06:44 / 05.01.2025
92

Rubin Xebay: "Oʻzbekistonga qaytish haqida oʻylayapman"

Rubin Xebay: "Oʻzbekistonga qaytish haqida oʻylayapman"
Oʻsha barchamiz yaxshi bilgan va tanigan albaniyalik hujumchi Rubin Xebay yana Oʻzbekistonga qaytishga taraddud koʻrmoqda.

2023 yilgi mavsumda “Andijon”dagi oʻyinlari bilan Superligani “yondirgan” hujumchi oʻtgan yil boshida Saudiya Arabistonining “Al Oruba” klubiga transfer qilingandi. U erda Xebay 12 ta oʻyinda 3 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Soʻng sentyabr oyida Tunisning “Skafsen” klubiga koʻchib oʻtdi. U erda 7 ta oʻyinda 2 ta gol muallifiga aylandi. Solishtirish uchun aytamizki, Rubin “Andijon” tarkibida chempionat bahslarida 24 ta bellashuvda 12 ta gol urgan, Kubok musobaqasida esa 3 uchrashuvda 2 ta toʻp kiritgan.

Tunis chempionatida Xebayning klubi moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Garchi amalda shartnomasi boʻlsa-da, ikki tomon oʻzaro kelishgan holda bitimni bekor qildilar. Natijada futbolchi 2025 yilning 1 yanvaridan erkin agentga aylandi.

Tajribali hujumchiga yurtimizda yana takliflar borligi va ayniqsa, “Nasaf”ning jiddiy qiziqayotgani xususida ma'lumotlar bor. Sports.uz jurnalisti vaziyatga oydinlik kiritish uchun Rubin bilan bogʻlandi.

- Rubin, Oʻzbekistonda qishki transfer oynasi ochilgan. Yurtimizga qaytishni rejalashtiryapsizmi?
- Ha, men chindan ham Oʻzbekistonga qaytish haqida oʻylayapman.

- Sizni “Nasaf” klubiga oʻtayotganingiz toʻgʻrisida gapirishyapti...
- Menimcha, shu kunlar ichida barchasi rasmiy koʻrinish oladi. Agentim bu borada ishlayapti.

- Mendagi ma'lumotlarga koʻra, siz Tunicda muammolarga duch kelgansiz. Ayniqsa, bir nechta oylik maoshlaringizni hali olmagansiz. Shundaymi?
- Ha, bu toʻgʻri. Klub muammolarga duch kelayotgani sababli hanuz maoshimni ololmayapman.

- Tunisga qaytib bormasligingizni taxmin qilish qiyin emas. Sizningcha, faoliyatingizni u erda davom ettirish xatomidi?
- Toʻgʻri, men hozirda erkin futbolchiman. Umuman, bu davrni yomon oʻtdi, deya olmayman. Men yangi madaniyatlar, yangi davlatlarda tajriba orttirdim.

- Rubin, yangi mavsumni Oʻzbekistonda oʻtkazishga tayyormisiz?
- Aytib oʻtganimdek, yaqin kunlar ichida barchasi rasmiylashtiriladi. Shuning uchun ham kelajagim haqida koʻp ham gapirgim yoʻq.

- Oʻzbekiston chempionatidan ketganingizdan keyin Saudiya Arabistoni va Tunisda oʻynadingiz. Biroq gol urish borasidagi sermahsulligingiz Superligamizdagi kabi boʻlmadi. Balki yana toʻpurarligingizni Superligada koʻrsatarsiz-a?
- Umid qilaman. Men moslashishda ancha qiynaldim. Oʻzbekistonda esa odamlarning menga boʻlgan munosabati yordamida oʻz uyimdagidek his qilgandim.

- “Andijon” klubidagi faoliyatingizni koʻpchilik eslab turadi. Sobiq jamoangizda kimlar bilan haligacha gaplashib turasiz?
- Men koʻproq Vladimir Bubanya, Levan Arveladze, Nodari Kavtaradze, Igor Litovka, Ildar Mamatkazin va yana boshqa bir nechta futbolchilar bilan aloqada boʻlib turaman.

Shuhratbek Joʻrayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rubin Xebay: "Oʻzbekistonga qaytish haqida oʻylayapman"