
Katta umidlar bilan “Roma”da qolgan Eldor Shomurodov yana o‘yindan tashqari holatda qolib ketmoqda. Yozgi transferlar oynasining so‘nggi kunlarida AQSHning “Atlanta Yunayted” klubi o‘zbek futbolchisini o‘z safiga qo‘shib olish uchun biroz kechikkan edi.
Keyin Italiyaning o‘zidan bir necha jamoalar legionerimizni ijaraga olishga so‘radi. Biroq rimliklarning o‘sha davrdagi bosh murabbiyi Daniele de Rossi hujumchining mashg‘ulotlardagi harakatlarini ko‘rib, undan voz kechish fikridan qaytdi. Hatto, bosh murabbiy pozitsiyadan kelib chiqib, “Roma” Shomurodov bilan hamkorlikni yana bir yilga uzaytirmoqchi bo‘ldi.
Daniele de Rossi sekin-asta Shomurodovga o‘yin amaliyoti bera boshladi. Kutilmaganda, klub xo‘jayinlari rimlik murabbiy o‘rniga xorvatiyalik Ivan Yurichni bosh murabbiy etib tayinladi. Bu mutaxassis o‘zbek futbolchisiga yetarli e’tibor qaratmadi. Umuman olganda, uning qarashlari “Roma”ga mos tushmadi va klub xo‘jayinlari unga ikki oyda chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘ydi.
Bosh murabbiylikka Klaudio Raneri taklif etildi. Ko‘pchilik o‘tgan mavsumda “Kalyari”da Eldor Shomurodovga ustozlik qilgan tajribali murabbiy bu gal ham o‘zbek futbolchisiga imkon berishini kutgandi.
Amalda bunday bo‘lmadi. Raneri “Kalyari”ni yuqori divizionda olib qolishga ko‘maklashgan Shomurodovga “Roma”da imkon berishga shoshilmayapti. So‘nggi uchta uchrashuvda 73 yoshli mutaxassis hamyurtimizni bir daqiqa ham o‘ynatmadi.
Italiya futbolini yoritayotgan manbalar poytaxt klubi rahbariyati Eldor Shomurodov bo‘yicha bir qarorga kelganini yozmoqda.
- Eldor Shomurodov navbatdagi safar uchun narsalarini yig‘ishtirishiga va “Roma” bilan xayrlashishiga to‘g‘ri kelmoqda. Aslida o‘zbek futbolchisi poytaxtni avgust oyida tark etishi kutilgandi.
Biroq, ma’lum sabablarga ko‘ra, uning transferi amalga oshmay qoldi. “Roma” rahbariyati yanvar oyida hujumchini boshqa klubga o‘tkazib yuborishga qaror qilgan. Ayni paytda Shomurodov o‘rniga boshqa markaziy hujumchi qidirilmoqda, - deb yozdi tuttocagliari.net portali.
Qishki transferlar oynasi ochilishi arafasida 29 yoshli hujumchimizga ikki jamoadan qiziqish bo‘layotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. A Seriya debyutanti “Komo” yuqori diviziondagi joyini saqlab qolish uchun kurashda Italiya futboliga moslashgan, lekin o‘z jamoasida o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan Eldor Shomurodov yordamiga tayanishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumotlar chiqdi.
Bundan tashqari, V Seriyada o‘ynayotgan “Salernitana” yuqori divizionda bu jamoa darvozasiga gol urishni odat qilgan Eldor Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib olishga qiziqyapti. Biroq ayrim mutaxassislar O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori quyi liga klubiga o‘tishga ko‘nmasligini ta’kidlayapti.
Bundan kelib chiqadiki, “Roma” mavsumning ikkinchi qismida ham Eldor Shomurodovga ishonch bildirmasligini ma’lum qilganidan keyin boshqa jamoalar hech bo‘lmaganda o‘zbek legionerini yozgacha ijaraga olish uchun harakat qiladi. Demak, hali Shomurodov atrofida transferga bog‘liq xabarlar yanada ko‘payadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Shomurodov joriy mavsum “Roma” safida A Seriyada yettita uchrashuvda ishtirok etib, jami 107 daqiqa harakat qildi. Kam vaqt maydonda harakat qilganiga qaramay, bittadan gol va assist muallifi bo‘ldi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar