
Xabaringiz bor, 23 fevralga oʻtar kechasi AQShning Vashington shahrida "UFC Fight Night 252" turniri start oladi. Biz uchun ahamiyatli jihati ushbu kechada hamyurtimiz Nursulton Roʻziboyev oʻzining UFCdagi 4-jangini oʻtkazadi. Biz ushbu qarama-qarshilik haqida qisqachagina soʻz yuritib oʻtamiz.
Demak, hamyurtimizga bu safar debyutant AQSh vakili Erik Makkoniko raqiblik qiladi. Makkonikoni professional koʻrsatkichi 9 ta gʻalaba, 2 magʻlubiyat va 1 durangdan iborat. Gʻalabalarining 7 tasini muddatidan avval qoʻlga kiritgan. Jumladan, 3 tasi sabmishn, 4 tasi KO orqali amalga oshgan. 2 bora toʻliq jangda ochkolar evaziga muvaffaqiyatga erishgan. Nursulton Roʻziboyevning rekordini koʻp bora ta'kidlab oʻtganmiz. Shunday boʻlsa-da, eslatib oʻtamiz, Nursulton 34 ta gʻalaba, 9 magʻlubiyat, 2 durang va 2 natijasi bekor qilingan jang. Koʻrinib turibdiki, hamyurtimiz tajriba borasida raqibidan anchagina ustun.
Makkonikoning xavfli jihati bu nisbatan kurashi va grepplingi yaxshi shakllanganligida, unga jangni "parter"ga koʻchirish imkonini bermaslik kerak. Shuningdek, asosiy zarba yoʻllaydigan chap qoʻlida "bomba"si ham bor. Chap oyogʻida ham ajoyib zarbalar yoʻllay oladi. Qolaversa, har doim debyutantlar xavfli boʻladi. Chunki ularda ishtiyoq katta boʻladi. Makkoniko UFC oʻrta vazn toifasining mashhur jangchilardan biri Jared Kanonir bilan bir zalda mashgʻulot oʻtaydi va uning jamoasi vakili hisoblanadi. Nisbatan jang uslublari oʻxshab ketadi. Ya'ni, asosan "stoyka"da jang olib borishni xush koʻrishadi. Bu esa Nursulton uchun juda qulay variant boʻladi.
Ha raqib garchi, debyutant boʻlsa ham darajasi yomon emas. Ammo, Nursulton undan har jabhada ustun. Ya'ni, yurtdoshimiz tezkorroq va "stoyka"da bir bosh ustun. Jismoniy imkoniyatlarini inobatga olsak, bu borada ham hamyurtimizning yaxshi imkoniyat hosil qilganligini koʻrishimiz mumkin. Ya'ni, Nursulton 13 sm balandroq. Qoʻllarining uzunligi ham Roʻziboyevning foydasiga ishlaydi. Rang-baranglik borasida ham yurtdoshimiz unga "dars" beradi. Eng asosiysi ushbu jang oʻrta vazn (83,9 kg) toifasida boʻlib oʻtadi. Bu degani hamyurtimiz u qadar koʻp vazn tashlamaydi. Bu vaziyatda Nursultonning eng kuchli variantini koʻrishimiz mumkin. Toʻliq lagerni oʻtagan va jismoniy holati yaxshi boʻlgan Nursulton Roʻziboyev raqiblar uchun "yomon tush"ga aylanadi.
Xullas, bu jangda hamyurtimizning gʻalaba qozonish imkoniyati yuqori va u muddatidan avval ushbu muvaffaqiyatni qoʻlga kiritsa kerak. Nazarimda "tizza boʻyi eb-ichar" buyogʻi... :)
Biz esa hamyurtimizga omad tilaymiz!
Ahmadbek Eshmatov tayyorladi
Manba: Sports.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar