20:00 / 26.01.2025
1 741

Abduqodir Husanovning bolalikdagi murabbiyi bilan suhbat

Abduqodir Husanovning bolalikdagi murabbiyi bilan suhbat
Yaqinda «Manchester Siti» Abduqodir Husanovni «Lans»dan 40 million yevro evaziga sotib oldi. Bu oʻzbek futbolidagi eng katta voqealardan biriga aylandi. Kun.uz va Tribuna.uz muxbiri Husanovga yoshligida ustozlik qilgan murabbiylardan biri — Alisher Ibrohimov bilan suhbatlashdi.

Murabbiy oʻzi haqida

«Murabbiylik faoliyatimni 1999 yilda Qarshi shahridagi futbol maktabida boshladim. Oʻzim «Nasaf» oʻrinbosarlar jamoasida oʻynadim. Jarohatlar tufayli 21 yoshda futboldan ketishimga toʻgʻri keldi. Shundan keyin murabbiylik faoliyatimni boshladim. Qarshida 5 yil ishlab, Toshkentga keldim. «Bunyodkor»da 13 yil faoliyat olib bordim. 2022 yilda Evropa mamlakatlariga ketdim. Hozir xususiy futbol maktablarining birida ishlayapman».

Bolalar futbolini tanlagani haqida

«Bolalar futboli qiziqroq. Ular bilan ishlashning zavqi boshqacha. Oʻzimiz etisha olmagan orzularga bolajonlar orqali erishishni niyat qilganman».

Husanovga ustozlik qilishi

«Bunyodkor»da 2002 yildagi bolalar bilan marhum Akmal Risqullayev ishlar edi. Abduqodir 2004 yilda tugʻilgan boʻlsada, oʻzidan 2 yosh kattalar bilan shugʻullanardi. Men u paytda 2003 yildagi yoshlarga qarar edim.

2002 yildagi bolalar tez katta boʻlib, ularga jismoniy yuklamalar ortganidan keyin Akmal Risqullayev Husanovni menga oʻtkazishni aytdi. Yoʻq demadim. Chunki uni bilardik va koʻrib yurardik.

Abduqodir mening jamoamga oʻtganidan keyin 3-4 yil davomida oʻynadi. Biz bolalarni 15-16 yoshgacha tayyorlab, soʻng U-18, U-19, oʻrinbosarlar, birinchi va ikkinchi liga jamoalariga topshirib yuboramiz.

Abduqodir doim kulib yurardi. Maydonga chiqsa hech narsadan qoʻrqmasdi. Havodagi kurashda, maydonni koʻrishda va hujumni boshlashda ham yaxshi edi».

Koʻp xalqaro musobaqalarga chiqardik. Qozondagi turnirda finalda «Rubin» akademiyasini yutgandik. Oʻshanda Abduqodir va yana 2-3 bolani olib qolishmoqchi boʻlib, soʻrashgandi. Ammo bu amalga oshmagandi».

Husanovni «Bunyodkor»ning asosiy tarkibiga olishmagani haqida

«Ichida boʻlmaganimizdan keyin biror narsa deb yolgʻon gapirib qoʻyishni xohlamayman. Toʻgʻrisi, bilmayman. Bolalar murabbiyi boʻlganimiz uchun aralashmas edik. Biz oʻz guruhimizga javob berardik. Qolganini yuqoridagi malakali murabbiylar hal qilishardi».

Husanovning muvaffaqiyatlarida otasining roli

«Abduqodirning yutuqlarida dadasi Hikmat Hoshimovning oʻrni katta deb bilaman. Otasi ham oʻz vaqtida yaxshi futbol oʻynagan. Husanov otasining maslahatlarini olib, katta futbolda shu darajaga chiqdi deb oʻylayman».

Husanovning Gvardiola bilan ishlashi

«Gvardiola — jahondagi top murabbiylardan. Abduqodir uning qoʻl ostida bugungidan-da koʻproq oʻsishiga ishonaman. Husanov yoshligidan raqobatdan qoʻrqmasdi. Buni katta futbolda ham namoyish etib kelmoqda. «Siti»da ham oʻz oʻrnini topa oladi, deb oʻylayman. Pep — tushunib boʻlmas murabbiy. Abduqodirni har-xil nuqtada sinab koʻrishi mumkin».

Shogirdlari haqida

«Shogirdlar koʻp. 2003 yildagi bolalarning oʻzidan koʻp yaxshi futbolchilar chiqdi: Umarali Rahmonaliyev «Rubin»da, Poʻlatxoʻja Xoldorxonov va Mahmud Mahamadjonov «Paxtakor»da, Umid Sultonov «Soʻgʻdiyona»da oʻynamoqda.

2003 yildagi bolalar oltin avlod boʻlishdi. Ulardan koʻpchiligi futbolchilik faoliyatini olib bormoqda. Maqsadimiz – Abduqodir, Umaraliga oʻxshagan yaxshi futbolchilar chiqaversin».

Hasan Yusupov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport