14:17 / 24.03.2025
348

Yevropada dramatik o‘yinlar: Italiyaga dahshatli kambek ham yordam berolmadi, Ronaldudan yangi rekord

Yevropada dramatik o‘yinlar: Italiyaga dahshatli kambek ham yordam berolmadi, Ronaldudan yangi rekord
Millatlar ligasida chorakfinal bahslari dramalarga boy bo‘ldi. Italiya Germaniya bilan o‘yinda uchta gol farqini yo‘qqa chiqardi, ammo ikki o‘yin natijasiga ko‘ra qolib ketdi (1:2, 3:3), Ispaniya va Niderlandiya ikki o‘yinda ham durang o‘ynadi (2:2, 3:3) va futbol lotereyasida ispanlarga omad kulib boqdi, birinchi o‘yinda Daniyaga yutqazib qo‘ygan (0:1) portugallar, javob o‘yinida asosiy vaqtda muvozanatni tikladi (3:2) va overtaymlarda yana ikkita gol urdi, birinchi o‘yinda Xorvatiyaga yutqazgan (0:2) Fransiya esa o‘z uyida shu hisobda g‘alaba qozondi va penaltilar seriyasida aniqroq harakat qilib, yarimfinalga o‘tdi.

Endi yarimfinalda Fransiya Ispaniya, Portugaliya Germaniya bilan o‘ynaydi.

Italiyaliklar 0:3 hisobidan keyin kambek qilib ham yarimfinalga chiqolmadi. Germaniyaga Trent uslubidagi burchak zarbasi yordam berdi

Millatlar Ligasi. 1/4 final
Javob o‘yinlari. 23 mart
Germaniya — Italiya 3:3
Gollar
: Kimmix (30, penalti), Musiala (36), Klyayndinst (45) — Ken (49, 69), Raspadori (90+5, penalti).
Germaniya — Baumann, Ta, Ryudiger (Bissek, 77), Shlotterbek, Kimmix, Shtiller (Gross, 63), Goretska (Amiri, 63), Mittelshtedt, Sane (Adeyemi, 63), Musiala (Andrix, 77), Klyayndinst.
Italiya — Donnarumma, Gatti (Politano, 46), Buonjorno, Bastoni, Di Lorenso, Barella, Tonali (Raspadori, 68), Richchi (Zakkani, 85), Udoji, Ken (Lukka, 85), Maldini (Frattezi, 46).
Ogohlantirishlar: Gatti (21), Shtiller (22), Buonjorno (29), Adeyemi (68), Bastoni (79), Klyayndinst (79).
Birinchi o‘yin — 2:1.

● Italiya nemislar bilan o‘yinning birinchi bo‘limidan keyin 0:3 hisobida ortda borayotgandi, ikkinchi bo‘limda esa uchta gol bilan javob qaytardi, ammo yakunda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra (1:2, 3:3) baribir turnirni tark etdi. Kunning eng yorqin goli – Trent Aleksander-Arnold uslubidagi burchak zarbasidan keyin shu o‘yinda urildi. Janluidji Donnarumma jamoadoshlarini jarima maydoni bo‘ylab joylashtirish bilan bandligida, Jamal Musiala Yozua Kimmihning uzatmasidan keyin to‘pni bo‘sh darvozaga yo‘lladi.

Kimmih nemislarning ikki o‘yindagi barcha gollarida ishtirok etdi. Javob o‘yinida u avvaliga penaltidan hisobni ochdi, keyin burchak zarbasini ijro etishda italiyaliklarni dog‘da qoldirdi, bo‘lim oxirida esa forvard Tim Klyayndinstga ham uchinchi golni urishda yordam berdi.

Ikkinchi bo‘limda italyanlar o‘yinda burilish yasadi. Moyze Kin dubl rasmiylashtirdi, Kimmih uning birinchi golida ham ishtirok etdi – himoyachining noaniq uzatmasidan keyin gol o‘tkazib yuborildi. 76-daqiqada italiyaliklar penalti so‘rashdi, ammo bosh hakam Shimon Marchinyak Niko Shlotterbek Jovanni Di Lorensoga qo‘pollik ishlatmagan deb topdi.

Nemislar darvozasiga faqat qo‘shimcha daqiqalarda, hisob 3:2 holatida Maksimilian Mittelshtedt qo‘l bilan o‘ynaganida 11 metrlik jarima zarbasi belgilandi. Jakomo Raspadori uyaltirmadi, ammo hisob tenglashishi yetarli bo‘lmadi. Italyanlar ikkinchi bo‘limda yorqin o‘yin ko‘rsatishdi, ammo ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 5:4 hisobida ortda qolishdi.

Kimmih – bu qarama-qarshilikning asosiy qahramoni, u ikki o‘yinda to‘rt assist va bir gol muallifi bo‘ldi. Germaniya Italiyani haqli ravishda ortda qoldirdi (beshtaga qarshi 19 zarba) va Myunxen va Shtutgartda o‘tkaziladigan To‘rtlar finaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Endi ular o‘z maydonida o‘ynaydi, italiyaliklar ustun kelgan taqdirda, barcha Turinga yo‘l olgan bo‘lardi.

Italiya qatorasiga uchinchi o‘yinda g‘olib chiqolmayapti: jamoa guruh bosqichining so‘nggi turida Fransiyaga yutqazgandi (1:3). Endi – chorakfinalda mag‘lubiyat va mag‘lubiyatga teng durang qayd etildi. Germaniya esa sakkiz uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etmoqda. Nemislar so‘nggi bor 2024 yil yozida – Yevropa chempionati 1/4 finalida Ispaniyaga yutqazgandi (1:2). Shundan keyingi davrda besh g‘alaba va uch durang qayd etildi.

Niderlandiya uch marta hisobni tenglashtirdi. Penaltilar seriyasida Yamal xato qildi, lekin Pedri qutqardi

Ispaniya — Niderlandiya 3:3
Penaltilar seriyasi — 5:4.
Gollar: Oyarsabal (8 penalti, 67), Yamal (103) — Depay (54, penalti), Matsen (79), Simons (109, penalti).
Ispaniya — Simon, Mingesa (Porro, 94) Le Norman, Heysen, Kukurelya, Subimendi (Garsiya, 106), Olmo (Pedri, 84), Ruis (Merino, 84), Yamal, Uilyams (Baena, 117), Oyarsabal (Torres, 69).
Niderlandiya — Verbryuggen, Gertryuyda (Malen, 78), van Hekke, van Deyk, Matsen, Reynders (Kopmeyners, 110), De Yong (Teylor, 106), Frimpong, Klyuyvert (Simons, 78), Gakpo (Lang, 78), Depay (Brobbi, 101).
Ogohlantirishlar: Le Norman (53), Depay (61).
Birinchi o‘yin — 2:2.

● Ispaniya Niderlandiyani qiyinchilik bilan ortda qoldirdi (penaltilar bo‘yicha 5:4). Mikel Oyarsabal dubl qayd etdi: 8-daqiqada penalti ishladi va uni o‘zi aniq ijro etdi, 67-daqiqada esa boshda yo‘llagan aniq zarbasi bilan ispanlarni yana hisobda oldinga olib chiqdi. Niderlandiya safida Memfis Depay jarima maydoni ichida Le Norman bilan to‘p uchun kurashda penalti ishlab hisobni tenglashtirdi.

Oyarsabal – Luis de la Fuente davrida Ispaniya milliy jamoasining barcha turnirlardagi eng yaxshi to‘purari: u bu oraliqda allaqachon to‘qqizta gol urdi. Alvaro Moratada 7 ta, Ferran Torres, Dani Olmo va Hoselu 6 tadan.

Ammo bu o‘yinda uning ikkinchi goli ham g‘alabani ta’minlamadi: triller syujetida kechgan o‘yinning 79-daqiqasida Yan Matsen hisobni tenglashtirib, o‘yin overtaylarga o‘tdi. Qo‘shimcha bo‘limlar boshida esa Lamin Yamal navbatdagi shedevr goli bilan jamoasini yana hisobda oldinga olib chiqdi, ammo olti daqiqa o‘tib Havi Simons o‘zi ishlagan penaltini aniq ijro etib, o‘yin davomida uchinchi bor hisobni tenglashtirdi.

Shu tariqa, o‘yin penaltilar seriyasigacha bordi. Avvaliga niderlandiyaliklar safida Noa Langning zarbasidan keyin to‘p to‘singa bordi, ispanlardan esa Yamalning zarbasi muvaffaqiyatsiz chiqdi. Uzoq davom etgan seriya yakunida ispanlar Doniell Malenning xatosi evaziga yarimfinalga yo‘l olishdi – Unai Simon chapga tashlanib, minimal balandlikda uchib kelayotgan to‘pni bir qo‘li bilan qaytarib qoldi. Pedri esa hal qiluvchi urinishda sovuqqonlik bilan harakat qilib, Lamin tanqidlardan qutqardi (10:9).

Ispaniya mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirmoqda: 2024 yil martidan buyon – 14 g‘alaba va to‘rt durang.

Ronaldu penaltida xato qildi, lekin o‘yindan gol urib, baribir jamoasi bilan yarimfinalga yo‘l oldi

Portugaliya — Daniya 5:2
Gollar
: Andersen (38, avtogol), Ronaldu (72), Trinkau (86, 91), Ramush (115) — Kristensen (56), Eriksen (76).
Aniq ijro etilmagan penalti: Ronaldu (6).
Portugaliya — Koshta, Dalot (Semedu, 81), Diash, Inasiu, Mendesh, Vitinya (Nevesh, 99), Silva, Fernandesh, Leau (Jota, 62), Konseysau (Trinkau, 81), Ronaldu (Ramush, 90+2).
Daniya — Shmeyxel, Kristensen, Andersen, Vestergor, Dorgu (Harder, 97), Hyulmann, Eriksen (Frendrup, 83), Nyorgor (Froholdt, 83), Isaksen (Kristansen, 73), Lindstrem (Skov Olsen, 65), Hoylund (Biyerit, 73).
Ogohlantirishlar: Eriksen (50), Diash (50), Nyorgor (66), Jota (75), Andersen (105+3), Vestergor (120+1).
Birinchi o‘yin — 0:1.

● Portugaliya daniyaliklar to‘sig‘idan bir amallab o‘tdi (umumiy hisob 5:3). Birinchi o‘yinda Rasmus Hoylund golini o‘z uslubida nishonlashini yaqin masofadan kuzatishga majbur bo‘lgan va javob o‘yinida unga javob qaytarishga va’da bergan Krishtianu Ronaldu o‘z maqsadiga o‘yin boshidayoq erishishi mumkin edi. U 3-daqiqada Patrik Dorgu bilan to‘qnashuvdan keyin jarima maydoni ichida yiqildi. Bosh hakam Slavko Vinchich VAR bilan maslahatlashuvdan keyin 11 metrli nuqtani ko‘rsatdi. Krishtianu to‘pga o‘zi bordi, ammo Kasper Shmeyhelni dog‘da qoldira olmadi. Bu vaqtda esa Bruno Fernandesh jamoa sardoriga haddan tashqari ishonib yuborib, golni nishonlashga kirishib ketgandi.

Ronaldu faoliyatidagi 32-bor penaltidan gol urolmadi. Krishtianuning jami 205 ta urinishdan 203 ta gol urgan – 84 foiz aniqlik. Lionel Messi 140 ta imkoniyatdan 109 tasini golga aylantirgan – taxminan 78 foiz.

Birinchi bo‘limda portugallarga Yoakim Andersenning avtogoli yordam berdi. Bruno burchak zarbasidan to‘pni uzoqroqqa yetkazib berdi, to‘p Krishtianudan o‘tib ketdi va Andersenning boshi orqali darvoza to‘riga yo‘l oldi.

Ikkinchi bo‘lim boshida daniyaliklar hisobni tenglashtirdi, 72-daqiqada esa Ronaldu baribir o‘yindan gol urdi va Hoylunddan qarzini qaytardi, mehmonlar ustozi esa bir daqiqa o‘tib hujumchisini almashtirdi. Ammo Daniya yana tezda hisobni tenglashtirdi va faqat oxirgi daqiqalarda Fransishku Trinkau portugallarni yana hisobda oldinga olib chiqib, jamoalarni qo‘shimcha bo‘limlarga olib o‘tdi. Overtaymlardan birinchisi boshlanganida esa jamoasini ikki o‘yin natijasiga ko‘ra hisobda oldinga olib chiqdi, Ronalduning o‘rniga tushirilgan Ramush esa umumiy hisobni 5:3 ga yetkazdi.

Krishtianu milliy jamoa safida ilk bor 40 yoshida gol urdi. 40+ yoshda gol urgan futbolchilar jami 10 nafar edi. Ronaldu o‘n birinchisiga aylandi. Ungacha eng keksa to‘purarlardan mashhurlari: angliyalik Stenli Metyus (41 yosh-u 248 kun) va kamerunlik Roje Milla (42 yosh-u 39 kun). Virjin orollari jamoasi futbolchi Keytroy Kornelius terma jamoasi safida 43 yosh-u 196 kunligida ham gol urgan. Ronaldu bu natijani yaxshilashga ham urinib ko‘rsa bo‘ladi.

Portugaliya endi yarimfinalda Germaniyaga qarshi ikki o‘yin o‘tkazadi.

Fransiya 0:2 hisobidan chiqib ketdi. Ammo xorvatlar penaltilar seriyasigacha yetib borishdi

Fransiya — Xorvatiya 2:0
Penaltilar seriyasi
— 5:4.
Gollar: Olise (52), Dembele (80).
Fransiya — Menyan, Kunde, Upamekano, Saliba, Ernandes, Kone (Zair-Emeri, 111), Chuameni, Olise (Kamavinga, 106), Dembele (Kolo-Muani, 99), Barkolya (Due, 66), Mbappe.
Xorvatiya — Livakovich, Stanishich, Chaleta-Sar, Shutalo, Gvardiol (Pongrachich, 106), Modrich (Moro, 81), Kovachich (Yakich, 81), Perishich (Pashalich, 71), Suchich, Kramarich (Baturina, 71), Budimir (Ivanovich, 60).
Ogohlantirishlar: Stanishich (35), Mbappe (37), Kovachich (45), Gvardiol (45+3), Chaleta-Sar (61), Livakovich (74), Kolo-Muani (103).
Birinchi o‘yin — 0:2.

● Fransuzlar o‘z uyida qo‘yilgan vazifani uddalashdi va asosiy vaqtda 2 ta javobsiz gol urib, penaltilar seriyasida ham ustun kelishdi. Birinchi bo‘limda Fransiya kuchli bosim o‘tkazdi, ammo hisob ochilmay qoldi. Holbuki, xorvatlar birinchi o‘yindan keyin 2:0 hisobida oldinda edi. Bu Kilian Mbappeni asabiylashdi va 37-daqiqada Dominik Livakovichni tepib yuborgani uchun sariq kartochka ham oldi. U bu vaziyatda xorvatlar posbonining qo‘lidan to‘pni olib qo‘ymoqchi bo‘lib, uning yelkasiga tizzasi bilan zarba bergandi.

Buning uchun Oliver hujumchini ogohlantirdi, Luka Modrich esa Livakovichdan kechirim so‘rashga majbur qildi – xorvatiyalik yarimhimoyachi namoyishkorona Kilianning qo‘lidan ushlab, darvozabon oldiga olib bordi. O‘tgan o‘yinda u Madrid jamoasidagi sherigiga simulyatsiya uchun baqirgandi.

Faqat ikkinchi bo‘limda gol urildi. Maykl Olise standart vaziyatdan aniq zarba berdi. 80-daqiqada esa Usmon Dembele Olisening pasidan keyin ikkinchi golni urdi va umumiy hisobni tenglashtirdi (2:2).

Bu o‘yin ham penaltilar seriyasigacha bordi. Seriyani ochib bergan Kilian ideal zarba berdi, xorvatlar safida nuqtaga birinchi bo‘lib yaqinlashgan Baturina esa Menyanni alday olmadi. Ivanovich esa to‘pni qiyshiq tepdi. Uning ortidan nuqtaga borgan Kunde kabi. Fransuzlar safida seriyani yakunlab berishi kerak bo‘lgan Teo Ernandes ham xato qildi. Natijada beshtadan zarba bilan g‘olib aniqlanmadi va yakunda yettitadan zarba berishga to‘g‘ri keldi. Stanishichning urinishi Xorvatiya taqdirini hal qildi. Menyan uning ham zarbasini qaytardi, Upamekano esa Fransiya uchun «To‘rtlar finali» eshigini ochib berdi. Iyunda Dide Desham jamoasini Ispaniyaga qarshi jang kutmoqda.

Millatlar Ligasidagi chorakfinal o‘yinlari natijalariga ko‘ra Yevropa qit’asida 2026 yilgi jahon chempionatiga chiqish uchun saralash guruhlari ham to‘liq shakllandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport