga 9 lik zonada harakatlanuvchi pozitsiyani berib, Abbosni joyiga qaytarish kerakdir?
Abbosning o‘zi ham markazda yaxshiroq o‘ynaydi. O‘sha hujumchi ortidagi pozitsiyaga Fayzullayevni qo‘yish orqali unga darvozaga yorib kirish yoki uzoqdan zarba berish imkonini berish kerakdir. “SSKA”ning yangi mavsumdagi ikki goliga mualliflik qilgan Abbos gollarni jarima maydoni tashqarisidan urgan. Aynan mana shu imkoniyat berilsa, hujumkor yarim himoyachi o‘zini ko‘rsatishga ko‘proq imkoniyat paydo bo‘lishi mumkin.
Foto: Sofascore
Kechagi o‘yinda eng yomon ko‘rsatkichlardan biriga Odiljon Hamrobekov egalik qildi. BAA bilan o‘yinda Otabek Shukurovni tayanch zonaga qaytarib, Abbosbek Fayzullayevni Hamrobekov o‘rniga tushirib, Shomurodovning ortida o‘ynaydigan futbolchiga aylantirish variantini ko‘rib chiqish kerak.
Shomurodovning hujumda yakkalanib qolayotganini ko‘rish mumkin. To‘pni ko‘pincha darvozaga teskari holatda qabul qilayotgan Eldorga Abbosbek Fayzullayev juda yaxshi yordamchi vazifasini bajarishi, aynan u himoyachilarni chalg‘itgan holda Abbosga zarba berish yoki darvozani yorib kirish imkonini yaratib berishi mumkin.
Oston O‘runov yaxshi jismoniy holatda bo‘lsa, uni o‘ngga qo‘yish orqali hujumkor tarkibni shakllantirish mumkin.
BAA bilan o‘yinda quyidagi tarkibda boshlab, keyinchalik tarkibga jalb qilingan Diyor Xolmatov, “Nasaf” futbolchisi Mozgovoy va “Navbahor” futbolchisi Iskandarov bilan yarim himoyani to‘liq qayta yangilash mumkin.
Hujum chizig‘ida bizda rostdan muammolar mavjud. Eldor Shomurodov klubda yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapti. Katanes esa uning o‘rnini bosadigan futbolchi topa olmayapti yoki izlab ham ko‘rmayapti. “Dinamo” futbolchisi Anvar Xojimirzayev ajoyib formada ekanini hamma mutaxassislar e’tirof etyapti. Ammo turli sabablar bilan jamoa lagerini tez-tez tark etayotgan, avval boshidanoq jamoaga yangi futbolchini qo‘shmasligini ta’kidlagan bosh murabbiydan yangilik kutish noo‘rin.
Shunday ekan bor futbolchilar potensialini ochib berish uchun ham ularni o‘zlarini erkin his qiladigan pozitsiyalarga tushirish kerak. Keyin jamoa zaxirasidagi futbolchilar ham o‘rindiqni isitish uchun kelmayapti, 11 kishi bilan jamoa bo‘lmaydi. Ulardan ham unumli foydalanish zarur.
BAA bilan o‘yinda butunlay boshqacha g‘oyalar bilan maydonga tushadigan jamoani kutib qolamiz. Zero ushbu o‘yindagi g‘alaba O‘zbekiston orzusi — Jahon chempionatiga yo‘lni anchagina yaqinlashtiradi.
Erkin G‘aybullayev tayyorladi.
Masharipov, Joy topish, Qurbon qilinayotgan, Fayzullayev, Terma jamoa, Hujum chizig‘i “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?