«Manchester Siti» klubi va Ispaniya milliy jamoasi yetakchisi va bugungi kun futbolining eng kuchli tayanch yarimhimoyachilaridan biri — Rodri «The Player's Tribune» nashriga intervyu berib, o‘zining maydondagi va hayotdagi «olami» haqida gapirib berdi.
«Men doim jamoadoshlarimga inglizcha emas, amerikancha gaplashishimni aytaman. Ular ustimdan kulishni yaxshi ko‘rishadi. Doim shunday. Odatda, kiyadigan ust-boshimni deb masxara qiladilar. Lekin ko‘pincha hazillar mening gapirish tarzim haqida bo‘ladi. Boisi, men tilni London yoki Manchesterda o‘rganmaganman. Men ingliz tilini Konnektikutda o‘rganganman — amerikan lahjasida gaplashaman.
Ko‘rib turganingizdek, oilamda ta’lim juda muhim masala edi va otam doim mening Amerika maktabida bir yil bo‘lsa ham o‘qib qaytishimni istardi. Lekin mening futbolchi bo‘lish orzum bunga yo‘l qo‘ymagan. Shuning uchun, 14 yoshligimda yozgi ta’til vaqtida Konnektikutdagi yog‘ochdan qurilgan lagerlardan biriga borganman va ingliz tilini o‘sha yerda o‘rganganman. Hatto shtat nomi ham madridlik kichik bolakayga kulgili tuyulardi.
Lekin yetib borganimda xuddi Hollivud kinolaridan birining ichiga tushib qolgandek his qilganman. Kinolarda ko‘ramizku: bolalar yozgi lager uchun ko‘l bo‘yidagi yam-yashil joyga borishadi, kanoelarda ko‘l bo‘ylab suzishadi, daraxtlarga tirmashib chiqishadi, chaylalarda uxlaydilar va payraxalar bilan olov yoqishadi… Men borgan joy rostdan ham shunday edi. Gulxan atrofida marshmellou va biskvitlar yerdik. Shokolad berishardi. Buni so‘z bilan tasvirlab berish qiyin edi. Telefon yo‘q, Wi-Fi yo‘q, men begona yurtda yangi do‘stlar orttirishim kerak edi. «Salom, men — Rodrigoman, Madriddan», derdim o‘zimning arang suhbat quradigan ingliz tilim bilan. Bolalar mening ustimdan kulishardi. «Xo‘p, yigitlar, qachon futbol o‘ynaymiz», derdim. Ular esa «Ha, kechroq futbol o‘ynaymiz, teridan to‘p yasab, bir-birimizga uloqtiramiz, NFLdagidek». Men esa hayron qolardim. «Yigitlar, men futbol (soccer) o‘ynamoqchiman», desam, ular buni rad etishardi.
Aksiga olib, u yerga 2010 yilgi jahon chempionati boshlanganida borgandim. Internet yo‘qligi sababli hech narsadan xabarsizligimdan siqilardim. Lekin lagerimizning asosiy xonasida kompyuter bo‘lardi va konsulimizdan har uchrashuvdan so‘ng natijalarni ko‘rib berishini iltimos qilardim. Ispaniya birinchi uchrashuvda Shveysariyaga yutkazib qo‘ygandi, eslasangiz. Ular menga buni aytishganda ustimdan kulishyapti, deb o‘ylaganman. «Shveysariyaga? Aminmisiz? To‘g‘ri qidirdingizmi o‘zi?» Vaqt o‘taverdi, Ispaniya esa yaxshiroq o‘ynashda davom etdi. Pley-off — ular hamon g‘alaba qozonmoqda. Germaniyaga qarshi yarimfinal vaqtida guruh bilan kanoe sayohatiga chiqqandik va tyutorimdan har daqiqada hisobni ko‘rib berishini so‘rab turardim. Vanihoyat, lagerga qaytganimizda menga kimdir Ispaniya finalga chiqqanini aytdi. Men hech qachon uyimdan bu qadar uzoqda turib, o‘zimni uydagidek his qilmagandim. Hissiyotimni tasavvur qilyapsizmi?!
Final uchun lager konsuliga kompyuteridan o‘yinni ko‘rish uchun yalinganim esimda. U rozi bo‘lgandi va 10 dyumlik ekranli noutbukida ko‘rganman. Menga farqi yo‘q edi, nimada bo‘lsa ham, uchrashuvni ko‘rsam bo‘ldi edi. Men o‘shanda qanday qilib buni uddalaganimizni bilmayman. Balki, o‘shanda qandaydir qaroqchi sayt orqali uchrashuvni tomosha qilgandirman, lekin atrofim to‘la befarq amerikaliklar bilan finalni cheksiz hayajon ichida tomosha qilganim hanuz yodimda. Iniyesta gol urgach, men qichqirib ko‘l bo‘ylab, «Yashasin Ispaniya», deb yugurgandim. Amerikaliklar boshlarini sarak-sarak qilishar, meni aqldan ozgan, deb o‘ylashardi.
«Bu ispaniyalik bola shu futbolga yig‘layaptimi?» deb menga hayrat ichra qarab turishardi. Ular bu men uchun qanday ahamiyatga ega ekanini tushunmaganlar.
Butun umrim davomida mana shu ikki dunyo: futbol va haqiqiy olam o‘rtasida yashadim. Ba’zida bolalar mening o‘ta oddiyligim ustidan kulishardi. Lekin siz onamdan so‘rab ko‘rsangiz, mening oddiylikdan qanchalar yiroq bola ekanimni aytib beradi. Futbol masalasida men giyohvanddekman. Agar oddiyligim ijtimoiy tarmoq yoki qandaydir 400 funtlik shalvorlarga qiziqmasligimni anglatsa, ha, shundayman. Bolaligimdan hissiyotlar ortidan quvadigan odam bo‘lganman. Men futbolchi bo‘lishni «Ferrari» minib yurish uchun xohlamaganman. Mening qahramonlarim maydonda meni tirilishga majbur qilgani uchun uni sevganman. 5 yoshimdan beri mahallamizdagi maydonda futbol o‘ynaganlarimizni eslayman. Kechgacha o‘sha yerda futbol o‘ynardik, keyin esa qo‘shnilar bilan birga kechki ovqat qilardik. 10 yoshlarimda o‘sha maydonchada futbol o‘ynasag-u, men yaxshi harakat qila olmasam, kun bo‘yi ota-onamga gapirmay yurardim. O‘zimdan qattiq xafa bo‘lardim. Onam menga qarab, «bunga nima balo bo‘ldi? Bor-yo‘g‘i o‘yin-ku», deb o‘ylagan bo‘lsa kerak.
Lekin futbol men uchun doridek bir narsa edi. Shuning uchun, ota-onam bilan kelishib olgandik. Ochig‘i, bu borada bevosita qandaydir suhbat bo‘lganmi yoki yo‘q — eslolmayman. Biroq, bu xuddi o‘zaro anglashilgan narsadek edi: agar men futbolchi bo‘lishni istasam, universitetga ham kirishim kerak edi. Shuning uchun 17 yoshligimda Madriddan Vilyarrealga ko‘chib o‘tganman va futbol bilan bir qatorda o‘sha yerdagi «Haume I» universitetida tahsil ola boshlaganman. Esimda, birinchi o‘quv yilida «Vilyarreal» akademiyasi yotoqxonasida yashab, o‘qishga ham o‘sha yerdan qatnardim. Keyingi yil esa 18 yoshga kirdim va men akademiyada qolish uchun «qarib qoldim». Onam menga universitet yotoqxonasiga ko‘chib o‘tishni taklif qildi. Men xo‘p dedim va o‘sha yerda yashay boshladim.
Menimcha, bu Britaniyadagi yotoqxonalarga juda o‘xshash: barcha uchun bitta umumiy kir yuvish xonasi, cho‘milish xonalari, kafeteriya va koridor bo‘ylab ko‘plab eshiklar. Hamma bir-biriga qo‘shni, sizning o‘z yog‘och divaningiz, yog‘och stolingiz bor. Menda televizor yoki PlayStation yo‘q edi, faqat noutbukim. Tongda «Vilyarreal» mashg‘ulotlariga, kunning ikkinchi yarmida universitetga va tunda… Albatta, bu yoshlarga to‘la universitet yotoqxonasi edi. Har juma oqshomida qaysidir xonada o‘nlab yigit-qizlar yig‘ilib, o‘yin-kulgi boshlab, keyin esa klubga ketishardi. Men ham yotoqxonadagi yig‘in boshlanishiga o‘zimning gazli suvimni ko‘tarib kirib borardim, ular men futbolchi ekanimni ham bilmas edi. Bir nechta pivo butilkalarini bo‘shatgach, ular klubga yo‘l olar, men esa sezdirmay g‘oyib bo‘lib qolardim. Bir kuni yigitlardan biri, «nega sen hech qachon biz bilan aylangani chiqmaysan. Bu qanaqasi, og‘ayni», deb qoldi. Men esa unga futbolchi ekanim va tongda mashg‘ulotim borligini aytgandim. Ular menga ishonmagan va sudrayverib hol-u jonimga qo‘ymagan.
O‘sha vaqtlarda hali ham ikkinchi jamoa bilan shug‘ullanardim. Hech kim edim, mashinam ham bo‘lmagan. «Vilyarreal» mashg‘ulot bazasiga mashinada 15 daqiqada yetib borsa bo‘lardi, biroq har kuni taksiga to‘lash uchun pulim yetmasdi. Men velosipedimda tramvay stansiyasigacha borib, uni tramvayga olib chiqib, undan tushgach ham yana pedallarni tez-tez bosgancha baza tomon otilardim. Vanihoyat, men haydovchilik guvohnomamni oldim va otamga qo‘ng‘iroq qildim: «Menda 3000 yevro pul bor, qarangchi, menbop birorta mashina topilib qolarmikan». Bir necha kundan keyin u menga qo‘ng‘iroq qildi: «Men bir mashina topdim. Bir keksa ayol o‘z ulovini sotmoqchi ekan. 4000 yevro so‘rayapti, lekin mashinada kompyuter (monitor nazarda tutilmoqda) bor ekan». Men uchun bunday pulga «kompyuterli» mashina xarid qilish ajoyib kelishuvdek tuyuldi. U menga mashinani olib kelib bergan, bu «Opel Corsa» edi. Mashinaga o‘tiriboq ekranni titkilashni boshlaganman, ekranga bir teginish orqali radioni yoqish mumkin edi. Menga rosa yoqqandi. Men har kuni shu mashinada mashg‘ulotlarga borardim. Do‘stlarim ustimdan kular edi, lekin menga buning ahamiyati yo‘q: menga mashina yoqqandi.
Keyingi yil La Ligadagi ilk uchrashuvimni o‘tkazdim va kursdoshlarim aqldan ozay deyishgandi, nazarimda. Ular menga aytib berishgandi: «Futbolni ko‘rib o‘tirsam, pastki qavatdagi yigit ekranda paydo bo‘ldi. 6-raqam pozitsiyasida o‘ynayotgan futbolchi biz bilan hisoblash kursida o‘qiydigan bola edi». Ular bunga ishonishmasdi. «Bu rostdan ham o‘sha futbolchimi? Google'dan qidirib ko‘rchi?! Yo‘q, bu ikkisi bitta Rodrigo bo‘lishi mumkin emas, bunday ismlilar juda ko‘p». Keyin esa men ko‘proq uchrashuvlarda maydonga tusha boshladim va kursdoshlarim menga «hoy, sen kecha «Barselona»ga qarshi o‘ynagan eding-ku, darsda nima qilyapsan?» deyishardi. Ispaniyada biz Angliyada o‘ynaladigan Fantasy Football'ga o‘xshaydigan Comunio nomli o‘yin o‘ynaymiz: futbolchilarni sotib olasan va menejer sifatida jamoani boshqarasan. Shanba oqshomida yotoqxonaga kelsam, ba’zi yigitlar menga: «Bu nimasi, og‘ayni, menga atigi 3 ochko berding, xolos», derdi. Men esa kulib qo‘yardim.
