
AQSH prezidenti Donald Tramp seshanba kuni Oq uyning amaldagi rahbari sifatida ikkinchi muddatda birinchi marta Kongressning har ikki palatasida nutq so‘zladi.
U hokimiyatda bir yarim oylik faoliyati davomida erishgan yutuqlari, Ukrainada tinchlik o‘rnatish borasidagi ishlari, Panama kanali va Grenlandiya bo‘yicha rejalari haqida gapirdi, shuningdek, import qilinadigan tovarlarga yangi bojlar qo‘yish bilan tahdid qildi.
"Biz 43 kun ichida aksariyat ma’muriyatlar to‘rt yil yoki sakkiz yil ichida erishganidan ko‘proq narsani uddaladik. Va bu hali boshlanishi", — dedi Tramp nutqi boshida.
Trampning aytishicha, u allaqachon 100 taga yaqin ijro farmoyishlarini imzolagan va 400 tadan ortiq harakatni amalga oshirgan va bu Qo‘shma Shtatlar uchun "sog‘lom fikrni tiklash" bo‘yicha rekord o‘rnatgan.
U, shuningdek, Amerika tovarlariga ortiqcha bojlar qo‘yadigan mamlakatlarga nisbatan javob tariflarini e’lon qildi.
"Hindiston bizning mashinalarimizga 100 foizdan ortiq boj qo‘yadi, Xitoy biz qo‘ygandan ikki baravar ko‘p boj qo‘yadi, Yevropa ham shunday qiladi. Bu 2 aprelda tugaydi", — dedi Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar endi teng bo‘lmagan savdo sharoitlariga toqat qilmoqchi emas. Uning aytishicha, mahalliy ishlab chiqarish va butun ishlab chiqarish sanoati uchun soliqlar kamaytiriladi, korxonalarga xarajatlar 100 foiz hisobdan chiqariladi. Tramp, shuningdek, migrantlarning AQSHga noqonuniy o‘tishlari soni rekord darajaga tushganini aytib o‘tdi.
AQSH prezidenti Ukrainadagi mojaroga izoh berar ekan, bu telbalik, qotillik va bema’ni mojarolarni to‘xtatish vaqti kelganini aytdi.
"Bu be’manilikni to‘xtatish vaqti keldi. Qotillikni to‘xtatish vaqti keldi. Bu ma’nosiz urushni tugatish vaqti keldi", — dedi Tramp Kongressga murojaatida.
Uning qayd etishicha, Ukrainadagi janglarni tugatish uchun "tinimsiz" sa’y-harakatlarni amalga oshiradi va har ikki tomon bilan muloqotni davom ettiradi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva bilan muzokaralar chog‘ida Amerika tomoni tinchlik o‘rnatishga tayyorligi haqida “kuchli signallar” olgan. "Bu ajoyib natija bo‘lmaydimi?", deya savol bilan yuzlandi prezident.
Donald Tramp shuningdek, Vladimir Zelenskiydan Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar stoliga imkon qadar tezroq o‘tirishga tayyorligi haqida maktub olganini ma’lum qildi.
“Bugun men Zelenskiydan muhim xat oldim... Ukraina uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun imkon qadar tezroq muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyor", — dedi Tramp.
U mojaroga imkon qadar tezroq barham berish kerakligini va buning uchun barcha tomonlarning hamkorligi zarurligini ta’kidladi. "Agar siz urushni to‘xtatmoqchi bo‘lsangiz, ikkala tomon bilan gaplashishingiz kerak", deya qo‘shimcha qildi AQSH yetakchisi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar