
5 mart kuni saytimizda JCH-2026 saralash bosqichidan o‘rin olgan KXDR (Shimoliy Koreya) - BAA uchrashuvi Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tishi haqida xabar chiqdi.
KXDR terma jamoasi shu paytgacha uy o‘yinlarini Laosda o‘tkazib kelayotgandi. Xususan bu jamoa uchinchi bosqichdagi uy uchrashuvlarida Qatar bilan 2:2 qayd etib, Eronga 2:3, O‘zbekistonga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Endi bo‘lsa, Shimoliy Koreya terma jamoasi 25 mart kuni BAA bilan o‘yinni Saudiya Arabistonida o‘tkazadi. Uchrashuv Ar Riyoddagi "Shahzoda Faysal bin Fahd" stadionida bo‘lib o‘tadi. Ungacha Shimoliy Koreya 20 mart kuni Dohada Qatar mehmoni bo‘ladi.
Biz uchun KXDR terma jamoasining kimlar bilan o‘yini qiziq emas, ammo navbatdagi uy uchrashuvini "kutilmaganda" Saudiya Arabistoniga ko‘chirgani g‘alati. Saralashning nafaqat uchinchi, balki ikkinchi bosqich uy o‘yinlarini ham Laosda o‘tkazib kelgan KXDR endilikda Dohadagi bahsdan so‘ng to‘g‘ri Saudiyaga parvoz qiladi. Va ko‘pchilik bunda BAAning qo‘li borligini bildirmoqda.
Guruhdan 2ta jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri Jahon chempionatiga chiqishini hamda Eron bir, biz esa ikkinchi o‘rinda borayotganimizni hisobga olsak, shu o‘rinni boy berib qo‘ymaslik uchun nihoyatda ehtiyot bo‘lishimiz shart. Chunki biz 13 ochko to‘plagan bo‘lsak, ortdan 10 ochko bilan BAA quvib kelmoqda va bu o‘rinda bizning asosiy raqobatchimiz BAA terma jamoasi bo‘ladi.
Eron mayli, peshqadamlikni bermasin, bizdan boshqa hamma o‘yinlarni yutsin, BAAni ham, Qatarni ham mag‘lub etsin. Lekin bizning oldimizdagi birlamchi vazifa BAAni o‘tkazib yubormaslik bo‘lib qoladi. Buning uchun o‘z o‘yinlarimizda g‘alaba qozonishimiz kerak.
KXDR - BAA uchrashuvining Laosdan Saudiyaga ko‘chirilishi, BAAga ustunlik beradi. Ungacha bu jamoa Tehronda Eron mehmoni bo‘ladi va shundan so‘ng Ar Riyodga yo‘l oladi. Ya’ni, BAA terma jamoasi mart oyidagi har ikkala bahsni safarda o‘tkazadi.
Biz esa avvaliga Toshkentda Qirg‘iziston bilan o‘ynaymiz va shundan keyin Eronga uchib ketamiz. Besh kun oralig‘ida juda qiyin ikkita turni o‘tkazamiz. Bu o‘yinlar yangi bosh murabbiy Timur Kapadzega ham bosim yuklashi tabiiy. Xavotirga solayotgani esa KXDR - BAA uchrashuvining boshqa joyga ko‘chirilishi va bunda BAAning qo‘li bor-yo‘qligi.
E’tiborlisi, 5 iyun kuni KXDR uyda Qirg‘iziston bilan o‘ynashi kerak, lekin bu uchrashuv qayerda bo‘lib o‘tishi hali e’lon qilinmagan. Balki OFK o‘yinni yana Laosga ko‘chirar. Yana bir ma’lumot shuki, o‘tgan yil O‘FA ham KXDR bilan bahsni Saudiya Arabistoniga ko‘chirish borasida murojaat qilgan, biroq bu murojaat rad etilgandi. Endi bo‘lsa, negadir KXDR - BAA uchrashuvi Ar Riyodda o‘tkazilishiga hech qanday muammo ko‘rinmayapti.
Xo‘sh, bu o‘zgarish xavotirga sabab bo‘ladimi? Bir tomondan ha, bir tomondan yo‘q. "Ha" deyishimizning boisi buyog‘iga har bir o‘yin chempionlikka teng, har bir ochko qadrli. Marraga yaqin kelganda ko‘p jamoalar turli variantlarni sinab ko‘rishga harakat qiladi. Jumladan, BAA ham qulay vaziyatni boy berishni istamaydi va imkoniyat bor ekan oxirigacha kurashadi.
"Yo‘q" deyish uchun esa biz o‘yinlarimizni yutishimiz kerak. Tamom, vassalom. Shunda raqiblarimizning qayerda o‘ynashi biz uchun ahamiyatsiz bo‘lib qoladi. Mana shu qolgan to‘rtta turni chiroyli o‘tkazib olsak bo‘lgani, qarabsizki, Jahon chempionatidamiz. Ya’ni boshqa voqealarga chalg‘ib qolmasdan faqat o‘z o‘yinimizni o‘ylashimiz va ijobiy natija ustida bosh qotirishimiz darkor. Eng muhimi, qoqilmaslik kerak. Matematikani aralashtirmay mundialga boraylik biz ham. Xalq bir maza qilsin.
X.Xoliqov.
Manba: championat.asia

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar