01:51 / 01.01.2025
108

Eldor Shomurodov faoliyatida burilish boʻlishi kutilmoqda...

Eldor Shomurodov faoliyatida burilish boʻlishi kutilmoqda...
2025 yil Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zoʻr toʻpurari Eldor Shomurodov uchun alohida ahamiyat kasb etadi.

29 yoshli futbolchimiz milliy terma jamoadagi doʻstlari bilan yangi yilda Oʻzbekistonni oʻz tarixida ilk bor jahon chempionatiga olib chiqishi kerak. 2026 yili AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan mundialning Osiyo mintaqasi saralash turnirida futbolchilarimiz hal qiluvchi bosqichda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

Oʻzbekiston terma jamoasi A saralash guruhida oltinchi turdan keyin 13 ochko bilan ikkinchi oʻrinni egallab turibdi. Jami uchta guruhdan dastlabki ikki oʻrinni egallagan jamoalar jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritadi.

2025 yili futbolchilarimiz Qirgʻiziston, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar bilan jami toʻrtta uchrashuvda maydonga tushadi. Asosiy raqobatchilar – Eron va BAA bilan oʻyin safarda boʻlib oʻtadi.

Xullas, bu uchrashuvlarda Eldor Shomurodov mas'uliyatni oʻz boʻyniga olishi va sardor sifatida jamoani oʻz ortidan ergashtirishi kerak. Tajribali toʻpurarimiz har qanday holatda ham terma jamoa uchun zoʻr oʻynab berishini yaxshi bilsak-da, yangi yilda Eldorning klublar miqyosida ham muntazam oʻyin amaliyotiga ega boʻlishidan hammamiz manfaatdormiz.

Shu bois, Shomurodov qishki transferlar vaqtida jamoa tanlashda toʻgʻri qarorga kelishi muhim. “Roma” legionerimiz oʻrniga boshqa markaziy hujumchi qidirishni boshlab yuborgan. Eldor “boʻrilar” safida qanday oʻyin namoyish qilsa ham, hatto gol urgan va assist qayd etgan bellashuvlardan keyin ham baribir unga muntazam oʻyin amaliyoti berilmayapti.

Eldordek tajribali hujumchi jamoasiz qolib ketmasligi aniq. “Kalyari” va “Empoli” yanvar oyida Shomurodov uchun kurashishini ma'lum qildi. Bu jamoalar bosh murabbiylari va sport direktorlari oʻzbek legionerining imkoniyatlarini yaxshi biladi va unga jamoadan joy berishga, ligada qolish uchun kurashda uning tajribasidan foydalanishga tayyor.

Italiya matbuotining yozishicha, “Roma” hujumchisiga uchinchi da'vogar ham qoʻshildi.

- Eldor Shomurodov muntazam oʻyin amaliyotiga ega boʻlish uchun yanvar oyida Klaudio Raneri boshqarayotgan “Roma”ni tark etishi kerak. Hozirning oʻzida oʻzbek futbolchisiga A Seriyaning uch jamoasi da'vogarlik qilmoqda. “Kalyari” va “Empoli” qatoriga “Venetsiya” ham qoʻshildi, - deb yozmoqda Il Messaggero nashri.

Bu ma'lumotni bir nechta boshqa manbalar ham tasdiqladi.

A Seriyada qolish uchun kurashayotgan “Venetsiya” ham malakali forvard xizmatiga ehtiyoj sezmoqda. Musobaqa jadvalida 19-pogʻonani egallab turgan venetsiyaliklar oldingi chigʻizida muammolar koʻzga tashlanmoqda.

Aslida jamoada sof hujumchilar kam. Hujumchi sifatida qaydnomadan joy olgan toʻrt nafar futbolchidan faqat finlyandiyalik Yoel Poxyanpalo 16 ta uchrashuvda beshta gol urdi xolos. Qolgan uch oʻyinchi – daniyalik Kristian Gyuntkyayer, italiyalik Antonio Raymondo va marokashlik Saad Al-Haddad hali raqiblar darvozasiga yoʻl topa olgani yoʻq.

Gollarning kamligi “Venetsiya”ning natijalariga ham salbiy ta'sir qilmoqda. Jamoa 18 ta uchrashuvdan atigi uchtasida zafar quchgan va toʻrt bor durang oʻynagan.

Evropada qishki transfer bozori endi boshlandi va bir oy davom etadi. Odatda, transferlar yanvarning oxirgi kunlari rasmiylashtiriladi. Shuni inobatga olgan holda, Shomurodov uchun yangidan yangi da'vogarlar paydo boʻlishi ehtimoli katta. Demak, kuzatishda davom etamiz...

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport