Qishki transferlar oynasining asosiy qahramonlaridan biriga aylangan Abduqodir Husanov Italiya futbolining grandlari nazaridan ham chetda qolayotgani yoʻq.
Evropadagi manbalar oʻzbek futbolchisiga “Napoli” va “Atalanta” kabi jamoalardan qiziqish boʻlayotgani haqida ma'lumot chiqarganiga bir necha hafta boʻldi. Soʻnggi xabarlarga qaraganda, mamlakatning eng qudratli klublaridan “Yuventus” ham Oʻzbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi uchun kurashga qoʻshildi.
- “Yuventus” himoya chizigʻini mustahkamlash yoʻllarini qidirishda davom etmoqda. Turinliklar birinchi navbatda, iste'dodli va kelajagi porloq yosh oʻyinchilarni topishga urinmoqda. Skautlar Portugaliyadan Alberto Kosta nomzodini tavsiya qilishdi. Biroq Fransiya chempionatida undan ham zoʻri – Abduqodir Husanov nomzodi chiqib qoldi.
Oʻzbekistonlik markaziy himoyachi 2004 yilda tugʻilgan va ayni paytda “Lans”ning ishongan futbolchisi hisoblanadi. Bu oʻyinchini qit'aning bir necha nomdor klublari, xususan “Real Madrid” ham oʻz nishonida ushlab turibdi va dastlabki muzokaralarni boshlab yuborgan.
“Lans” bosh direktori Per Dreossi agar yaxshi taklif tushsa, klub qishki transferlar vaqtidayoq oʻz futbolchisini qoʻyib yuborishga tayyorligini bildirgan, - deb ma'lumot tarqatdi ilbianconero.com sayti.
Italiya futboli ekspertlari Abduqodir Husanovning oʻyinlarini tahlil qilib, statistik koʻrsatkichlarga ham alohida e'tibor qaratmoqda.
Xususan, 20 yoshli futbolchi joriy mavsumning barcha turnirlaridagi dastlabki 16 ta uchrashuvida jami 1219 daqiqa harakat qildi va himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari, bitta golli uzatma ham qayd etdi.
Calciomercato.com portalining ma'lum qilishicha, Husanov havodagi yakkakurashlarda gʻolib chiqish hamda himoya harakatlarini amalga oshirishda 80 foizlik koʻrsatkich qayd etgan Evropadagi yagona markaziy himoyachi hisoblanadi.
Bundan tashqari, oʻzbek futbolchisi progressiv pas uzatish boʻyicha 88 foiz oʻyinchilardan ustunlik qilmoqda, Husanovning oldinga oshirgan toʻplarining 81 foizdan koʻprogʻi manzilga aniq etib borgan.
Husanov jismonan baquvvat boʻlishiga qaramay, qisqa va uzun masofalarga tez yuguradi, koordinatsiyasi mukammal, himoya va yarim himoya hududlarining istalgan nuqtasida oʻynay oladi. Abduqodir vaziyatlarni oldindan baholaydi va raqiblariga nisbatan erta harakat qiladi, raqib bilan yuzma-yuz kelishdan choʻchimaydi, tanasining ustunligidan foydalanadi, podkat tashlashda aksariyat holatlarda “toza” oʻynaydi.
Oʻzbek futbolchisi toʻp bilan yaxshi ishlaydi, raqib oʻyinini sindirish va oʻz jamoasi hujumlarini boshlash hadisini olgan, keyingi paytda oʻzi ham oldingi chiziqqa oʻtib, raqiblar darvozasiga xavf sola boshladi.
Ana shu statistik ma'lumotlar va oʻyinchining shaxsiy koʻrsatkichlariga asoslangan ekspertlar Abduqodir Husanovning noyob qobiliyati borligi va shuning uchun ham 20 yoshli futbolchi Evropaning nomdor klublari oʻrtasida talash boʻlayotganini ta'kidlamoqda.
Eslatib oʻtamiz, Abduqodir Husanov “Bunyodkor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2023 yilning yozida “Lans”ga koʻchib oʻtgunga qadar, Belarus oliy ligasida “Energetik-BGU” jamoasi sharafini himoya qilgan.
20 yoshli markaziy himoyachi bir yarim yildan beri Oʻzbekiston milliy terma jamoasi a'zosi hisoblanadi va xalqaro maydonda hozirga qadar 18 ta uchrashuvda ishtirok etdi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Neymar: “Men Ronalduning fikriga toʻliq qoʻshilaman”
Olimpiadalarda oʻzbek yigitlariga magʻlub boʻlgan mashhurlar...
Javohir Sindarov nufuzli turnir finalida magʻlubiyatga uchradi
Abduqodir Husanov oʻziga jamoa tanladi! Vizaga hujjat topshirildi...
Husanov fantastik narxga ketadi, xaridor nomi oydinlashib qoldi!
Fabritsio Romanodan Abduqodir Husanovning transferi boʻyicha yangi post!
Dekabrda nechta kelishilgan oʻyin oʻynalgani ma'lum qilindi
"Paxtakor"ning Turkiyadagi yigʻinlariga klub raisi tashrif buyurdi