
Angliya Premer-ligasi 29-turi doirasida “Manchester Siti” o‘z maydonida “Brayton”ni qabul qiladi. Yevropa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan har ikki jamoa futbolchilari uchun bu o‘yin juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xosep Gvardiola jamoasi uchun ushbu bahsda faqat g‘alaba lozim. Nufuzli cityxtra.co.uk portali mutaxassisi Jud Nobl “Siti”ning taxminiy tarkibini taqdim etib, Gvardiola qaysi futbolchilarga asosiy tarkibda imkoniyat berishi mumkinligini tahlil qildi.
Darvozabon
Ederson – O‘tgan turdagi xatosiga qaramay, braziliyalik posbon yana darvozadan o‘rin egallaydi. Uning oyoqda yaxshi o‘ynash qobiliyati va muhim seyvlari Gvardiola uchun hali ham asosiy afzalliklardan biri.
Himoya chizig‘i
Matteus Nunesh – Qanot himoyachisi oxirgi o‘yinlarda himoyadan hujumga o‘tish jarayonini mukammal bajarib kelmoqda. Jamoada jarohatlar ko‘p ekanini hisobga olsak, portugaliyalik futbolchi o‘z o‘rnida qolishi ehtimoli yuqori.
Ruben Diash va Abduqodir Husanov – Himoya markazida ishonchli tandem hosil qilgan bu ikkilik bugungi bahsda ham asosiy kuch sifatida qaralmoqda. Husanov “Siti”ga qo‘shilganidan beri tobora kuchayib, o‘zini ko‘rsatishda davom etmoqda.
Yoshko Gvardiol – Himoya chizig‘ini to‘ldirib turadigan xorvat futbolchisi bu mavsumda jamoadagi eng barqaror o‘yinchilardan biri. U nafaqat himoyada, balki hujumga qo‘shilish bobida ham faol.
Yarim himoya liniyasi
Niko va Mateo Kovachich – Bu ikki yarim himoyachi maydon markazida jamoa ustunligini ta’minlash vazifasini bajaradi. Ular raqib hujumlarini bartaraf etish va pressingda faol bo‘lishlari lozim.
Hujum chizig‘i
Savino, Umar Marmush va Fil Foden – Savinoning tezkor va ayyorona harakatlari o‘ng qanotda “Brayton” himoyachilarini sinovdan o‘tkazadi. Marmush esa xuddi shunday vazifani chap qanotda bajarib, hujumga yangicha qo‘shilishi bilan muxlislarga kutilmagan taassurot berishni maqsad qilgan. Fil Foden esa hujum markazida jamoani yetaklab, xavfli paslar va uzatmalar bilan jamoadoshlariga yordam berishi kutilmoqda.
Hujumchi
Erling Xoland – Norvegiyalik to‘purar Angliya Premer-ligasidagi 100-golini aynan “Brayton” darvozasiga yo‘llashni maqsad qilgan. Unga qarshi himoyalanish raqib uchun haqiqiy sinov bo‘ladi.
Taxminiy asosiy tarkib:
Ederson; Nunesh, Diash, Husanov, Gvardiol; Niko, Kovachich, Foden; Savino, Xoland, Marmush.
Zaxiradagilar:
Ortega Moreno, Lyuis, Reys, Gyundog‘an, De Bryuyne, Bernardu Silva, MakEti, Grilish, Doku.
Jamoalarning bu to‘qnashuvi 15 mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da boshlanadi. Bu taxminiy tarkib qanchalik to‘g‘ri chiqishini esa o‘yin boshlanishidan avval bilib olamiz! “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar