date
views 199

«Oq boʻrilar»da «toʻdaboshi» oʻzgardi: Kopa uddalaydimi?

«Oq boʻrilar»da «toʻdaboshi» oʻzgardi: Kopa uddalaydimi?
Oʻzbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes iste'foga chiqqani haqida xabar bergandik. Kutilganidek bu post uzoq vaqt boʻsh qolmadi. Sloveniyalik murabbiy oʻrnini futbolimiz tarixidagi eng kuchli oʻyinchilardan biri Temur Kapadze egalladi. Hozir hammada bir savol: Kopa eplaydimi? Futbolga qiziqmaydiganlar uchun aytib oʻtishimiz kerak, futbol olamida Kapadzeni aynan Kopa deb atashadi.

Hozir Oʻzbekiston milliy jamoasi Qatarda yigʻin oʻtkazmoqda. 27 yanvar kuni Dohada Iordaniya bilan oʻrtoqlik oʻyini bor. Yangi murabbiy aynan Osiyo kubogi finalchisiga qarshi oʻyinda debyut qiladi. Biroq hozir Qatarda milliy jamoaning asosiy futbolchilari, ya'ni aksar legionerlar qatnashmayapti. FIFA kunlari boʻlmagani uchun yigʻinda mahalliy klublardagi futbolchilar chaqirilgan. Kapadze kechaning oʻzida Qatarga uchib borib, milliy jamoani qabul qilib oldi. Allaqachon birinchi mashgʻulotni oʻtkazishga ham ulgurdi.

«Biz askarmiz»

Kapadze OʻFAning yangi prezidenti boʻlishi kutilayotgan Ravshan Ermatov bilan birga Qatarda futbolchilar oldida nutq soʻzladi. Kopaning maydonda katta professional boʻlganini koʻrganmiz. U maydondan tashqarida ham haqiqiy professional edi. Milliy jamoa bosh murabbiyi vazifasidagi ilk nutqida ham Kapadze buni isbotladi. U soʻzi boshida Kanates JCh saralash tsiklini yakunlab qoʻyishini koʻpchilik qatori istaganini aytib, unga hurmatini izhor qildi.

«Milliy jamoa menga begona emas, oʻynaganman, bosh murabbiy, yordamchi murabbiy boʻlganman. Biz askarmiz, vazifa yuklatildi – uni bajarishimiz kerak. Oldimizda mas'uliyatli oʻyinlar bor, hammasi joyida boʻladi deb oʻylayman. Barcha oʻyinchilar martdagi yigʻinda yaxshi formada boʻlishi kerak. Futbolchilarning kuchi va mahorati jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritishga etadi. Barchamizning orzumiz shu, xalqimizdan esa duoda boʻlib turishlarini soʻrayman», dedi Kapadze.

Nega aynan Kopa?

Temur Kapadze qachondir milliy jamoa bosh murabbiyi boʻlishi aniq va bu vaqt masalasi edi xolos. Chunki etishib chiqayotgan murabbiylar orasida undan yaxshisi yoʻq. Kapadze chindan yuqori darajadagi murabbiy. Siz milliy jamoaga dunyoning eng zoʻr murabbiylarini olib kelishingiz mumkin, lekin ular sizga mahalliy murabbiylardek jon kuydirishmaydi. Oddiy fakt: futbol boʻyicha jahon chempionatlari tarixidagi barcha chempionlarni mahalliy murabbiylar boshqargan. Shu bois Temur Kapadzening tayinlanishi anchadan buyon pishib kelgan va shubhasiz toʻgʻri qaror edi.

Ba'zi muxlislar orasida Kapadzega ishonchsizlik borligiga koʻzim tushdi, buni tushunish mumkin: olimpiadadagi natijalar, yorqin boʻlmagan oʻyin murabbiyga nisbatan fikrlar oʻzgarishiga ham sabab boʻldi. Lekin olimpiadaga Oʻzbekistonni aynan Kapadze olib chiqdi. Bu ishni oʻz vaqtida Vadim Abramov, Mirjalol Qosimov, Samvel Babayan, Rauf Inileyev kabi katta murabbiylar, xorijlik boshqa murabbiylar ham uddalay olmagandi. Parij yoʻlidagi hal qiluvchi oʻyinda Oʻzbekiston juda kuchli Saudiyani engganini ham unutmang.

Kapadzening eng katta ustunligi – zamonaviy murabbiy ekanida. Kopa koʻpchilik «old school» murabbiylari kabi 20 yil avvalgi konspektga qarab ishlamaydi, futbol bilan birga rivojlanadi. Tarkib tanlashda ham oʻzining doimiy koʻchirib yuradigan «armiyasi» yoʻq, Oʻzbekiston chempionatini kuzatadi, futbolchilarni taniydi. Katanes davrida aynan mana shu jiddiy muammo edi. Sloveniyalik murabbiy chempionat oʻyinlarini koʻrmas, kuchsizroq jamoalardagi yaxshi futbolchilar soyada qolib ketayotgandi. Kapadze davrida bu muammo boʻlmaydi.

Xullas, futbol muxlislari xursand boʻlishlari mumkin. Temur Kapadze hozirgi kunda Oʻzbekiston milliy jamoasini boshqarish uchun eng munosib nomzod edi. Menimcha, Kopa Oʻzbekistonni olimpiada va jahon chempionatiga birinchi marta olib chiqqan unikal murabbiy sifatida tarixga kiradi. Axir Tohir Kapadzening ta'biri bilan aytganda, jahon chempionatiga chiqishimizga jichchagina qolgan...

Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Oq boʻrilar»da «toʻdaboshi» oʻzgardi: Kopa uddalaydimi?