Qishki transferlar oynasining eng shov-shuvli transferi Abduqodir Husanovning “Lans”dan “Manchester Siti”ga koʻchib oʻtgani boʻldi.
Fransiya hamda Angliya klublari oʻrtasidagi katta savdo hali hamon keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda va koʻpchilik bu borada oʻz fikr-mulohazalarini bildirishda davom etmoqda.
Angliya Premer-ligasiga koʻchib oʻtgan 20 yoshli futbolchining besh kun ichida mamlakatning qudratli jamoalaridan biri “Chelsi” qarshi oʻtkazilgan uchrashuvda debyut qilgani koʻpchilikni hayron qoldirgani rost.
Qolaversa, Abduqodir Husanov oʻzi uchun tarixiy ahamiyat kasb etgan bahsning dastlabki besh daqiqasida golga sababchi boʻlgani, sariq kartochka olgani va toʻp uzatishlarda xatoga yoʻl qoʻygani bu transfer borasidagi muhokama va munozaralarni yanada qizdirdi.
E'tiborli tomoni shundaki, koʻpchilik professionallar, xususan, Xosep Gvardiola boshchiligidagi Erling Xoland, Manuel Akanji kabi “Manchester Siti” vakillari ham oʻzbek futbolchisini darrov qoʻllab-quvvatladi.
Endi jamoa sardori Kevin de Bryuyne yosh jamoadoshi Abduqodir Husanovning debyutiga baho berdi.
- Abduqodir Husanov bizda himoyachilar yoʻqligida “Chelsi”dek kuchli raqibga qarshi maydonga tushdi. Dastlabki besh daqiqada unga oson boʻlgani yoʻq. Lekin shundan keyin u juda yaxshi va ishonchli oʻyin koʻrsatdi.
Abduqodirning oʻzi 20 yoshida “Manchester Siti”da debyut qilgani va maydonda yaxshi harakatlanganidan faxrlanishi kerak!, - dedi jamoa sardori Kevin de Bryuyne.
“Manchester Siti”ni Angliya futbolining qudratli jamoalaridan biriga aylantirgan Xosep Gvardiola shogirdlari Abduqodir Husanov tushib qolgan vaziyatga toʻgʻri munosabatda boʻlib, uni qoʻllab-quvvatlashga harakat qilayotganini yuqori baholadi.
- Abduqodirning xatosidan soʻng jamoadoshlarining unga boʻlgan qoʻllab-quvvatlovchi reaktsiyasi juda yoqimli boʻldi. Bu vaziyat esa shaxsan menga yoqdi. Futbolchilar kerakli vaqtda, yosh iste'dodli himoyachiga dalda boʻla olishdi.
Bu mavsumda nechta markaziy himoyachi Abduqodir qilgan xatoga yoʻl qoʻyganini bilasizmi?! Men Husanovni ayblamayman, aksincha, oʻzimni ayblashim kerak – qanday qilib hali ham himoyada qoʻpol xatolar qilyapmiz.
Hozir 20 yoshli himoyachiga yordam berishimiz kerak.
Agar men Husanovning oʻrnida boʻlsam – yangi mamlakat, yangi Premer liga, yangi jamoa, yangi til va ilgari hech qachon eshitmagan narsalar. Bundan tashqari, Koul Palmer, Nikolas Djekson kabi oʻyinchilarga qarshi oʻynash – juda qiyin vazifa. Rostini aytsam, men oʻzbekistonlik futbolchiga yordam berishni istayman, - dedi Pep Gvardiola.
Ta'kidlash joizki, Kevin de Bryuyne “Manchester Siti”da boshlangan oʻzgarishlarni ijobiy qabul qildi. Belgiyalik pleymeyker mavsum oxirida shartnomasi tugaganidan keyin klubni tark etishi haqida ancha oldin ma'lum qilgandi. Biroq Xosep Gvardiola chempion jamoa loyihasini qayta tashkil etayotganini inobatga olib, tajribali futbolchi Manchesterda qolish istagini bildirdi.
Ayni paytda “shaharliklar” jamoa sardori bilan oʻzaro hamkorlikni uzaytirish maqsadida u bilan muzokaralarga kirishgani aytilmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar