
Hindiston va O‘zbekistonda shaxmat tez sur’atlarda rivojlanmoqda, har kuni yangi iqtidorlar paydo bo‘lmoqda. Amerikalik grossmeystr Hans Nimann bu haqda fikr bildirib, AQSHdagi shaxmat tizimini keskin tanqid qildi.
"AQSH o‘z iste’dodlariga sarmoya kiritish o‘rniga, legionerlarni olib kelmoqda"
Nimannning so‘zlariga ko‘ra, Hindistonda shaxmat rivojlanishiga tizimli yordam sabab bo‘lmoqda. Masalan, sobiq jahon chempioni Vishvanatan Anand eng kuchli shaxmatchilarga murabbiylik qilib, hukumat esa yosh iqtidorlarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlamoqda. AQSHda esa bu kabi infratuzilma mavjud emas.
"AQSHda shaxmatga real qo‘llab-quvvatlash yo‘q. Iqtidorli yoshlar, asosan, Ivy League universitetlariga o‘qishga ketib, shaxmatdan voz kechishadi. Agar biz jahon shaxmatida yetakchi bo‘lishni xohlasak, boshqa mamlakatlardan shaxmatchilarni transfer qilish o‘rniga, o‘z iqtidorlarimizni rivojlantirishimiz kerak. Hozirgi model bilan AQSH shaxmati yo‘qolib ketishi mumkin", – dedi Nimann.
"Yillar davomida legionerlarga tayangan tizim ish bermaydi"
Nimann Amerika shaxmat federatsiyasining strategiyasini tanqid qilib, Karuana, Aronyan, Dominges va So kabi shaxmatchilar ilgari boshqa davlatlarning vakillari bo‘lganini ta’kidladi. Ularning AQSHga kelishi asosan moliyaviy rag‘batlantirish bilan bog‘liq. Ayni paytda, Nimann va Mishra kabi mahalliy iqtidorlar esa minimal qo‘llab-quvvatlanmoqda.
"Biz 25 yil davomida boshqa davlatlarning sharafini himoya qilgan shaxmatchilarni jalb qilish uchun yiliga 200 000 dollar sarflashimiz kerakmi yoki o‘z iqtidorlarimizni tarbiyalashimiz kerakmi? Bu model uzoq muddatli samara bermaydi. Bir kun kelib, yollanma shaxmatchilar nafaqaga chiqqanida, biz hech narsasiz qolib ketamiz", – deya ogohlantirdi Nimann.
"Hindiston va O‘zbekiston bizga o‘rnak bo‘lishi kerak"
Nimann AQSHda yosh shaxmatchilarga zarur imkoniyatlar yaratilmayotganini ta’kidlar ekan, O‘zbekiston va Hindiston tajribasini misol keltirdi.
"Hindiston va O‘zbekiston shaxmatga sarmoya kiritish orqali qanday rivojlanishga erishish mumkinligini ko‘rsatib turibdi. U yerda davlat va xususiy sektor yosh iqtidorlarni tarbiyalash uchun juda katta mablag‘ ajratmoqda. AQSHda esa, vatanparvarlik haqida gap ketganda, o‘z shaxmatchilarini qo‘llab-quvvatlash deyarli yo‘q", – dedi grossmeystr.
Federatsiyasini o‘zgartirish haqida o‘ylayaptimi?
Nimannning shaxmatdagi faoliyati Niderlandiyada boshlangan. U yoshlar o‘rtasidagi mamlakat chempionatlarida qatnashgan va hatto olimpiadada Niderlandiya nomidan birinchi o‘rinni ham qo‘lga kiritgan. Endi uning federatsiyasini o‘zgartirishi mumkinligi haqida taxminlar paydo bo‘ldi. Agar u AQSHdan voz kechsa, uning yangi vatani Niderlandiya bo‘lishi mumkin.
Nimannning tanqidlari AQSH shaxmatidagi tizimli muammolarni yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi. Amerika shaxmati o‘z istiqbolli yoshlariga ko‘proq e’tibor qaratadimi yoki hozirgi yo‘nalishni davom ettiradimi – bu savol hali ham ochiq qolmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar