
13 oktyabrga oʻtar kechasi Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahridagi Kingdom Arena stadionida rossiyalik ikki engilmas bokschi: IBF, WBC va WBO versiyalari boʻyicha yarimogʻir vazn chempioni Artur Beterbiev va WBA Super versiyasi chempioni Dmitriy Bivol oʻrtasida uzoq kutilgan jang oʻtkazildi.

Bu jangni anchadan buyon rejalashtirib kelishayotgandi, ammo uni tashkillashtirish oson kechmadi. Tomonlar uzoq vaqt davomida promouterlarning pozitsiyasi tufayli kelisha olmadi. Nihoyat jang 2024 yil 1 iyun kuniga belgilanganida, uni Beterbievning jarohati tufayli bekor qilishdi. Shunga qaramay, oʻsha kuni Bivol ringga chiqdi va gʻalaba qozondi, mutlaq chempionlik uchun jang esa oktyabrga koʻchirildi.
1 iyun kuni Bivol liviyalik Malik Zinadni oltinchi raundda nokautga uchratgandi, bu uning uchun 2018 yil martidan buyon ilk bor jangni muddatidan oldin yakunlashi boʻldi, oʻshanda u Sallivan Barrerani taslim etgandi. Keyingi olti yil ichida Dmitriy toʻqqiz jang oʻtkazib, ularning birortasida nokaut qila olmadi, lekin boksdagi asosiy figuralardan biriga aylandi. Uning eng muhim gʻalabasi taniqli bokschi Saul «Kanelo» Alvares ustidan ochkolar boʻyicha qozonilgan gʻalaba boʻlgandi.
Artur Beterbievning oxirgi jangi esa 2024 yil yanvarida Kallum Smitga qarshi kechib, jang ettinchi raunddayoq yakuniga etgandi. Artur professional boksda 20 jang oʻtkazib, barchasida nokaut bilan gʻalaba qozongan. Uning soʻnggi raqiblari qatorida Smitdan tashqari, Entoni Yard, kichik Jo Smit, Markus Braun va Adam Daynes kabilarni keltirish mumkin.
Jangning ilk soniyalaridanoq Beterbiev ring markazini egalladi va asosan chap qoʻl jeb zarbasiga tayandi. Bivol esa hech qayoqqa shoshilmadi, raqibining zaif nuqtalarini qidirdi va engil kombinatsiyalar amalga oshirdi. Bu oraliq yakunida Dmitriy ikkitalik zarbasi bilan raqibning boshiga zarba tekkizdi. Beterbievning zarbalari koʻpincha blokka urilayotgandi, ammo gong chalinishiga bir necha soniya qolganida raqiblar kutilmaganda oldinga tashlanishdi — Dmitriy jagʻ qismiga bir necha zarbalar oʻtkazib yubordi, lekin bu jiddiy muammo tugʻdirmadi. Ikkinchi raund ham shu ruhda boshlandi: Bivol masofa saqladi, Artur esa yaqinlashishga harakat qildi. Dmitriy kuchsiz zarbalar seriyasini yoʻllashdan tortinmadi — bu borada u Beterbievdan oʻzib ketdi, Artur esa pressingni davom ettirdi va uning zarbalari nisbatan xavfliroq koʻrinish oldi.
Uchinchi raund boshida Beterbiev yanada shiddat bilan oldinga oʻtdi. Bivol raqibini chap qoʻl jeb zarbasi bilan kutib olishga urindi, ammo bunday bosim tufayli davomli zarbalar yoʻllash qiyin edi. Shunga qaramay, Dmitriy yaxshigina qarshi hujumlar uyushtirdi, uch daqiqalik yakunida esa raqiblar yana savalashib ketishdi — bu safar Bivol tavakkal qilmadi va klinchga kirdi. Dmitriy toʻrtinchi raundda ring boʻylab koʻproq harakat qila boshladi — raqibi esa rejadan ogʻishmadi va shunchaki zarbalar bilan oldinga tashlandi, bu zarbalar koʻpincha metin himoyadan oʻtmadi. Soʻnggi soniyalarda Beterbievning javobsiz qolgan bir necha zarbalari tufayli raund unga yozildi.

Jangning uchdan bir qismi ortda qolganida hakamlarning kartochkalarida istalgan raqamlar boʻlgan boʻlishi mumkin, ammo bu oraliq uchun eng munosib hisobni 2-2 deyish toʻgʻriroq boʻlardi. Beshinchi raundda Beterbiev Dmitriyning gavdasiga ketma-ket zarbalar yoʻlladi va Dmitriy uning zarbalari kuchini chinakamiga his qildi. Oltinchi raundda Artur raqibining korpusini sinovdan oʻtkazishda davom etdi. Bivol esa biroz faromush va sust koʻrindi — u juda kam ishladi va oʻziga xos boʻlmagan darajada juda koʻp zarba oʻtkazib yubordi.
Ettinchi raundda Beterbiev tempni pasaytirdi, Bivol esa, aksincha, uygʻondi va davomli zarbalar berishga kirishdi. Gong chalinishiga bir daqiqacha vaqt qolganida Bivol yanada faolroq ishlay boshladi va bir necha ogʻir zarbalarni manziliga etkazdi, ammo Beterbiev ham oʻziga kelib, faollashdi hamda raund oxirini oʻziniki qildi. Sakkizinchi raund davomida Artur Bivolni ta'qib qilib yurdi va faqat raund oxirida Dmitriy chinakamiga mushtlashdi.
Beterbiev toʻqqizinchi raundda pressingni biroz susaytirdi va Bivolga ishlashga imkon berdi. Shu bilan birga, Dmitriy jangni biroz soddalashtirdi yoki shunchaki Beterbievning qoidasi boʻyicha harakatlanishni istamadi. Oʻninchi raundda Beterbiev tashabbusni oʻz qoʻliga olib, keskin zarbalar bilan bosim uyushtirdi, Dmitriy esa masofa saqlashga harakat qildi, ammo juda kam zarba berdi. Bunday zarbalardan birida mushtini Beterbievning boshiga aniq tekkizdi, ammo bu raqibni muvozanatdan chiqara olmadi.
11-raundda Bivol faollik qoʻshib, Beterbievga aniq zarbalar berishga qoʻymadi, oʻzi esa Arturni tuzoqqa tushirish uchun payt poyladi. Ammo raund oxirida Beterbiev ham faollashdi va zarbalar soni boʻyicha ham, sifati boʻyicha ham oldinga chiqib ketdi. Yakuniy raundda Artur faqat bir maqsadda — jangni nokaut bilan yakunlash uchun oldinga tashlandi. Dmitriy oʻz uslubida harakatlanishda davom etdi — u Beterbievning koʻzini ochirmaslikka harakat qildi, ammo Arturning zarbalari kuchliroq koʻrinardi. Raund oxiriga 10 soniya qolganida Beterbiev Dmitriyning boshiga orqadan bir necha zarba berdi, ammo gong chalinib qoldi — jang toʻliq 36 daqiqa davom etdi.

Hakamlar qaysi bokschiga koʻproq raund berganini aytib boʻlmasdi — jang juda tartibsiz kechdi: tashabbus goh u tomonga, goh bu tomonga oʻtib turdi. Faqat bir narsa aniq edi Artur Beterbiev 20 nokautdan iborat seriyasini davom ettira olmadi — bu esa revanshning dolzarbligini oshiradi. Hakamlarning kartochkalarida esa quyidagi raqamlar aks etgandi: 114:114, 115:113, 116:112 — hakamlardan ikki nafari Artur Beterbievning gʻalabasini qayd etishgandi.
Jangdan keyingi reaktsiyalar
Va bu qarorga reaktsiya bir xilda emasdi. Ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar boksdagi sharmandalik va saudiyalik shayxlarning pullari haqida yozishmoqda, ayrim taniqli shaxslar esa bunday natijadan kulishmoqda. Masalan, shu turnirda jang qilishi kerak boʻlgan Shakur Stivenson Beterbievning gʻalabasi qayd etilgan hakamlar kartochkasiga kulgan emodzi bilan javob qildi, keyin esa qoʻshib qoʻydi: «Boks dahshatli».
Rayan Garsiya aniq qilib aytdi: «Menimcha, bu talonchilik».

Toni Bellyu 116–112 hisobini — sharmandalik deb atagan: «Ajoyib jang, toʻgʻrisini aytsam, u boshqacha yakunlanishi ham mumkin edi. Ammo 116-112 — bu sharmandalik. Bokschilardan hech biri toʻrt raund farqi bilan ustun kelgani yoʻq. Bu meni gʻazablantiradi. Ammo Artur Beterbievga balli, u haqiqiy jangchi».
116-112 hisobi chindan ham ortiqcha boʻlishi mumkin, qolaversa, statistikaga koʻra bokschilar teng jang koʻrsatishgan. Compubox ma'lumotiga koʻra, Bivol hatto raqib tanasiga etib borgan zarbalar soni boʻyicha Beterbievdan ustun kelgan. Dmitriyning 142 zarbasi tekkan, zarbalar aniqligi 33,6 foiz. Beterbiev 137 zarbasini tekkizgan (20,1 foiz aniqlik). Zarbalar kuchi boʻyicha biroz ustunlik Arturda — 90 ga 84.

Shu bilan birga, Beterbiev jami 682 bor zarba yoʻllagan — Bivolnikidan 259 taga koʻp. Ha, ularning koʻp qismi blokdan qaytgan, ammo baribir bu hakamlar qaroriga ta'sir koʻrsatgan. Bivolning oʻzi ham raqibning kuchi haqidagi savolga javoban buni bilvosita tasdiqladi: «Uning zarbalari kuchini his etdimmi? Albatta. Yuzimdan koʻrishingiz mumkin. Va bu koʻkarish oʻzimning qoʻlimdan — men himoyalandim, u himoyamga zarba berdi. U qanday zarba berganini tasavvur qilishingiz mumkin».

Blokka kelgan zarbalar ham Bivolga muammo tugʻdirdi, ammo koʻproq muammo Beterbievning doimiy pressingi tufayli boʻldi, buning evaziga u Bivolni muntazam ravishda himoyalanishga majbur qilib, ustunlikni zarbalarga aylantirdi.
Buning sababini Bivolning uslubiga ham bogʻlash mumkin. U koʻproq zarba tekkizganiga qaramay, ularning aksari — jeblar edi. Bu Dmitriy qanday boks tushishidan kelib chiqadi. Uning ringdagi vazifasi — ustunlik qilish. Uslubi raqibga koʻproq teginishga qaratilgan. Beterbiev esa tajovuzkorroq uslubda ishlaydi, uning aniq zarbalari yiqitishga qaratilgan. Bu esa hakamlar qaroriga ta'sir koʻrsatadi. Masalan, Bivol ikki uch-zarba yoʻllaydi, keyin esa zarbalar yomgʻiri ostida kanatga qisilib oladi (bu zarbalarning koʻp qismi blokda toʻxtasa ham). Aftidan, hakamlar bunday epizodlarni Beterbievga berishgan.
O'zbekiston yangiliklari Yengilmas bokschilar Jang taqdiri Hakamlar qarori Beterbiyev Bivol Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar