22:31 / 22.03.2025
16 212

Jahon chempionati: O‘zbeklar hammani hayratga soladi!

Jahon chempionati: O‘zbeklar hammani hayratga soladi!
2026 yili birdaniga uch mamlakat – AQSH, Kanada hamda Meksika mezbonlik qiladigan jahon chempionati o‘zbek futboli uchun tarixiy ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.

Kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati – O‘zbekiston futbolchilari zabt etolmagan yagona musobaqa hisoblanadi. O‘tgan yili hamyurtlarimiz Parij Olimpiadasida qatnashganidan keyin qadamimiz yetib bormagan turnir faqatgina mundial bo‘lib qoldi.

Ayni paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionatiga chiqish uchun har qachongidan yaxshi imkoniyat hosil qilgan. Osiyo saralash turniri uchinchi bosqichida futbolchilarimiz o‘z guruhida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Peshqadam Erondan uch ochko orqadamiz va 25 mart kuni aynan forslar bilan kuch sinashamiz.

Yigitlarimiz bu bosqichda qolgan uchta uchrashuvda to‘rt ochko jamg‘arishi biz uchun Shimoliy Amerikaga yo‘l ochadi. Hozircha, hammasi Timur Kapadze boshqarayotgan terma jamoamiz qo‘lida.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining ilk bor jahon chempionatiga chiqish imkoniyati xorijda ham muhokama qilinmoqda.

Xususan, o‘z davrida terma jamoa va “Paxtakor”ni boshqargan rossiyalik taniqli mutaxassis Valeriy Nepomnyashchiy futbolchilarimizning saralash bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tishiga ishonayatganini ta’kidladi.

- Keyingi yillarda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi xalqaro maydonda jiddiy natijalarni qayd etmoqda. O‘tgan yili ular Olimpiya o‘yinlarida ham ishtirok etdi.

Mamlakatda yoshlar futboliga e’tibor katta, ular unib-o‘sdi va bu bosh jamoa uchun ham samara keltira boshladi.

O‘zbekistonning ayrim o‘yinchilari, jumladan Eldor Shomurodov va Abduqodir Husanov Yevropada o‘ynayapti.

Bir tomondan O‘zbekistonning jahon chempionatiga chiqishi hammani hayratga soladi, boshqa tarafdan aynan shunday bo‘lishi ham kerak.

Bu yaxshi olib borilgan ishlarning samarasi bo‘ladi va men ham bu haqqoniy yutuqni qo‘llab-quvvatlayman, - dedi 81 yoshli Valeriy Nepomnyashchiy.

Eslatib o‘tamiz, rossiyalik murabbiy 2006-2007 yillar davomida “Paxtakor” va O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lib ishlagan. Bundan tashqari, u 1990 yilgi jahon chempionatida Kamerun terma jamoasini muvaffaqiyatli boshqargani bilan futbol tarixida nom qozongan.

Valeriy Nepomnyashchiy 1996 yili uzoq yillik murabbiylik faoliyatiga Samarqandning o‘sha davrdagi “Spartak” nomli jamoasida o‘ynovchi murabbiy bo‘lib kirishgan. 2018 yilgacha davom etgan murabbiylik karyerasida Rossiya, Turkmaniston, Turkiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreyaning qator klublarida faoliyat yuritgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport