21:28 / 22.11.2024
10

“Roma”: Argentinalik yulduz Shomurodovdan zo‘r emas!

“Roma”: Argentinalik yulduz Shomurodovdan zo‘r emas!
“Roma” rahbariyati jamoada katta o‘zgarishlar qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Vaziyatni o‘nglash uchun rimliklar nazdida katta hurmatga ega bo‘lgan Klaudio Raneri bosh murabbiylikka olib kelindi.

73 yoshli mutaxassis jamoani mavsum oxirigacha boshqaradi, keyin ishini boshqa hamkasbiga topshirib, o‘zi sport ishlarida klub xo‘jayinlariga maslahatchilik qiladigan bo‘ldi.

Klub xo‘jayinlarining bunday qarorga kelgani bejiz emas, albatta. “Roma” yozgi transferlar vaqtida A Seriyaning yangi o‘yinchilar uchun eng ko‘p xarajat qilgan klublaridan biri bo‘ldi. Lekin jamoaning musobaqa jadvalidagi o‘rni va o‘yin darajasi maqsadlarga mos emasligi hamda xarajatlar o‘zini oqlamayotganini ko‘rsatmoqda.

Rim klubi muxlislari katta ishtiyoq va ishonch bilan kutib olgan yangi o‘yinchilardan deyarli hech biri o‘zini ko‘rsata olmadi. Faqatgina Artyom Dovbik ayrim uchrashuvlarda gol urib, o‘zining transferi u qadar omadsiz emasligini isbotlashga urinmoqda.

Poytaxtliklarga qimmatga tushgan argentinalik Matias Sule eng omadsiz transferlardan biri sifatida tanqidlarga uchramoqda.

“Roma” faoliyatini yoritib kelayotgan romaforever.it portali eksperti Luka Mugnayoli o‘z maqolasida o‘zini oqlamagan ushbu transfer haqida yozdi.

- “Roma” yozda Matias Suleni oldi. Ko‘pchilik argentinalik hujumkor futbolchining Trigoriyaga kelishini eng yaxshi transferlardan biri sifatida baholadi. Rim klubi muxlislari Sulening mavsum qahramoniga aylanishini kutishdi.

Klub mutasaddilari esa, Matias Sule bugungi kunda “Roma”ning asosiy yulduzi hisoblangan hamyurti Paulo Dibalaga munosib o‘rinbosar ekanini ta’kidladi. Yozda Dibalani Saudiya Arabistoni klublari katta summa tikib, olib ketmoqchi bo‘lgandi. Biroq so‘nggi pallada amaldagi jahon chempioni Italiya poytaxtida qolishni ma’qul ko‘rdi va Osiyoga ko‘chib o‘tishdan bosh tortdi. Bu o‘z navbatida, “Roma” murabbiylar shtabini Sule va Dibaladan bir vaqtda foydalanish uchun yangi taktik sxemalarni topish va uni jamoa o‘yiniga singdirishga majbur qilmoqda.

Sule aslida “Yuventus”ga tegishli va o‘tgan mavsumda ijara asosida “Frozinone”da o‘ynab, o‘zini ko‘rsatdi. Rimliklar bu transfer uchun 30 million yevrodan (26+4 million yevro+bonus) voz kechdi. Bu sarmoya hali samara bergani yo‘q.

Sule A Seriyada 9 marotaba maydonga tushib, 525 daqiqa ichida bitta gol urdi xolos. Argentinalik yulduz bu gol urishda Eldor Shomurodovdan ustun emas. O‘zbek futbolchisi milliy chempionatda oltita o‘yinda jami 79 daqiqa to‘p tepib, bitta gol va yana bir bor assist qayd etdi.

Matias Sulening maoshini juda katta, deb bo‘lmaydi. U bir mavsum uchun 2 million yevro oladi. Bu summani uning maydonda o‘tkazgan 525 daqiqaga bo‘lsak, uning har daqiqa o‘yini “Roma”ga 3809 yevroga tushyapti
, - deb yozmoqda romaforever.it portali eksperti Luka Mugnayoli.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov ham o‘tgan mavsumda ijara asosida “Kalyari”da o‘ynadi. Yozda Rim klubiga qaytgan legionerimizni o‘sha paytdagi bosh murabbiy Daniele de Rossi klubda olib qolishga qaror qilgandi.

Endi 29 yoshli hujumchimiz jarohatidan qutilganidan keyin “Kalyari”da birga ishlagan Klaudio Raneri ixtiyoriga qaytadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Roma”: Argentinalik yulduz Shomurodovdan zo‘r emas!