16:14 / 27.10.2024
261

Shomurodov bilan yuzaga kelgan vaziyat hammaning e’tiborini tortdi

Shomurodov bilan yuzaga kelgan vaziyat hammaning e’tiborini tortdi
“Roma” Yevropa ligasi umumiy bosqichining uchinchi turiga kelib, nihoyat xalqaro miqyosdagi ilk g‘alabasini nishonladi.

UYEFAning nufuzli musobaqasida Ispaniyaning “Atletik” klubi bilan durang o‘ynab, Shvetsiyada “Elfsborg”dan mag‘lubiyatga uchragan Ivan Yurich shogirdlari bu gal “Olimpiko”da Kiyevning “Dinamo” jamoasini mag‘lub etdi.

Uchrashuvdagi yagona golni Artyom Dovbik birinchi bo‘limda penaltidan kiritdi. Shu tariqa, Dovbik Yevropa Ligasida o‘z yurti darvozasini ishg‘ol qilgan birinchi ukrainalik futbolchi sifatida tarixga kirdi.

Dovbik ikkinchi bo‘lim boshida o‘z o‘rnini Eldor Shomurodovga bo‘shatib berdi. 29 yoshli hujumchimiz maydonga tushganidan keyin o‘ziga berilgan imkoniyatdan foydalanib qolishga urindi.

Italiyalik ekspertlar Shomurodov “dinamochilar”ga qarshi faol o‘ynagani, “Roma”ning hujum chizig‘ini kuchaytira olganini alohida e’tirof etmoqda.

Qolaversa, uchrashuvning kulminatsion nuqtasi qahramoni ham Eldor Shomurodov bo‘ldi. Legionerimiz kurash qizg‘in kechayotgan pallada jamoasining ikkinchi golini urib, g‘oliblik masalasini hal qilish uchun juda qulay vaziyatga ega bo‘ldi.

Zaxiradan maydonga tushgan Lorenso Pellegrini va Paulo Dibala juda chiroyli kombinatsiya uyushtirib, raqib himoya chizig‘ini kesib o‘tdi. Argentinalik jahon chempioni bir pas bilan Shomurodovni darvozabon qarshisiga chiqardi. Eldorning qulay holatda bergan zarbasi darvoza to‘sini yonidan o‘tib ketdi.

Eldorning kuchli darajada afsuslangani uning yuzidan va reaksiyasidan ko‘rinib turgan pallada jamoa sardori Pellegrini qilgan ish butun Italiya matbuotida keng muhokama qilinmoqda.

- Uchrashuvning eng muhim voqeasi Artyom Dovbikning goli evaziga rimliklar Yevropa ligasidagi birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritgani bo‘ldi. Biroq Pellegrinining Shomurodov gol urolmagan vaziyatda tutgan yo‘li undan ham muhim ahamiyat kasb etdi.

O‘zbekistonlik hujumchi uchrashuv oxiriga kelib, g‘oliblik masalasini hal qilishga juda yaqin keldi. Biroq yaqin masofadan deyarli bo‘sh qolgan darvozasini ishg‘ol qilolmay, gol urish uchun o‘ta qulay imkoniyatni qo‘ldan chiqargani bellashuvning eng shov-shuvli vaziyati bo‘ldi.

Shomurodov oldiga birinchi bo‘lib Lorenso Pellegrini yetib keldi va shundoq ham murakkab vaziyatni boshidan o‘tkazayotgan legioner hujumchini tinchlantirib, o‘yinni shu taqlid davom ettirishga undadi.

“Roma” sardorining murakkab vaziyatda qolgan o‘zbek hujumchisini qo‘llab-quvvatlagani “Roma”da hamon jamoaviy muhit yaxshi ekanini ko‘rsatdi va bu muxlis-u mutaxassislar e’tiboridan chetda qolmadi.

Pellegrini keyingi paytda tanqidlar ostida qolib ketayotganiga qaramay, maydonda hamon sardorlik vazifasini bajarib kelayotgani talabchan rimlik muxlislarga juda manzur bo‘ldi, - deb yozmoqda romaforever.it portali eksperti Francheska Di Nora.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov joriy mavsumda Italiya chempionati va Yevropa Ligasi turnirlarida yetti marotaba maydonga tushgan bo‘lsa-da, umumiy hisobda atigi 145 daqiqa to‘p tepdi. Hamyurtimiz bu vaqt mobaynida bitta gol urishni ham uddalagan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov bilan yuzaga kelgan vaziyat hammaning e’tiborini tortdi