O‘sha davrlar hayotimning eng quvnoq davrlari edi. Bilmadim qanday, lekin universitetga qaytsam, miyam xuddi boshqa dunyo, aniqrog‘i haqiqiy olamga qaytgandek his qilardi. U yer mendan futbol dastlabki yillarda beradigan bosimni ko‘tarib turardi. Men ayolimni ham o‘sha yerda uchratganman. U doktorlik uchun o‘qirdi. Senga bir gap aytaymi, unga mening futbolimning umuman qizig‘i yo‘q edi. U «Selta»dagi durang haqida eshitishni umuman xohlamasdi.
O‘qituvchilarim ko‘z oldida men shunchaki bittasi edim. Ispaniyada universitet bu — universitet. U yerga bordingmi, ishlashing kerak. Shunday ekan, kichik xonamda noutbukim bilan o‘tirar ekanman, qilayotgan ishimga shu qadar berilib ketardimki, butun olam haqida unutardim. Bir kuni imtihonga tayyorlanayotgandim, telefonim ovozsiz rejimda edi. Ancha vaqtdan so‘ng, tanaffus olish uchun telefonimga qarasam, 20 ta SMS, 50 ta WhatsApp qo‘ng‘irog‘i, 10 taga yaqin o‘tkazib yuborilgan qo‘ng‘iroqlar. Nima bo‘ldi, kimdir o‘ldimi, deb o‘ylaganman. Jamoadoshim qo‘ng‘iroq qildi — go‘shakni ko‘tardim:
— Rodri, qayerdasan?
— Qayerda bo‘lardim, shu yerda. Universitetda.
— Murabbiy seni izlayapti. Hamma seni qidirish bilan ovora.
— Nimalar deyapsan?
— «Valensiya» bilan o‘yinimiz bor. Hammamiz avtobusdamiz.
— Qo‘ysangchi, og‘ayni, «Valensiya» bilan o‘yin ertaga…
E, Xudo, yo‘q. Maktab vaqtida imtihon yodingizdan chiqib qoladi va u yerga borganingizdan so‘ng barchasi yodingizga tushadi-ku. Menda xuddi shunday bo‘ldi. Faqat imtihondamas, La Liga bahsi avvalidan. «Yaxshi, avtobus ketaversin, men sizlarga mehmonxonada qo‘shilaman», deb aytdim. Men shu qadar tezlikda kiyimimni kiyib, mashinamga otildimki, yo‘lda ham «Opel»imni Jeyms Bonddek haydadim. Valensiyadagi mehmonxonagacha 1 soatlik yo‘l edi va men yetib borganda jamoaviy yig‘ilish o‘tkazilayotgan edi. Men «uyga vazifamni it yeb qo‘ydi», deb bahona qiladigan maktab bolasi holatida edim. Va bilasanmi, bu bahonam futbolga o‘tmadi. O‘sha kuni dabdalam chiqqandi. Lekin bu menga dars bo‘ldi va ikkala olamim o‘rtasidagi muvozanatni yaxshiroq ushlashim kerakligini anglab yetdim. Sayohatim davomidagi har bir xatomdan nimalarnidir o‘rganib kelyapman. «Vilyarreal»da professionallikni o‘rgandim. Futbolchidan professionalga aylandim.
«Atletiko»da bir mavsum o‘ynash uchun uyga qaytganimda raqobatbardoshlik ham juda muhimligini angladim. «Vilyarreal»da to‘p bilan yaxshi o‘ynardim, lekin juda ham yengil edim. Simeone qo‘l ostida «yomon bola» bo‘lishni o‘rgandim. Maydonda biroz qing‘ir ishlarni ham qilishga to‘g‘ri kelishini angladim — rosmana podkat tashlash nimaligini tushundim. 90 daqiqa davomida raqiblarning jahlini chiqarishga harakat qildim. Bu ham katta futbolchiga aylanishimdagi muhim bir davr, kerakli unsur bo‘ldi.
Keyingi mavsumda «Siti»ga o‘tdim va bu men uchun orzu edi. U yerga borishdan avval Buskets bilan gaplashdim. U menga: «Pepmi? U seni yaxshiroq futbolchiga aylantiradi. Lekin seni tinch qo‘ymaydi. Uning qo‘l ostida hech qachon o‘zingni rivojlantirishdan to‘xtamaysan». Serxio Gvardiola qo‘l ostida menikiga o‘xshash vazifani bajargan va ulkan yutuqlarga erishgandi va men uning so‘zlariga ishondim. U haq edi. Pepning qolganlardan farq qilib turuvchi jihati doim bir qadam oldindaligida. U doim atrofidagi o‘yinni rivojlantirishdan oldin o‘zini o‘stirishga harakat qiladi. U o‘tgan mavsumda ishlatgan uslubi bilan qolib ketishni yoqtirmaydi, biz doim yakuniga yetgan mavsumni tahlil qilib chiqib, yangiliklar ustida ishlaymiz. Siz bir joyda qotib turib, ketma-ket 4 marta APLda g‘olib bo‘la olmaysiz. O‘zingizni qayta kashf qilasiz, yoki o‘lasiz. Men Pep haqida gapirayotganimda barchasini qo‘llarim bilan ko‘rsatib berishim kerak. Menga bitta stol va qandaydir buyumlar, masalan, kofe idishlari kerak bo‘ladi va men ularni xuddi shaxmat stoli ustida donalarni joylashtirgandek harakatlantirib, sizga gapimni Pep uslubida tushuntirib bera olaman: «sen u yerga, u esa mana bu yerga boradi, narigi esa mana bu yerda bo‘ladi va bang — gol».
Mening rivojlanishimda Pep navbatdagi muhim unsurni qo‘shdi — men u bilan maydonni boshqacha ko‘ra boshladim. Men o‘yinni his qila boshladim: qachon bo‘shliqlarga tomon yurish kerak, qachon kurashga kirishish kerak. Qachon bosim qilish, qachon yengilroq harakatlanish… Uning ishonchi men uchun muhim edi. Chunki 2019 yilda bu yerga kelganimda kiyim almashtirish xonasiga Aguero, Fernandinio, David Silva, Kevin De Bryuyne kabi afsonalar bilan kirib borardim. 12 yoshligimda Aguero «Atletiko»da o‘ynardi va uning mashg‘ulotlarini tomosha qilgani borardim. U mening qahramonlarimdan biri edi. Keyin esa u bilan yonma-yon o‘tirdim. Buni tasavvur qila olasizmi?
Aguero va Otamendi doim mening ustimdan kulishardi. Faqat kiyadigan liboslarim uchun emas, har safar avtobusga chiqqach qallig‘im bilan FaceTime orqali gaplashganim uchun. U doktor, men futbolchi bo‘lganimdan keyin, bizda bir-birimizdan uzoqda bo‘lmaslik va FaceTime orqali gaplashishdan boshqa yechim bormi? Yo‘q. albatta. Yutamizmi-yutqazamizmi, baribir, unga qo‘ng‘iroq qilardim. Yutsak-ku, hamma bayram qilib men bilan ishi bo‘lmasdi. Lekin yutqazganimizdan keyin ham u bilan odatdagidek gaplashaverardim. Qallig‘im bilan gaplashganda men universitetdagi o‘sha Rodrigoga aylanib qolaman. O‘sha vaqtda hammaning boshi egilgan, hamma jim bo‘ladi, men esa doimgidek baland ovozda: «Ha, ochig‘i, bugun rasvo o‘ynadik. Ha-ha, durang o‘ynab qo‘ydik. Ha, asabim buzilib turibdi. Mayli, bularni qo‘y, o‘zing qalaysan?...» Bir necha marta Aguero va Otamendi meni chetga tortib: «Seni Pep eshitadi. Bunday paytda bunaqa ovozda telefonda gaplashib bo‘lmaydi», deb aytishgandi. Men esa: «Ha, qalaysan, bugun yutdik. Lekin men baribir o‘ynolmadim. Neftlix ko‘ryapman, deysanmi? Nima yeyapsan?»… Yigitlar mendan telefonni olib qo‘yishga harakat qilishardi: «Rodri senga telefon qilib yuboradi. U ketishi kerak. Rodri, telefonni qo‘y». Men esa pinagimni buzmay, u bilan gaplashaverardim.
Maydondan chiqar ekanman, doim oyoqlarim yerdaligiga ishonch hosil qilishga harakat qilaman. Odamlar bu odatimni ba’zida noto‘g‘ri talqin qilishlarini bilaman. Albatta, futbolchilar atrofida juda ko‘plab marketing va media ishlaydi. Biroq men hech qachon ular uchun o‘zimni ko‘rsata olmayman, sun’iylik qo‘limdan kelmaydi. Bir gal fotosessiyada qatnashdim va fotograf mendan kitob bilan rasmga tushishni so‘radi. Ertasigayoq universitetdagi do‘stlarimdan: «Qo‘ysangchi, og‘ayni, sen kitob o‘qishni yoqtirmaysan-ku», degan gaplarni eshitdim. Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rgan hamma narsangizga ham ishonavermang, real hayot umuman boshqacha.
So‘nggi yillarda «Siti» bilan bizga ancha omad kulib boqyapti. Lekin g‘alabalar paytida sen shunchaki hayotdan zavq olasan. Qachonki, mag‘lubiyatga uchray boshlasang, rosmanasiga muvaffaqiyatsizlikka uchrasang, o‘shanda o‘sasan. 2021 yildagi «Chelsi»ga qarshi Chempionlar Ligasi finalidan so‘ng, oila a’zolari uchun ajratilgan kichik hududga o‘tdim va ota-onam va aka-ukalarimni ko‘rib, bir og‘iz ham gapirolmay qoldim. Bu xuddi o‘sha 10 yoshligimda uyimiz oshxonasida onamga bir og‘iz gap aytmay o‘tirgan paytga o‘xshardi. O‘shanda o‘zimga: «Men buni ortiq his qilishni xohlamayman. Men yaxshiroq ishlashni va bundanda kuchliroq bo‘lish yo‘lini topishim kerak».
Hozir chempion bo‘lib, dunyo tepasiga chiqqan kunimizdan beri mendan hech kim o‘sha 2021 yilgi final haqida so‘ramaydi. Lekin, menimcha, bu hayotimdagi eng muhimlaridan biri. Har bir muvaffaqiyatli lahza ortida hayotdagi qandaydir muvaffaqiyatsizlik yoxud qiyinchilik turadi. 2023 yilgi finalda gol urganimda ham bu hech qanday hisob-kitob qilingan narsa emasdi. Barchasi o‘sha 20 yil avval men uyimiz yonidagi bog‘da o‘ynab yurgan kezlarimdan beri men bilan birga bo‘lgan hissiyot natijasi edi. Agar Bernardu ichkariga to‘p uzatgan vaziyatni ko‘rsangiz, meni topa olmaysiz. Chunki men ancha orqada edim, menga to‘p kelishining imkoni yo‘q edi. Lekin qandaydir ichki hissiyot sabab ixtiyorsiz ravishda ichkariga bir qadam qo‘ydim. Lekin 100 dan 99 holatda Bernardu to‘pni bu yerga uzatmasdi. «Mana shu o‘sha birgina lahza bo‘lishi mumkin», dedim o‘zimga. Oldinga yurdim va to‘p meni topdi. Bir qadam orqaroqda bo‘lsam ham kechikardim. Vanihoyat, to‘p men tomon sakrab kela boshladi va miyamda millisoniyalar ichida ming o‘y aylandi: «U kelyapti. Nima qilaman? Qattiq tep — bomba. Shoshma, bu axir uchrashuvdagi birgina imkoniyating bo‘lishi mumkin. Faqat aniq tep. Sen bog‘da o‘ynayapsan. To‘rga tashlab qo‘y. U keldi, tep». Bularning bari — oniy chaqmoq uzra kechgan xayollar. Goldan so‘ng muxlislarimiz tomon tizzada sirpanib bordim va o‘yladim: «20 daqiqa, yana 20 daqiqa bor, jin ursin»…
Bu 6-raqam pozitsiyasidagi futbolchining o‘y-fikrlari. Biz o‘sha 20 daqiqa mobaynida rosmanasiga qiynaldik va hushtak chalindi. Bu men umr bo‘yi izlagan hissiyotlar edi. Bu mening gol urganim bilan aloqador hislar emas. Barchasi 90 daqiqa jamoam bilan qiyinchilikka uchrab, yakunda g‘alaba qozonganimizdan edi. Bu meni Manchesterdagi birinchi kunimdan qo‘llab kelgan muxlislarga trebl sovg‘a qilish quvonchi edi. Bu «Siti» sharflarini taqib olgan bolakaylar yuzlarida ko‘rgan tabassumlarim uchun edi. Oilamni quchib hayqirgan so‘zlarim uchun edi: «Biz bu la’natini yutdik».
Bu — dori. Sen shuning uchun futbol o‘ynaysan.
Yevroda ham xuddi shunday bo‘ldi. Bu xuddi shoirona qahramonlik asariga o‘xshaydi. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limni maydon tashqarisidan tomosha qilganim uchun ham shunday his qilganman. Bir necha lahzaga nazoratni qo‘ldan chiqardim. Men turnir avvalidan o‘zimga yetakchilikni qo‘lga olishim kerakligini aytgandim. Men kiyim almashtirish xonasidagi eng yoshi katta futbolchi emasdim, lekin bizda dahshatli darajada yosh bo‘lgan bir necha futbolchilar bor edi. Ularga maydondagi bosim borasida yordam berishni xohlagandim. Niko va Lamin ushbu yozda erishgan yutuqlari haqida o‘ylasam, ular uchun juda ham xursand bo‘laman. 17, 22 yoshda mana bunday katta turnirda, seni butun vataning tomosha qilayotganini bilib turgan holatda o‘ynashni aqlbovar qilmaydi. Ularning yoshida men qanday yashaganimni bilsalar, esdan og‘ib qolsalar kerak.
2-bo‘limda maydon tashqarisida o‘tirishimni soatiga 200 kilometr tezlikda harakatlanayotgan mashinaning ichida bo‘la turib, uning boshqaruvida bo‘lmagan odamning holatiga o‘xshatishim mumkin. 85-daqiqada gol urganimizda Mikel Oyarsabal tarafga shunday tezlikda yugurdimki, birinchi bo‘lim davomida maydonda ham bunday yugurmagan bo‘lsam kerak. O‘z vataning uchun yutish — boshqacha hissiyot. Men xuddi o‘sha uyimiz oldidagi bog‘da o‘ynab yurgan bolaga qaytib qolgandek bo‘ldim. Konnektikutdagi lagerda jahon kubogini yutganimizda ko‘l bo‘ylab yig‘lab yugurgan Rodrigoga aylandim. Siz nafaqat qaysidir shahar, balki butun bir mamlakatni baxtiyor etganingizni his qilasiz. Ko‘plab odamlar, ko‘plab avlodlarni xushnud etganingizni tuyasiz. Yangidan yangi bolalar mana shu hisni tuyishlariga sababchi bo‘lasiz. Men kabi nechtasi Lamin Fransiyaga yoki Mikel Angliyaga gol urganda ko‘chalarda qichqirgancha yugurgandir. Minglarcha. Millionlarcha: «Yashasin, Ispaniya!»
Men bu hisni bilaman. Sof baxt. Yer yuzidagi barcha kitoblar, hisob-kitoblar va buxgalterlik kurslariga hurmat saqlagan holda aytamanki, dunyoda bu hisni taqdim eta oladigan birgina narsa bor. Bu — futbol. Yaratganga futbol uchun shukrlar bo‘lsin»
Abdulbasit Valixonov tarjimasi
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?