12:41 / 27.01.2025
16 006

APLning rasmiy sayti Abduqodir Husanov haqida gʻaroyib fakt chiqardi

APLning rasmiy sayti Abduqodir Husanov haqida gʻaroyib fakt chiqardi
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov Angliya futbolidagi faoliyatini rasman boshladi.

Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola 20 yoshli oʻzbek futbolchisini Angliya Premer-ligasining 23-turida “Etixad” stadionida “Chelsi”ga qarshi oʻtkazilgan bellashuvda boshlangʻich tarkibda maydonga tushirdi.

Qizigʻi shundaki, “Chelsi” klubi ham “Lans”da porlagan oʻzbekistonlik legionerni olish uchun da'vogarlik qilgan yigirmaga yaqin klub orasida bor edi. Biroq hamyurtimiz uchun kurashda “shaharliklar”ning dadilligi va tikkan summasi iqtidorli himoyachining chempion jamoani tanlashiga etarli asos boʻlib xizmat qildi.

Husanov debyut uchrashuvining ilk daqiqalaridanoq faoliyatidagi eng katta sinovga duch keldi. Uchrashuv boshlanishi bilan toʻrt daqiqa ichida raqibning tezkor goliga sababchi boʻldi, qoʻpolligi uchun sariq kartochka oldi, bir necha bor toʻp uzatishda noaniq oʻynadi. Debyutdayoq “qovun” tushirgan legionerimiz qisqa vaqt ichida oʻzini oʻnglab oldi.

Oʻzi oʻynagan 54 daqiqa ichida raqib hujumini buzgan, tezkor hujumchilarni toʻxtatgan, ulardan toʻpni olib qoʻygan, darvozaga berilgan aniq zarbani bloklagan vaziyatlar ham boʻldi. Angliyalik muxlislar Husanovni maydondan olqishlar bilan, yosh oʻyinchini qoʻllab-quvvatlagan holda kuzatib qoʻydi.

Angliya Premer-ligasining rasmiy premierleague.com sayti Abduqodir Husanov haqida qiziqarli faktlarni e'lon qildi.

Angliyadagi ilk oʻzbek futbolchisiga aylangan Abduqodir Husanov Premer-liganing 33 yillik tarixi davomida 126-mamlakat vakili boʻldi.

Abduqodirning “Chelsi”ga qarshi ishtirok etgan oʻyini bilan 2024-2025 yilgi mavsumda Angliya Premer-ligasida futbolchilari maydonga tushgan mamlakatlar soni 62 taga etdi.

Er kurrasidagi etti qit'adan faqat Antarktida vakillari Angliya Premer-ligasida oʻynamagan xolos. Jahon futbolining eng qudratli ligasida qolgan oltita qit'a vakillari muntazam toʻp tepib keladi.

Bugungi kunda Evropaning 48, Afrikaning 33, Shimoliy Amerikaning 19, Janubiy Amerikaning 12, Okeaniyaning 2 mamlakati futbolchilari Angliya chempionatida oʻynamoqda. Abduqodir Husanov maydonga tushishi bilan APLga futbolchi joʻnatgan Osiyo qit'asi mamlakatlari soni 12 taga etdi.

Oʻzbekiston Osiyo futbol konfederatsiyasi a'zosi boʻlganini inobatga olib, oʻzbekistonlik futbol ishqibozlari e'tiboriga qit'amizning qaysi mamlakatlaridan nechtadan futbolchi Angliya premer-ligasida oʻynayotgani haqida ma'lumotni e'lon qilishni ma'qul topdik.

Demak, Janubiy Koreya va Yaponiyadan 15 nafardan, Xitoydan etti, Erondan besh, Bangladesh, Indoneziya, Iroq, Oʻmon, Pokiston, Filippin, Suriya va Oʻzbekistondan bittadan futbolchi Angliya Premer-ligasi jamoalaridan qoʻnim topgan.

Avstraliya konfederatsiyalar miqyosida Osiyoga tegishli boʻlsa-da, qit'alar boʻyicha Okeaniya hududida joylashgan. Premer-ligada bu mamlakatning 56 nafar futbolchisi borligi qayd etildi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » APLning rasmiy sayti Abduqodir Husanov haqida gʻaroyib fakt chiqardi