01:04 / 26.03.2025
1 704

Timur Kapadze: "G‘alabaga yaqin edik, lekin durang ham adolatli bo‘ldi"

Timur Kapadze: "G‘alabaga yaqin edik, lekin durang ham adolatli bo‘ldi"
Xabaringiz bor, O‘zbekiston milliy terma jamoamiz Jahon chempionati saralash guruh bosqichiining 8-turida Eron bilan kuch sinashib, 2:2 hisobida jangovar durangga imzo chekdi. Mazkur bellashuvdan so‘ng terma jamoamiz bosh murabbiyi Timur Kapadze matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yin haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

"Avvalambor, Eron terma jamoasini Jahon chempionatiga yo‘l olganliklari bilan tabriklayman. Shu bilan birga, omad tilab qolaman.

Agarda o‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam uchrashuv yomon bo‘lmadi. Ikki jamoa ham yaxshi tayyorgarlik ko‘rdi. Bizda ham forslarda ham yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi. Albatta, g‘alaba qozonishimiz ham mumkin edi, lekin durang ham adolatli bo‘ldi.

Shu sababli, biz endi bo‘lajak bellashuvlarga tayyorgarlik ko‘ramiz. Bundan tashqari, yigitlarga ham rahmat aytmoqchiman. Sababi, ularning barchasi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yaxshi harakat qilishdi. Albatta, bizni qo‘llab-quvvatlash uchun stadionga tashrif buyurgan muxlislarimizga va xalqimizga rahmat aytaman.

Esimda bor, terma jamoaga vaqtinchalik murabbiy bo‘lib, Eronga qarshi o‘rtoqlik bahsida ishtirok etganmiz. O‘shanda raqib jamoa Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan payti bo‘lgan edi. Garchi 1:0 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsak ham, u uchrashuvda ikki jamoa uchun ham foydali bo‘lgan edi. Albatta, u payt bilan hozirgi davrni solishtirmagan bo‘lar edim, chunki ikki jamoa tarkibida ham o‘zgarishlar katta bo‘ldi.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda prezidentimiz futbolni rivojlantirish uchun katta hissa qo‘shmoqdalar. Yoshlar futbolini ham yuksaklarga olib chiqish uchun bir necha ishlar olib borilmoqda. Shuning uchun bu ishlar ham o‘z mevasini bermoqda, In Shaa Alloh men ishonaman biz yanada kuchli jamoa bo‘la olamiz. Kelajak uchun yosh iste’dodli o‘yinchilar ham yetishib chiqmoqda.

O‘yindan avval Eron terma jamoasini batafsil o‘rganib chiqib, ularning nozik tomonlarini tahlil qilib, futbolchilarga yetarlicha ko‘rsatmalar berdik. Shu sababli, bugungi bellashuvda ba’zi joylarda g‘alaba uchun juda yaqin ham keldik.

3 ta muhim o‘yinchimiz yo‘qligi ham biroz sezilgandek. Albatta, ular bilan jamoamiz yanada qudratliroq bo‘lar edi, lekin bu terma jamoa o‘ylaymanki, ularning o‘rniga maydonga tushgan futbolchilar ham yaxshi harakat qilishdi.

Eron chempionati ham kuchli ekanligini bilar edik, sababi, terma jamoa safida harakat qilayotganimda ham to‘qnash kelganmiz", - deya ta’rif berib o‘tdi Timur Kapadze.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport