Zinedin Zidan Italiya bilan durangdan so‘ng nimalardan xafa bo‘lganini aytdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Fransiya bosh murabbiyi Zinedin Zidan Italiya bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan Millatlar Ligasi uchrashuvidan qoniqmaganini bildirdi.
- Uning fikricha, jamoasi ko‘proq narsaga loyiq edi va o‘yinni g‘alaba bilan yakunlashi kerak edi.
- Zidan shogirdlarining maydondagi harakatlaridan faxrlanishini, ammo kichik tafsilotlar g‘alabani olib kelmaganini ta’kidladi.
Millatlar Ligasining markaziy bahslaridan birida Fransiya va Italiya terma jamoalari 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Uchrashuv yakunlangach, fransiyaliklar bosh murabbiyi Zinedin Zidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi va o‘yindan qoniqish hosil qilgan bo‘lsa-da, natijadan qattiq xafa ekanini yashirmadi.
Fransiya ustozi maydonda shogirdlari ustunlik qilganini, ammo futboldagi mayda tafsilotlar g‘alabani ilib ketishga yo‘l qo‘ymaganini ta’kidladi.
«Futbolchilarim bilan faxrlanaman»
Zinedin Zidan TF1 efiriga bergan intervyusida o‘yin tahlili va hissiyotlari haqida ochiq gapirdi:
«Juda xafaman, chunki biz ko‘prog‘iga loyiq edik. Lekin futbol shunaqa. O‘yinni g‘alaba bilan yakunlashimiz kerak edi. Shunga qaramay, futbolchilarim bilan faxrlanaman. Ular maydonda bor kuchlarini berishdi, bunga shubha yo‘q», — dedi bosh murabbiy.
Mutaxassis uchrashuvning birinchi va ikkinchi bo‘limlaridagi taktik o‘zgarishlarga ham to‘xtalib o‘tdi:
«Birinchi bo‘limda to‘pni nazorat qildik, ammo bu natija bermadi. Tanaffusda aynan shu jihatni to‘g‘rilashga harakat qildik. Raqibga zarba berish uchun bo‘sh hududlardan foydalanish kerak. Biz rejalashtirgan o‘yinni ko‘rsata oldik, Italiya esa o‘zining himoyaviy uslubida harakat qildi. Darvozamiz oldida jiddiy xavf deyarli bo‘lmadi».
«Kichik bir holat hammasini o‘zgartirib yuborishi mumkin»
Jurnalistlarning Lukas da Kunya haqidagi savoliga javob berar ekan, Zidan jamoaning har bir a’zosiga to‘liq ishonishini bildirdi:
«Butun o‘yin davomida yaxshi harakat qilasiz, hamma ishni to‘g‘ri bajarasiz, ammo kichik bir holat hammasini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Lukas da Kunyadan xafamanmi? Yo‘q. Men uchun eng muhimi — barcha futbolchilarimda ko‘rgan narsalarim. Ularning o‘yinidan juda mamnunman. Ular bugun ko‘rsatgan futboli bilan faxrlanishlari mumkin».































Izohlar 0
…