08:55 / 28.03.2025
16 586

“Barselona” muxlislari “El-Klasiko” oldidan klub qaroridan norozi

“Barselona” muxlislari “El-Klasiko” oldidan klub qaroridan norozi
Kataloniyaning “Barselona” klubi “Real Madrid”ga qarshi bo‘lajak “El-Klasiko” uchrashuvida jamoa futbolkalariga amerikalik mashhur qo‘shiqchi Teylor Sviftning logotipini joylashtirishni rejalashtirmoqda.

RAC1 nashrining xabar berishicha, klub va Spotify o‘rtasidagi muzokaralar so‘nggi bosqichga yetgan. Bu kelishuv “Barselona”ning mediaxomiysi Spotify bilan hamkorligi doirasida amalga oshirilmoqda. Avvalroq klub liboslarida Coldplay, The Rolling Stones va Drake kabi mashhur ijodkorlarning logotiplari ham aks etgan edi.

Muxlislarning noroziligi

Bu qaror “Barselona” muxlislari orasida keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Ular Svift yaqinda “Real”ning uy stadioni “Santyago Bernabeu”da konsert berganini va madridliklarga 9 million yevro daromad keltirganini eslab, klubni ushbu rejadan voz kechishga chaqirmoqda.

“Barselona” boshida Ed Shiran va Trevis Skott nomzodlarini ham ko‘rib chiqqan, biroq aynan Teylor Svift asosiy variant sifatida tanlangan. Manbaga ko‘ra, Spotify bilan shartnoma deyarli tayyor va klub bu qarordan qaytishi dargumon.

May oyidagi “El-Klasiko” va chempionlik poygasi

Mazkur uchrashuv mavsumning eng muhim bahslaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Hozirda “Barselona” va “Real Madrid” APL jadvalida 60 ochkodan jamg‘argan, biroq Hansi Flik shogirdlari bitta kam o‘yin o‘tkazgan. Shu bois, “El-Klasiko” chempionlik taqdirini hal qilishi mumkin.

Teylor Svift ketma-ket ikkinchi yil Spotify'da eng mashhur ijodkor bo‘ldi. 2024 yilda uning qo‘shiqlari 26,6 milliard marta tinglangan. “Barselona”ning ushbu qarori marketing jihatdan katta ahamiyatga ega va jamoaga tijoriy foyda keltirishi mumkin.

Biroq, muxlislar “Barsa”ning bu kelishuvi klub tarixiga mos emas deb hisoblamoqda. Ular rahbariyatdan boshqa variantlarni ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport