
“Roma” klubi hujumchisi Eldor Shomurodov mavsumning eng muhim pallasida jamoaning asosiy figuralaridan biriga aylanmoqda. Italiyalik mutaxassis Klaudio Ranyeri o‘zbek legioneriga ishonch bildirib, keyingi paytlarda uni asosiy tarkibda o‘ynatmoqda. Bu esa Shomurodovning “Roma” hujum chizig‘idagi mavqeini mustahkamlashga yordam bermoqda.
Shomurodov asosiy hujumchining raqobatchisiga aylandi
29 yoshli o‘zbekistonlik futbolchi avvalroq “Roma”ning asosiy hujumchisi Artyom Dovbikning o‘rinbosari sifatida ko‘rilayotgan edi. Biroq so‘nggi o‘yinlarda Eldor o‘zini jiddiy raqobatchi sifatida namoyon qilmoqda.
“Empoli”ga qarshi uchrashuvda Shomurodov ilk daqiqalardan maydonga tushdi va bir necha xavfli vaziyatlar yaratdi. Uning zarbalari bir necha bor darvozaga yetmay qoldi, biroq o‘yin davomida jamoaviy harakatlarda faol ishtirok etdi.
Pellegrini: "Eldor g‘azabga to‘ldi"
“Roma” sardori Lorenso Pellegrini Eldorning harakatlarini yuqori baholadi va uning maydondagi his-tuyg‘ularini bayon qildi:
"Shomurodov gol urganida ishlarimiz yana-da yaxshi bo‘lardi. U o‘sha vaziyatda biroz jumbushga keldi, men unga yana gol urishimiz mumkinligini aytib, tinchlantirishga harakat qildim.
Eldor qattiq g‘azablandi. Menga kuchli zarba bilan darvoza to‘rini yirtib yubormoqchi ekanini aytdi. Biroq baʼzan xotirjamlik va aniq harakat muhim," — dedi Pellegrini.
“Atletik” bilan o‘yin oldidan Shomurodov asosiy tarkibga kirishi mumkin
“Roma”ni oldinda muhim o‘yin kutib turibdi. Yevropa Ligasi doirasidagi chorak finalga chiqish uchun Bilbaoda “Atletik” bilan javob uchrashuvi o‘tkaziladi. Ilk bellashuvda Eldorning so‘nggi soniyalarda kiritgan goli “Roma”ga g‘alaba keltirgan edi. Bu natija rimliklarga kichik ustunlik bergan.
Ko‘plab ekspertlar va mutaxassislar Ranyeri Eldorni asosiy tarkibda maydonga tushirishi kerak, deb hisoblashmoqda. “Roma”ning sobiq hujumchisi Chichcho Gratsiano bu borada o‘z fikrini bildirdi:
"Ispaniyadagi uchrashuvda asosiy hujumchi sifatida Eldor Shomurodovni tanlagan bo‘lardim. U ko‘p yuguradi, doim kurashadi, hatto gol urmagan taqdirda ham jamoa uchun bor kuchini beradi."
Shuningdek, mutaxassis Andrea Stramachchoni ham Shomurodovning “Roma”da tutgan o‘rni tobora mustahkamlanayotganiga eʼtibor qaratdi:
"Eldor Shomurodovning “Olimpiko”da “Atletik” darvozasiga kiritgan goli juda muhim ahamiyatga ega. Ilgari bu futbolchi o‘yin davomida kiyim alishtirishga ham ulgurmas edi. Bilbaoliklarga qarshi bellashuvda zaxiradan maydonga tushgan bo‘lsa-da, rimliklar uchun muhim o‘yinchiga aylandi. Dastlab, raqibning qizil kartochka olishiga sababchi bo‘ldi, keyin jamoasiga 2:1 hisobida g‘alaba keltirgan golni urdi. Mana shu aynan Klaudio Ranyerining katta ko‘lamdagi ishlari samarasidir."
Muhim o‘yin sanasi
Yevropa Ligasi chorak finaliga chiqish uchun javob uchrashuvi 13 mart kuni Ispaniyada bo‘lib o‘tadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 22:45 da start oladi. “Roma” jamoasi ushbu muhim o‘yinda Eldor Shomurodovning hissasidan foydalanishga umid qilmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar