08:34 / 14.03.2025
6 103

Shomurodov mag‘lubiyatga sababchi bo‘lgan Xummels haqida nimalar dedi?

Shomurodov mag‘lubiyatga sababchi bo‘lgan Xummels haqida nimalar dedi?
Roma” Yevropa ligasi nimchorak final javob uchrashuvida Bilbaoning “Atletik” klubi mehmoni bo‘lib, 2025 yilda ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.

Aslida rimliklar birinchi uchrashuvda Eldor Shomurodovning goli evaziga 2:1 hisobida g‘olib chiqqani bois, musobaqani davom ettirish imkoniyati bor edi.

Lekin Ispaniyadagi o‘yin Klaudio Raneri shogirdlari uchun o‘ta omadsiz boshlandi. Tajribali himoyachi Mats Xummels 11-daqiqadayoq maydondan haydalib ketdi. Nemis futbolchisi avvaliga to‘pni raqibga berib qo‘ydi va xatosini to‘g‘rilash maqsadida unga tashlandi. Oqibat – qo‘pol fol, so‘nggi umid chorasi va qizil kartochka.

“Atletik” bir kishi kam bo‘lib o‘ynagan rimliklarni 3:1 hisobida taslim qildi. Eldor Shomurodov 61-daqiqada maydonga tushdi. O‘yindan keyin legionerimiz o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

- 80 daqiqa o‘n kishi bo‘lib o‘ynash juda qiyin. “Atletik” kuchli jamoa. Biz borimizni berdik, bor kuchimiz bilan harakat qildik. Natija uchun afsusdamiz. Muxlislar shu yergacha keldi.

Bu futbol va unda hamma xato qiladi. Biz Xummels uchun ham oxirigacha kurashdik, biroq birinchi bo‘limning so‘nggi daqiqasida gol o‘tkazib yubordik. Bu psixologik jihatdan og‘ir zarba bo‘ldi.

Biz shunda ham oxirigacha kurashdik, afsuski, o‘xshamadi. Endi bor e’tiborni chempionat o‘yinlariga qaratishimizga to‘g‘ri keladi.

- 10 kishi bo‘lib ham ko‘proq narsani uddalash mumkinmidi?
- Ha, albatta. Hatto 0:1 hisobida yutqazib turganimizda ham gol urish imkoniyatimiz bor edi. Biroq maydonda o‘n kishi bo‘lib qolganingda bu juda qiyin bo‘ladi.

- Xummels uzr so‘radimi?
- Ha so‘radi. Bu futbol, hammamiz ham xato qilamiz. Biz u bilan birdammiz.

- Bunaqa mag‘lubiyatdan keyin hammasini qaytadan boshlash qanaqa bo‘larkin?
- Ikki kundan keyin “Kalyari”ga qarshi navbatdagi o‘yinimiz bor. Biz Yevropa kuboklariga yo‘llanma olishga urinishimiz kerak. Kichkina bo‘lsa ham, bunga imkoniyatimiz bor, qo‘ldan kelganicha harakat qilishim talab etiladi.

Biz bir oiladekmiz. Biz hozirgacha nima qilgan bo‘lsak, shu ishlarni davom ettirishim va oxirigacha kurashishimiz lozim. Hali chempionatda ko‘p o‘yinlar bor. Natija qanday bo‘lishini oxirida ko‘ramiz.

Eldor Shomurodov joriy mavsum A Seriya, Italiya kubogi va Yevropa ligasida jami 27 ta uchrashuvda ishtirok etib, beshta gol va uchta assist muallifi bo‘ldi. Bu samarali natijalardan ikkita gol va bitta assist aynan Yevropa ligasiga to‘g‘ri keldi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport