13:33 / 03.02.2025
307

Tata Steel Chess yakunlandi. Yakuniy natijalar qanday boʻldi?

Tata Steel Chess yakunlandi. Yakuniy natijalar qanday boʻldi?
Ikki hafta davomida Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahri mezbonlik qilgan shaxmat boʻyicha an'anaviy «Tata Steel Chess-2025» musobaqasi oʻz yakuniga etdi.

Kecha soʻnggi 13-turda «Masters» guruhida 3-oʻrinni egallab turgan Nodirbek Abdusattorov oq donalarda hindistonlik Pentala Harikrishnaga qarshi bahs olib bordi va durang natija bilan kifoyalandi. Agar Nodirbek ushbu partiyada gʻalaba qozonganida, chempionlik tay-brek uchrashuvlarida oʻynash imkoniyatini qoʻlga kiritardi.

Bunga amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaradjuning 13-turda oq donalarda oʻynashiga qaramay, vatandoshi Arjun Ergaisiga imkoniyatni boy bergani sabab boʻldi. Ikkinchi oʻrindagi Rameshbabu Pragnanandha ham soʻnggi turda germaniyalik Vinsent Keymerga yutqazib qoʻydi. Nodirbek Abdusattorov esa asosiy raqiblari taqdim etgan bu imkoniyatdan unumli foydalana olmadi.

Agar Abdusattorov oʻz partiyasida gʻalaba qozonganida, uch grossmeyster ishtirokidagi tay-brek partiyalariga guvoh boʻlar edik. Sakkiz yarimtadan ochko jamgʻargan Gukesh va Rameshbabu oʻrtasidagi tay-brekda kutilmaganda Pragnanandha 2:1 hisobida gʻalaba qozonib, «Tata Steel Chess-2025» chempioniga aylandi. Gukesh ikkinchi oʻrinni band etgan boʻlsa, Nodirbek Abdusattorov 8 ochko bilan sovrinli uchinchi pogʻonani egalladi.

"Chellenjer" guruhida qatnashgan Nodirbek Yakubboyev (2659) musobaqaning yakuniy qismini koʻtarinki ruhda oʻtkazdi. U ketma-ket uchta partiyada gʻalaba qozonishga muvaffaq boʻldi. Agar musobaqa starti ham shunday boʻlganida, Yakubboyev turnirni aniq sovrindorlar safida tugatardi. Nodirbek soʻnggi 13-turda qora donalarda xitoylik ayol shaxmatchi Lu Miaoyini magʻlubiyatga uchratdi. Yakubboyev 8 ochko bilan qoʻshimcha koʻrsatkichlarga koʻra 4-oʻrinni egalladi.

Chexiyalik Van Nguyen va ozarbayjonlik Aydin Suleymanli yakunda 9,5 ochkodan jamgʻarishdi. Tay-brekda Nguyenning qoʻli baland kelib, "Chellenjer" guruhi chempioniga aylandi. Yakubboyevdan yarim ochko koʻp jamgʻargan niderlandiyalik Ervin L`ami 8,5 ochko bilan kuchli uchlikni yakunlab berdi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport