19:41 / 21.02.2025
6 183

Husanov bilan doʻstlashgan “Real” yulduziga qaysi klublar xaridor?

Husanov bilan doʻstlashgan “Real” yulduziga qaysi klublar xaridor?
Turkiya futbolining eng iste'dodli tarbiyalanuvchilaridan Arda Gyuler “Real”ga katta umidlar bilan kelgan edi. “Fenerbahche” tarbiyalanuvchisi boʻlgan bu futbolchini madridliklar 2023 yilning yozida 20 million yevro evaziga transfer qilgan.

Gyuler iste'dodini har qancha namoyish qilmasin “Qirollik klubi”da asosiy tarkibdan muntazam joy ola bilmadi. Italiyalik bosh murabbiy Karlo Anchelotti tajribali oʻyinchilarga suyanishni ma'qul koʻrmoqda. Shu bois, nafaqat Arda Gyuler, balki Braziliyadan olib kelingan Endrik ham etarli oʻyin amaliyotiga ega boʻlmayapti.

65 yoshli bosh murabbiy Karlo Anchelotti yoshlarga ham imkon berish haqida klub iltimoslarini e'tiborsiz qoldirdi.

Kuni kecha Evropa Chempionlar ligasi doirasida Madridda boʻlib oʻtgan uchrashuv doirasida Arda Gyuler oʻzbek futbolchisi Abduqodir Husanov bilan quchoqlashib koʻrishgani doʻstona munosabat sifatida koʻplab oʻzbekistonlik muxlislarning e'tiborini qozondi.

“Santyago Bernabeu”dagi bahsda legionerimiz toʻliq oʻynagan boʻlsa, turk yigiti maydonga tushmadi.

Endi bir necha manbalarning ta'kidlashicha, Arda Gyuler faoliyatida jiddiy oʻzgarish boʻlishi mumkin. Jahon futbolida yuqori mavqega ega uch klub 19 yoshli futbolchini oʻz safiga qoʻshib olishga tayyorligini bildirdi.

“Liverpul”:
Joriy mavsum Angliya Premer-ligasi gʻolibligiga asosiy da'vogar boʻlgan liverpulliklar tarkibni kuchaytirishni maqsad qilgan. Aslida “Liverpul” Arda Gyulerni u “Fenerbahche”da oʻynab yurgan kezlari qoʻlga kiritishga urinib koʻrgandi. Biroq bu borada “Real” ustalik qilib, iste'dodli futbolchini ilib ketdi.

Arne Slot ham turk futbolchisi yordamida maydon markazini mustahkamlash gʻoyasini qoʻllab-quvvatlamoqda. Qolaversa, yozda bu jamoada ham jiddiy oʻzgarishlar boʻladi va tarkibni yoshartirish ishlari amalga oshiriladi. Bu borada Arda Gyuler eng munosib nomzod.

Bavariya”:
“Bavariya” Gyuler atrofidagi vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib boryapti. Myunxenliklar moʻljallayotgan variant “Qirollik klubi”ga koʻproq ma'qul kelsa kerak. “Bavariya” turkiyalik yulduzni ijaraga olib oʻynatmoqchi.

Bu klub tajribasida kuzatilgan variant. Ilgari ular madridliklardan mashhur hujumchi Xames Rodriges va himoyachi Alvaro Odriosolani ijaraga olib oʻynatgan edi. Bu usul “Real”ga iste'dodli oʻyinchini klub ixtiyorida ushlab turish imkonini berishi bilan ahamiyatli.

“Manchester Yunayted”:
“Manchester Yunayted” bosh murabbiyi Ruben Amorim jamoani qayta shakllantirmoqda. Bu jarayonda Arda Gyuler singari koʻp qirrali oʻyinchilarga doim ish topiladi. Manchesterliklar futbolchini olish uchun katta xarajatga tayyor.

Biroq bu transferni amalga oshirish oson boʻlmaydi. Chunki manchesterliklar kelasi mavsum Evropa Chempionlar ligasida oʻynamasa, Gyuler uning taklifini katta ehtimol bilan rad etishi aytilmoqda.

Transferlar boʻyicha mutaxassislarning ta'kidlashicha, “Real” Arda Gyuler boʻyicha rejasini qayta koʻrib chiqishi kerak. Oʻyinchining salohiyati va mahoratiga hech qanday shubha yoʻq. Biroq oʻsish ostonasida turgan futbolchiga etarli darajada oʻyin amaliyoti berilmasligi uni boshqa klubga oʻtish istagini tobora kuchaytirib boradi. Demak, kelasi yoz Arda Gyuler uchun muhim ahamiyat kasb etadigan koʻrinadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport