
Jahon matbuotida “Manchester Siti”ni 2015 yildan beri muvaffaqiyatli boshqarib kelayotgan Xosep Gvardiola joriy mavsumdagi muammolardan keyin yozda klubni tark etishi haqida ma'lumotlar tarqala boshladi.
Xususan, Footmercato nashri jurnalisti Xosep Pedrerol Xosep Gvardiola aslida jamoani oʻtgan yili yozda tark etmoqchi boʻlgani, u Angliya terma jamoasi bosh murabbiyligini koʻzlagani haqida yozdi.
Biroq Angliya futbol assotsiatsiyasi mamlakat bosh jamoasini germaniyalik tajribali mutaxassis Tomas Tuxelga topshirishga qaror qildi.
Gvardiola oʻsha paytda aniq takliflarga ega boʻlmagani uchun eng qulay variant – “Manchester Siti”da qolishni ma'qul topdi va amaldagi shartnomasini yana bir yil muddatga uzaytirdi. Yangi bitimga koʻra, ispaniyalik mutaxassis “shaharliklar”ni 2027 yilning yozigacha boshqarishga koʻngan.
Shunga qaramay, Xosep Gvardiola “Manchester Siti”dagi faoliyatini yakunlash fikridan qaytgani yoʻqligi ma'lum boʻlmoqda. U joriy mavsum yakunlanganidan keyin jamoa bilan xayrlashishga tayyorgarlik koʻryapti ekan.
Yana bir nufuzli manba – El Nacional ekspertlari “Manchester Siti” xoʻjayinlari jamoa Evropa Chempionlar ligasi pley-off oʻtish oʻyinlarining ikkalasida ham “Real”ga bas kelolmaganidan keyin bosh murabbiyni yangilash masalasini koʻtara boshlaganini ta'kidlamoqda.
Manbaga koʻra, yangi bosh murabbiy tayinlash ayni paytda klubdagi eng koʻp hamda keng muhokama qilinayotgan asosiy va dolzarb masalaga aylandi.
“Manchester Siti” rahbariyati Xosep Gvardiola oʻrnini hozircha faqat bir murabbiy – “Bayer”da jiddiy va ijobiy oʻzgarishlarni yasay olgan Xabi Alonso bosa oladi, degan fikrni ilgari surmoqda.
Xabi Alonso qoʻl ostida “Bayer” oʻtgan mavsum “Bavariya” gegemonligini sindirib, oʻz tarxida ilk bor Germaniya chempioni boʻldi, mamlakat kubogini qoʻlga kiritdi.
Bundan tashqari, klub xoʻjayinlariga Xabi Alonso qoʻllayotgan hujumkor oʻyin uslubi juda ma'qul kelmoqda.
Ochigʻini aytganda, “Manchester Siti”ga Xabi Alonsoni olib kelish oson boʻlmaydi. Chunki bu mutaxassisni “Real” ham kutmoqda. Madridliklar anchadan beri Karlo Anchelotti egallab turgan murabbiylik kursisini aynan Xabi Alonsoga topshirmoqchi.
Evropa matbuoti ham ispaniyalik mutaxassis “Real”ni boshqarishga moyilligi haqida koʻp bora ma'lumot tarqatdi. Hatto, Xabi Alonso oʻtgan yili boshqa klublar uni bezovta qilmasligi uchun Leverkuzen jamoasi bilan hamkorlikning yakunlanish muddatini Anchelottining madridliklar bergan shartnomasi tugaydigan sana – 2026 yilning yozigacha uzaytirgani aytilmoqda.
Xullas, 20 yanvar kuni “Manchester Siti” futbolchisiga aylangan Abduqodir Husanovning Xosep Gvardiola qoʻl ostidagi faoliyati yarim mavsum bilan cheklanishi mumkin.
Biroq shuni aytish joizki, manchesterliklar olishni moʻljallayotgan Xabi Alonso ham Abduqodir Husanov “Lans”da oʻynab yurgan paytda unga e'tibor qaratgan. “Bayer” Bundesliga klublari orasida 20 yoshli legionerimizga jiddiy qiziqish bildirgan birinchi jamoa edi... “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar