
JCH saralashi doirasida Qirg‘iz Respublikasi ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin O‘zbekiston termasi bosh murabbiyi Timur Kapadze hamda o‘yinning eng yaxshi futbolchisi Hojiakbar Alijonov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Avvalo barcha hamyurtlarimizni Navro‘z bayrami bilan tabriklayman. Bugun g‘alaba qozondik. Balki ko‘proq gol urib, yanada chiroyliroq g‘alaba qozonsak bo‘lardi. Biroq muhimi g‘alaba edi. Balki ertaroq gol urib olganimizda hisob boshqacha bo‘lardi. Raqiblar ham yaxshi himoyalandi. Endi biz keyingi o‘yinga tayyorlanamiz.
Hojiakbar Alijonov: - Barchani g‘alaba bilan tabriklayman. Bizni qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat. O‘yin yaxshi o‘tdi, biz istagandek o‘tdi.
- Birinchi rasmiy o‘yiningizdan nimalarni kutgandingiz? Bu o‘yin oldidan Katanetsdan ham yordam oldingizmi? Bugun Shomurodov past baho oldi. Bu haqda nima deya olasiz?
- Barchasi joyida. Yordamchilarim mening yordamchilarim, Katanetsniki emas. O‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. O‘yinda biz kutgandek o‘zgarishlar bo‘ldi. Qizil kartochkadan keyin esa ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi. Raqiblar ham ochko uchun kurashishlarini bilardik. Biroq biz o‘z uyimizda o‘ynayotganimiz uchun ularga imkoniyat qoldirmay g‘alaba qozonishimiz kerak edi. Balki raqiblar 11 kishi bo‘lib qolganida bizga osonroq bo‘lardi. Birinchi va ikkinchi bo‘limda ham ko‘plab vaziyatlarga ega bo‘ldik. Balki gollarni keyingi o‘yinlarga olib qo‘ygandirmiz, muhimi natijaga erishdik.
- Turkmanistonga qarshi o‘yinda orttirilgan jarohatdan keyin ko‘p vaqt o‘ynamadingiz, aslida shunga kim aybdor edi?
Hojiakbar Alijonov: - Bu ayb emas yoki kimningdir aybi emas. Turkmanistonga qarshi o‘yindan keyin Eron bilan ham ikki taym o‘ynaganman. Keyinchalik "Paxtakor"da ham o‘yinlarda qatnashdim. Futbolda jarohatlar oddiy holat.
- Jaloliddin Masharipovning sariq kartochkasi bor edi. U bunga qadar ham shunday holatlarda sariq kartochka olgandi. O‘z navbatida Eron chempionatida o‘ynaydigan boshqa bir futbolchi Oston O‘runov ham Eronda o‘ynamaydi. Bu ikki asosiy futbolchisiz vaziyatdan qay tariqa chiqib ketmoqchisiz?
- O‘zi yig‘inga Aliqulov chaqirilgandi. U jarohat oldi. Keyin esa Oston O‘runov keldi. U mashg‘ulotda oyog‘i og‘rib qoldi. Futbolda bunday holatlar bo‘lib turadi. Biz ham bunday jarayonlarga tayyor bo‘lishimiz kerak. O‘ylaymiz, qaraymiz. Masharipov katta yo‘qotish bo‘ldi. O‘yindan oldin ularga barchasi aytilgandi. Oldinda vaqtimiz bor, barchaning o‘rnini to‘ldirishga harakat qilamiz. Termaga chaqirilgan barcha futbolchilarga ishonch bildiramiz.
- Jahon chempionatiga bir qadam qoldi. Eron BAA termasini mag‘lub qildi. Bizga 3 ochko ham yetishi mumkin. Yigitlarning hozirgi kayfiyati qanday?
- Kayfiyat zo‘r. So‘nggi ikki kun juda ziq o‘tdi. Ayrim yigitlar so‘nggi pallalarda termaga yetib kelishdi. Asosiysi g‘alabaga erishdik va vazifaga yaqinlashdik. Hozirdan keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Chunki Eronda oson bo‘lmaydi. U yerda ham ochko olishga harakat qilamiz.
- O‘yin davomida Shomurodov penaltidan foydalana olmadi. Negadir o‘zbek futbolida so‘nggi paytlarda penaltidan foydalanish muammo bo‘lib kelmoqda. Bunga nima sabab deb o‘ylaysiz?
- Bu muammo emas, ruhiy jarayon. Bugun penaltini yomon tepmadi. Darvozabonlar yaxshi harakat qilyapti. O‘tkir Yusupov ham bizni necha marta penaltilardan qutqargan. Bunday individual holatlar bo‘yicha gapirish qiyin. Eldorda bugun bosim yo‘q edi, istalgan burchagiga tepsa bo‘lardi. Balki urganimizda boshqacharoq bo‘lardi. Umuman olganda o‘yinni yirik hisobda yutganimizda yaxshiroq bo‘lardi. Asosiysi bahs bizning nazorat ostida o‘tdi. Balki gol urilganida ko‘proq ursak bo‘lardi. Oldinda o‘ynadik va vaziyatni kutdik. Menimcha raqiblarda birorta vaziyat bo‘lmadi.
- Eshitishimiz bo‘yicha mart oyining o‘zida termaga jahon chempionatini hal qilish vazifasi yuklanibdi. Ayrim legioner futbolchilar Eronga qarshi o‘yindan keyin Toshkentga qaytib, bu holatni nishonlashga tayyorlanar ekan. Bu gaplar qanchalik rost?
- Bu haqda biz hech nima eshitmadik. Shunday bo‘lsin. Eronni o‘ylab tayyorgarlikni boshladik.
- Terma jamoa bugungi o‘yinga qadar doimo 3 markaziy himoyachi bilan o‘ynab kelayotgandi. Qizil kartochkadan keyin Siz hujumkor futbolchini tushirsangiz bo‘lardi. Lekin Siz uchlikni saqlab qoldingiz. Bu Eronga qarshi o‘yindan oldin o‘zgarish qilishni istamaganingizdan dalolatmi yoki raqibning qarshi hujumidan qo‘rqdingizmi?
- Baribir himoyada ishonch bo‘lishi kerak. Uchtalik himoyada barcha bir-birini nazorat qilib turadi. Agarda ikki markaziy himoyachi bilan o‘ynaganimizda yarim himoyachilar orqaroq o‘ynashi kerak bo‘lardi. Balki keyingi o‘yinlarda to‘rt himoyachi bilan o‘ynarmiz. Qaraymiz, yo‘qotishlarga qarab ish tutamiz.
- Ikkinchi qavatda biz umuman yuta olmadik. Ko‘plab burchak zarbalaridan samara chiqmadi. Bu borada qanday ishlar olib borilmoqda. Penalti masalasida ham savolim bor. Siz o‘ynagan vaqtda Server Jeparov penalti tepardi. Yana bir savol bor: Odil Hamrobekovda to‘pni olib qo‘yish sifati yaxshi, Shukurovda esa zo‘r pas berish. Biroq bugun markazdan paslarni ko‘p ko‘rmadik. Jaloliddin Masharipovni markazga olganingizdan keyin markazdan paslar ko‘paydi.
- Odilda ham bunday paslar bor. 5 kishilik himoyada markazdan paslar o‘tishi qiyin. Barcha futbolchilarim bundan ham ko‘prog‘ini qila oladi. Akmal Mozgovoyni ham bugun sinab ko‘rdik. Barchani qarab, ishlab ko‘ramiz. Bizda vaqt ko‘p bo‘lmadi. Eldor bir kun oldin keldi, standartlarga kelganida charchoq his qilib, mashg‘ulotdan chiqib ketdi. Balki yanada zichroq o‘yinchilarni joylashtirsak, raqiblarning paslari ham o‘tmasligi mumkin.
- Eronga qarshi o‘yin biz uchun hayot-momot jangi bo‘ladi. Ushbu o‘yinga syurprizlar tayyorlaganmisiz yoki shu o‘zimizning sodda uslubda o‘ynaymizmi?
- Bu sodda uslub emas. Hujumda ham o‘ynasak bo‘ladi. Ikki kun davomida ishlanmalar bo‘ldi. Birinchi bo‘limda yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Masharipovning yo‘qotilgani biz uchun boshog‘riq bo‘ladi. Natija uchun borimizni beramiz. Futbolchilar ham natija uchun o‘zgarishlarga doimo tayyor bo‘ladi.
- Penaltilar seriyasi yoki penaltilar bilan muammolar doimo bizda bo‘lib kelgan. Bu bo‘yicha ishlar olib borilyaptimi?
- Ha, e’tibor beryapmiz. Oxiri o‘zim chiqib penalti tepaman shekilli. Barcha futbolchilar mashg‘ulotlardan keyin qo‘shimcha ishlashyapti. Eldor boshqa burchakka ham tepishi mumkin edi. Yaxshi tepdi ham, darvozabon olib chiqdi. Buni kamroq muhokama qilish kerak deb o‘ylayman.
- Bugungi o‘yinda jamoamiz 24 ta zarba berib, 1 tagina gol urdi. Eronga qarshi o‘yinda buncha zarba bera olmasligimiz mumkin.
- Yigitlar harakat qilishmoqda. To‘pning dinamikasi ham yaxshi bo‘ldi. Ertaga tiklanish bo‘ladi, indinga esa tayyorgarlik bo‘ladi va undan keyingi kun yo‘lga chiqamiz. Bu holatlarni to‘g‘rilashga vaqt yetsa, ishlaymiz. Bu o‘yin bilan Eronni solishtirish noto‘g‘ri. Barchamiz Eronning qanday jamoa ekanligini bilamiz. "Ozodi"da o‘ynash oson emas. Jamoada yo‘qotishlar ham bor. Barchasiga qarab, ishlar yaxshi bo‘lishiga harakat qilamiz.
- Murabbiy sifatida Sizga havas qilish qiyin. Sizda terma bilan ishlash uchun vaqt yetarli emas. Eron bilan o‘yinga oz vaqt qoldi. O‘FA Sizga qadar murabbiylarga ko‘p yig‘inlar tashkil qilib berdi. Sizda hozircha bunday sharoitlar qilib berilganicha yo‘q. Bunday holatdan chiqib ketish uchun nimalarni o‘ylagansiz?
- Bir narsa deyish qiyin. Termani yig‘ishga sharoit ham bo‘lmadi. FIFA kunini kutdik va bu birdaniga rasmiy o‘yinlarga to‘g‘ri keldi. Futbolchilar ham o‘yinga yaqin yetib kelishdi. Ko‘plab futbolchilar yo‘ldan kelgani uchun qattiq shug‘ullana olmadik, faqatgina nazariy mashg‘ulotlar orqali raqibni o‘rgandik. Ikkitagina mashg‘ulotda bog‘lanmalar bo‘yicha ishladik. Balki yana 2 kun bo‘lganida yaxshiroq bo‘larmidi. O‘ylaymanki, bu o‘yin biz uchun foydali bo‘ldi. Qirg‘iz Respublikasining qanday o‘ynashini bilardik. Biroq Eron boshqacha o‘ynaydi. Ularning o‘yinlarini kesib, futbolchilarga ko‘rsatishga harakat qilamiz. Terma jamoada shunday qiyinchiliklar bilan o‘yinga yetib keldik. G‘alaba muborak. Bu orqali jahon chempionatiga oz qoldi. Barchamizga jahon chempionatiga borish nasib qilsin. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar