11:54 / 22.03.2025
1 854

Abduraimov: "O‘yin menga yoqdi, biz uchun eng asosiysi natija"

Abduraimov: "O‘yin menga yoqdi, biz uchun eng asosiysi natija"
FIFA kunlari munosabati bilan “JCH-2026”ning oxirgi saralash bosqichidagi o‘yinlar o‘tkazilayotganidan yaxshi xabardorsiz.

Terma jamoamiz 20 mart kuni Qirg‘izistonni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. 25 mart kuni Tehronda Eronga qarshi markaziy to‘qnashuv kutib turibdi. Milliy terma jamoamiz Eron bilan birga mundial sari tobora yaqinlashib qoldi. Agar vakillarimiz Tehronda uch ochkoni qo‘lga kiritadigan bo‘lsa, muddatidan ilgari O‘zbekiston jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Shunday ekan, 25 mart oqshomida juda muhim o‘yin guvohiga aylanamiz va albatta vakillarimizga omad yor bo‘lishini tilaymiz.

Taniqli futbol mutaxassislaridan biri Jasur Abduraimov Qirg‘izistonga qarshi o‘yin va Eron bilan o‘tadigan bo‘lajak uchrashuv borasidagi bir qator savollarga javob berdi.

- Jasur aka, milliy terma jamoamiz Qirg‘izistonga qarshi bahsda kutilganidek 3 ochkoni qo‘lga kiritdi, ammo ko‘plab imkoniyatlardan foydalana olmadik. Ushbu uchrashuv haqida fikringiz qanday?
- Birinchi navbatda biz uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Bu juda yaxshi natija. Jahon chempionatiga chiqishimizga yanada yaqinlashdik. O‘yin shunaqa bo‘ldiki, raqib qarshi hujumda o‘ynadi. Bizda ko‘plab golli imkoniyatlar bo‘ldi.

- Raqib futbolchisining qizil kartochka olgani bizga foyda bo‘ldimi yoki ziyon deb o‘ylaysizmi?
- Albatta, ta’sir qiladi. Raqib o‘yinchisining qizil kartochkasi ham bizga yaxshi bo‘ldi. Terma jamoamizga qiyin bo‘lgani shu bo‘ldiki, ular butun jamoa bo‘lib himoyalandi. Shunga qaramasdan futbolchilarimiz ko‘plab juda yaxshi golga tortadigan vaziyatlarni yaratdilar. O‘yin menga yoqdi.

- Keyingi turda Masharipov Eronga qarshi uchrashuvda jamoamizga yordam bera olmaydi. Bu biz uchun katta yo‘qotishmi?
- O‘ylashimcha, Masharipov katta yo‘qotish. Chunki u yetakchi o‘yinchimiz. Ko‘ramiz, o‘rniga kim o‘ynarkin?

- Terma jamoamiz safida sizga eng yoqqani kim bo‘ldi?
- Aytganimdek, menga jamoani o‘yini yoqdi. O‘rtada Otabek Shukurov, Odil Hamrobekov, Jaloliddin Masharipov, Abbos Fayzullayev, Eldor Shomurodov kabi yigitlar ham ajoyib harakat qildilar. Bular yetakchilar va o‘zlarini ko‘rsatishlari kerak. Hojiakbar Alijonov muhim golni urdi. U yoshligida mening qo‘l ostimda shug‘ullangan. Gol urganidan xursand bo‘ldim.

- Umuman olganda, Tehrondagi o‘yindan nima kutyapsiz?
- O‘yin jangovar tarzda o‘tadi. Hujumkor va balans bo‘lishi kerak: himoyada ham, oldinga chiziqda ham. Jamoaviy o‘yin yaxshi bo‘lsa, natija ham keladi.

- Srechko Katanetsdan keyin Timur Kapadze ishni davom ettiryapti. Jamoa o‘yinida o‘zgarish sezyapsizmi? Katanes bilan Kapadzening farqi nimada?
- Hozir farqi albatta ko‘rinmaydi. Katanetsda ham, Kapadzeda ham vazifa bitta. Ayni paytda natija ko‘rsatish muhim. Ayniqsa, bu milliy terma jamoa bo‘lar ekan, natija eng asosiysi hisoblanadi. O‘yin zo‘r bo‘lsa natija ham keladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport