
Oʻzbekiston milliy jamoasi Toshkentda Eron bilan durang oʻynadi va Jaloliddin Masharipov aytganidek, guruhda birinchi oʻrinda borishda davom etyapmiz. Aslida tan olish kerak, Eron bilan durang jamoamiz uchun ham, muxlislar uchun ham qoniqarli natija hisoblanadi. Ammo biz oʻyinga kelajak uchun, bizni kutib turgan BAA va Qatarga qarshi oʻyinlar nuqtayi nazaridan qarashga majburmiz. Agar guruhda peshqadamlikni saqlab qolish uchun bu uchrashuvlarda gʻalaba qozonishimizga toʻgʻri kelishini inobatga olsak, Eronga qarshi oʻyinning oxirgi uchdan biri, ya'ni bir kishi koʻp boʻlib toʻp surgan davrimiz tahlil uchun oʻrinli daqiqalar hisoblanadi. Ungacha boʻlgan daqiqalarni Oʻzbekiston futbolchilari aktiviga ijobiy tomondan qayd etish mumkin, zero Osiyoning eng kuchli jamoalaridan birini yaxshi toʻxtata oldik, tengma-teng oʻynadik. Ammo gʻalaba qozonishimiz mumkin boʻlgan 60-90 daqiqalardagi oʻyin juda koʻp savollarni keltirib chiqardi. Qaytaraman, durang qoniqarli hisob, ammo masala shu – bu oʻyin bilan BAA yoki Qatarga qarshi oʻyinlarda gʻalaba qozona olamizmi?
Nega qizil kartochkadan unumli foydalana olmadik?
Rakursni shu taxlit burganimizda, vaziyat oʻylaganimizdan yomonroq ekani koʻzga tashlanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda bir mulohaza oʻqib qoldim – «kuchlar bir biriga yaqin boʻlgani ikki jamoa toʻqnashganda qizil kartochka biror tomonga engillik bermaydi, aksincha, bir kishi kam boʻlib qolgan jamoa himoyaga urgʻu berib, vaziyat yaratish yanada qiyinlashib ketadi». Qisman, toʻgʻri, Misol sifatida, yaqinda Angliyada boʻlib oʻtgan «Manchester Siti» – «Arsenal» oʻyinini keltirish mumkin. Londonliklar qizil kartochka olgach, butun jamoa boʻlib himoyaga yotib oldi. Mezbonlarning vazifasi qiyinlashib ketdi va faqat eng oxirgi daqiqalardagina hisobni tenglashtirishga muvaffaq boʻlishdi xolos. Agar futbolchilar soni teng boʻlganida, ikki tomonlama oʻyin boʻlishi va balkim «Siti» koʻproq zonalarga ega boʻlib, ertaroq hisobni tenglashtirishi va balki gʻalabaga erishishi mumkin edi, toʻgʻrimi?
Ammo bitta katta farq bor. «Arsenal» bir futbolchi kam boʻlib qolgach, yana bitta gol urish imkoniyati deyarli nolga tenglashdi. Asosiy savol «Manchester Siti» gol ura oladimi yoki yoʻqmi, boʻlib qoldi xolos. Oʻyin statistikasi toʻliq bunga dalolat qiladi. Endi savolni Toshkentdagi oʻyinga koʻchiradigan boʻlsak, Eronning qizil kartochkasi bizning vazifamizni ogʻirlashtirdi, deya olamizmi? Eronning gol urish imkoniyati bormidi? Bizning asosiy muammomiz Eron himoyasini yorib oʻtish edimi? Bunga harakat qildikmi oʻzi?
Biz bir kishi koʻp boʻlib oʻynagan daqiqalar statistikasiga koʻz yugurtirsak, aniq zarbalar soni 0-4 Eron foydasiga, burchak toʻplari ham 0-4, toʻp nazorati deyarli teng – 52-48, biz rostan ham bir kishi koʻp boʻlib toʻp surdikmi? Tarkibimiz salohiyati, legionerlar toʻp suradigan klublar darajasi, ichki chempionatlarimiz raqobatbardoshligi nuqtayi nazaridan biz Eronga etib olmagandikmi? Rostan ham tarkibni birma-bir solishtirganda Eron bilan katta farq koʻrmayman, demak, maydonda bu qadar ojiz koʻrinishimizning sababi nimada?
Men oʻylaymanki, agar butun oʻyin davomida Eron bilan 11ga 11 futbolchi bilan oʻynaganimizda ham bemalol durang oʻynay olardik. Ana oʻshanda, jamoamizga rahmat aytgan, rostan ham guruhdagi birinchi oʻrnimiz bilan faxrlangan va keyingi oʻyinlarga umid bilan qaragan boʻlardik. Qizil kartochka hamma taassurotni buzib yubordi.
Sababi, shundaki, Srechko Katanets qurgan jamoa gʻalaba qozonishga emas, magʻlubiyatga uchramaslikka asoslangan. Bu Eronga qarshi oʻyinda ijobiy xulosa taqdim eta oladi, ammo yutish kerak boʻlgan oʻyinlarda pand beradi. Shimoliy Koreya va Qirgʻizistonga qarshi oʻyinlar bizga kichik bashoratlar bergan, ammo buni vakillarimizning etarsiz motivatsiyasi bilan bogʻlagan boʻlishimiz mumkin. Yaxshiyamki, Eron bir kishi kam boʻlib qoldi va bizda gʻalaba qozonish vazifasi paydo boʻldi. Biz bu vazifani uddalay olmadik, jamoamizning asosiy muammosi yaqqol koʻzga tashlandi. Yaxshiyamki.
Keling, avval milliy jamoamiz qanday sxemada harakat qilgani va bu bilan nimalar koʻzlanganiga e'tibor qaratamiz.

Aslida Katanets doim qoʻllaydigan 3-4-3 chap rasmdagi joylashuvni taqozo qiladi – bu sxemaning ustunligi markazda tashabbus beradi. Masharipov va Fayzullaev markazga yaqinroq joylashgan holda ham Shomurodovga yordam berishi, ham toʻp nazoratida markaziy yarimhimoyachilarga (Shukurov va Hamrobekov) qoʻshilishlari mumkin. Qanot boʻylab oʻynaydigan Sayfiev (Alijonov) va Nasrullaev raqib himoyasini kengaytirishlari kerak. Hammasi tushunarli.
Ammo negadir, bu dastlabki koʻrsatmalarmi yo Eron shunga majbur qildimi, sxemamiz oʻng tomondagi rasmga oʻxshab ketdi. Fayzullaev ham, Masharipov ham qanotga yaqin toʻp surishdi. Bu ham masalan, Fayzullaevning kuchli tomonlarini namoyish qilishga imkon bermadi, ham kerakli zona – markazda ustunlik qilishimizga toʻsqinlik qildi. Agar aytaylik, Shukurov yoki Hamrobekovda oldinga surilib, hujumkor yarimhimoyachiga aylanish salohiyati boʻlganida, qanotlarga oʻyinni surish orqali markazda zona ochish va tayanch futbolchilarimiz yordamida toʻldirish rejasi ishlashi mumkin edi. Lekin birinchidan, Shukurov aynan hujumga qoʻshilish borasida bir yil oldingi formasida emas, ikkinchidan, hatto bir kishi kam boʻlib qolganimizda ham koʻrsatma asosida bunday «fishkalar»ga murojaat qilinmadi. Aslida qizil kartochkadan keyin Hamrobekov oʻrniga Iskandarov chiqishi, yoki Oʻrunov qanotga chiqib, Fayzullaev biz koʻzda tutayotgan pozitsiyani egallashi mumkin edi. Qisqa qilib aytganda, oʻyin stsenariysi murabbiylardan taym-menejmentni, ya'ni oʻyin paytida kerakli oʻzgartirishlar orqali burilish yasash imkonini bergan boʻlsa-da, bu amalga oshmadi. Katanets ham, uning yordamchisi ham, tabiiyki, yuqimli holatda futbolchilarning oʻzi ham gipperehtiyotkorlikni namoyish etishdi. Qaysidir jihatdan Sautgeytning Angliyasini eslatib yuborgan boʻlishi ham mumkin.
Taktikamizning mohiyati nimada?
Ehtiyotkorlik haqida aslida alohida katta bob yozish mumkin. Ammo zeriktirib qoʻymaslik uchun bu boʻlimda asosan skrinshotlarga e'tibor qaratamiz.
Bilasizmi, futbolda turli sxemalardan maqsad nima? Gʻalaba qozonish, gol urish, oʻz darvozasi daxslsizligini ta'minlash, futbolchilarning kamchiligini yashirib, ustunligini yuzaga chiqarish va hokazo, toʻgʻrimi? Agar buni biroz futbol tiliga oʻgirsak, sxemalar taqdim etadigan baza shuki, jamoa maydonning turli qismlarida son jihatdan ustunlikka ega boʻlishi kerak. Ya'ni jamoa ma'lum sxema asosida harakatlanar ekan, qaysidir xududda son jihatdan ustunlikka ega boʻlishga intiladi va shu orqali toʻpni raqib jarima maydoni tomon olib boradi. Bu xududlar murabbiy tomonidan tanlanadi va aynan mana shu tanlovdagi farqlar turli sxemalarni vujudga keltiradi. Qaysidir murabbiy qanotlarni ustun koʻradi, kimdir markazda toʻpni nazorat qilishga urinadi va hokazo. Shuning uchun ham soʻnggi yillarda har qanday jamoa raqibdan kelib chiqib, toʻp bilan boshqa, toʻpsiz boshqacha sxemani tanlamoqda.
Shuning uchun ham qizil kartochkalar futbolda katta ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy futbolda har qanday oʻyinda bir futbolchi kam boʻlib qolgan jamoa birdaniga ustunlikni ham berib qoʻyadi. Ha, kam boʻlib ham gʻalaba qozonish mumkin, ammo bunday gʻalabalarning taktik asosi boʻlmaydi, koʻpincha, omad, realizatsiya, ayrim ijrochilarning mahorati hal qilib qoʻyishi mumkin xolos. Nega? Sababi, qizil kartochka bugungi futbolning asosiy mazmunini hal qilib qoʻyadi – endi ma'lum zonalardagina emas, umuman butun maydonda sizda bir futbolchi koʻp. Tasavvur qilyapsizmi? Endi toʻp oldida son jihatdan ustunlikni ta'minlash uchun bosh qotirish shart emas – bazaviy harakatlarni toʻgʻri amalga oshirsangiz, ya'ni shunchaki, bolalikdan oʻrgatiladigan kvadrat oʻynasangiz ham siz toʻpni, oʻyinni nazorat qilishingiz mumkin. Xoʻsh, murabbiylarimiz nima qilishdi?
Raqibdan bir oʻyinchiga koʻp boʻlgan holda oʻyinni nazorat qila olmaganimizning sababi, biz doim toʻpni son jihatdan ustunlik qilinish mumkin boʻlgan xududlarga emas, aksincha, son jihatdan kamchilik zonalarga uzataverdik. Bu ba'zi bir futbolchilarning yomon oʻyini tufayli emas, sistematik ravishda har bir vakilimiz tomonidan amalga oshirilaverdi.
Fayzullaev va Masharipov Shomurodovga yaqinroq harakat qilmagani bois yagona hujumchimiz Eronning butun himoyasiga qarshi yolgʻiz qolaverdi va eng qizigʻi, Shomurodovga boʻlgan bu qadar yuksak ishonch qaerdan? Nega futbolchilarimiz Eldor toʻpni raqib darvozasidan ancha uzoqda teskari holda qabul qilib, yonidagi futbolchilarni aldab oʻtib, gol urishi mumkin, degan rejani kim tuzdi?


Yuqoridagi rasmlarga e'tibor bering – bu bir kishi koʻp boʻlib oʻynayotgan jamoaning xavfli vaziyat yaratish rejasi. Goʻyoki Eron emas, biz bir kishi kam boʻlib qolib, Shomurodovning tezligi yoki texnikasiga tayanib qolganga oʻxshaymiz. Sharh paytida Samvel Babayan ham ta'kidlab oʻtdi – agar vertikal oʻynaydigan boʻlsangiz, «podbor»da doim futbolchilarga ega boʻlishingiz lozim. Yuqoridagi vaziyatlarda hatto Eldor yuqori qavatda ustunlik qilgan taqdirda ham, uni kim qoʻllaydi?
Mana quyida Eldor mana shunday vertikal paslardan birini egallab oldi ham deylik. Oʻrunov ancha uzoqda va sherigiga yordam bermoqchi ham emas, Eldorning bir fint bilan raqibini aldab oʻtishini kutmoqda. Natijada eronlik himoyachilar toʻpga etib kelib, koʻpchilik boʻlib toʻpni qaytarib olishdi. Son jihatdan ustunlik? Nima u?

Savol tugʻiladi, shu paytda qolgan futbolchilarimiz qaerda edi? Xoʻp, maydonning qaysidir burchagida kurash boʻlib, kutilmaganda Eldorga etib kelgan deb hisoblasak ham, kadrda Eronning olti futbolchisi. Demak, qaerdadir boshqa kadrda bizning 8, Eronning 3 futbolchisi turibdi, toʻgʻrimi? Ana oʻsha erda son jihatdan ancha ustunmiz. Unda nega toʻp aynan bu xududga, ya'ni son jihatdan Eron yaqqol ustunlik qilayotgan xududga etkazib berildi? Berilaverdi?
Endi aynan qaerlarda son jihatdan ustunlik qilganimizni ham koʻrib chiqaylik.


Yuqoridagi kadrlar aynan Shomurodov tomon vertikal pas oshirishdan avval olingan. Biz bemalol toʻpni saqlab turishimiz, son jihatdan ustunlik yordamida hujumni rivojlantirish imkoni boʻla turib, futbolchilarimiz kamchilik boʻlgan xududga toʻp oshirishda davom etishmoqda. Sababi ma'lum — biz oz futbolchilarning individual mahoratiga tayanib, turli vaziyatlar yaratishimiz kerak, ammo shu bilan birga, himoyachilarimiz oʻz oʻrnida qolishi, Eronning potentsial xavfidan ehtiyot ham boʻlishimiz shart. Albatta, bu oʻyin bilan Eronga yutqazmaslik qiyin emas, ammo ancha kuchsizroq jamoalarni ham yutib boʻlmaydi. Xoʻsh, risk qilish kerak boʻlganda, gʻalaba qozonish shart boʻlganda qanday vaziyatlar yaratamiz? Boshqacha uslubda himoya chizigʻimiz shu qadar oʻz mustahkamligini saqlab qola oladimi?
Sizga yana bir nechta koʻzni qonatadigan rasmlar havola qilaman:



Bild-ap bunday boʻlmaydi, oʻrtoqlar. Yana oʻsha qizil kartochkaga qaytaveramiz – bir kishi koʻp boʻlib oʻynayotgan jamoa markazda va oldingi chizikda son jihatdan ustunlikni ta'minlash oʻrniga ataylab, bir necha futbolchini nofaol holda qoldirmoqda. Bunday shartlarda nafaqat Eron, himoya chizigʻi etarlicha saviyali boʻlgan, umuman hozirgi bosqichdagi har qanday jamoa bemalol himoyalana oladi. Toʻpning orqasida sugʻurta uchun 2-3 futbolchimizni qoldirib, oldingi chiziqda faqat kimningdir individual mahoratiga suyanishdan boshqa ilojimiz qolmaydi. U holda murabbiylarning vazifasi nimada? Aynan kerakli xududlarda son ustunlikni ta'minlash, toʻgʻri harakatlanishni avtomatlashtirish emasmi? Mana, Erondan dars:

Deyarli barcha futbolchilar toʻp chizigʻidan oldinga oʻtgani bois, toʻpni kerakli zonalarga etkazish imkoniyati koʻproq. Hatto vakillarimiz pressing qilgan taqdirda ham, eronlik himoyachi vertikal uzun pas uzatadi va hatto oʻsha xududda ham toʻp uchun kurashish imkoniyati saqlanib qoladi. Bizning holatimizda esa har qanday uzun pas toʻpni raqibga taqdim etish deganidir, chunki biz oldingi xududlarda son jihatdan ikki barobar kamchilikka egamiz. Shuning uchun Eronning onda-sonda qilgan pressinglari ham kerakli natijani beraverdi – Oʻtkir Yusupovning oʻzida 10 ta uzun pas boʻlib, atigi 2 tasi aniq etib bordi va faqat bir holatda toʻpni oʻzimizda saqlab qolishni uddaladik.
Ikkinchidan, ikkinchi taymda, ayniqsa, oxirlariga borib, futbolchilarimizdagi charchoqni sezgan boʻlsangiz kerak. Ikki tomonlama nazorat taymi boʻlgan birinchi va bir kishi koʻp boʻlib oʻynagan ikkinchi taymdan soʻng bu qadar charchab qolishimiz ham murabbiylarning xatosi – biz toʻpni nazorat qilish oʻrniga juda koʻp toʻp yoʻqotdik, noaniq egasiz paslar tufayli uni egallash uchun ham, yoʻqotilgan toʻpni qaytarib olish uchun ham koʻp kuch sarflab yubordik.
Xulosa
Murabbiyning vazifasi nimada? Aytaylik, klubda biroz boshqacha, u erda umumiy boshqaruv, oʻzaro munosabatlar, jamoaning oila boʻlib shakllanishi, uzoq vaqt samara beradigan shaklni yaratish muhim hisoblanadi. Milliy jamoada esa biroz farqli – murabbiy oʻyindan oʻyinga yashaydi. Jamoaga mos taktika va konkret raqibga mos reja ishlab chiqish bosh murabbiyning eng muhim vazifasidir.
Futbolning ijrochilari —futbolchilar. Juda koʻp oʻyinlar, natijalar aynan ularning individual mahorati, qarorlari tufayli yuzaga kelsa-da, taktikaning vazifasi buni minimallashtiradigan, ijrochilarning mahoratidan qat'i nazar tizimli ravishda gol urish imkoniyatlarini taqdim etishi kerak. Shu bilan birga, raqibning taktikasiga zarba berib, uning ustunliklariga toʻsiq boʻladigan va ojiz tomonlarini yuzaga chiqaradigan reja ham kerak boʻladi.
Shu nuqtayi nazardan baho bersak, Eronga qarshi oʻyin uchun tanlangan taktika va reja yomon emasdi. Ammo bu bir magʻlubiyatga uchramaslik rejasi edi, boshqa tomondan, gʻalaba uchun oʻynash lozim boʻlgan paytda futbolchilarimiz ishonchli koʻrinishmadi. Bu esa oʻziga yarasha ogohlik qoʻngʻirogʻi boʻlib jarangladi.
Yuqorida Angliya milliy jamoasini bekorga eslamadim. Albatta, shu yoʻl bilan finalga etib borgan Sautgeyt jamoasiga Bellinghemning chalqancha zarbasi, Uotkinsning 0.05 imkoniyatni golga aylantirgani va hokazolar ham yordam berganini unutmasligimiz kerak. Ya'ni bunday oʻyin aksincha, kuchsizroq raqiblarga qarshi imkoniyatimizni tenglashtirib qoʻyishi ham mumkin. Duranglar bilan jahon chempionatiga chiqib boʻlmaydi. BAA va Qatarga qarshi oʻyinlarda gʻalaba uchun oʻynashga majburmiz. Bu oʻyinlarga prototip sifatida olingan «10 kishi qolgan Eron» bilan oʻyinimiz esa sinovdan oʻtmadi. Uch ochko ololmaganimiz esa turnir jadvalidagi holatimizni xavfli qilib qoʻydi — BAA ga qarshi oʻyinda magʻlubiyat bizni guruhda uchinchi oʻringa tushirib yuboradi. Bu faktor esa murabbiylarimizni yanada ehtiyotkor boʻlishga majbur qilib, yana hujumda muammolarga duch kelishimiz ehtimoli katta. Ishqilib, Eldor oʻsha uch futbolchini aldab oʻtib gol ursin-da...
Qahramon Aslanov
Manba: Kun.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar