09:52 / 31.03.2025
24 587

Ekspertlar o‘yini qovushmagan Abduqodir Husanovni qanday baholadi?

Ekspertlar o‘yini qovushmagan Abduqodir Husanovni qanday baholadi?
Manchester Siti” joriy mavsumda o‘zi qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan yagona sovrin uchun ildam odimlamoqda. Xosep Gvardiola shogirdlari Angliya kubogi chorak finalida “Bornmut” mehmoni bo‘lib, katta qiyinchilik bilan g‘alaba qozondi.

Keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvda hisobni mezbonlar ochdi. Evanilson Abduqodir Husanov bilan kurashda to‘pni “shaharliklar” darvozasiga joylab qo‘ydi.

Ikkinchi bo‘limda Erling Xoland va Umar Marmush jamoani qutqardi. Har ikki hujumchiga assistni Husanovni o‘rniga maydonga tushgan Niko O'Reyli oshirib berdi.

Nufuzli manba – cityxtra.co.uk ekspertlari “Manchester Siti” futbolchilarining harakatlarini quyidagicha baholadi.

Ederson – 5:
Braziliyalik golkiper uchun o‘yin ancha qiyin boshlandi. Ikkinchi bo‘limda Ederson yana o‘z darajasida ishonchli o‘ynay boshladi. Barcha zarbalarni bartaraf etdi.

Mateus Nunes – 6,5:
Birinchi bo‘limda raqib hujumchisi Antuan Semenoni to‘xtatishga qiynaldi. Golli vaziyat yuzaga kelganida bo‘sh o‘ynadi. Bellashuvning ikkinchi yarmida ishonchli harakat qila oldi.

Abduqodir Husanov – 5:
Birinchi 45 daqiqalik O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinchisi uchun juda og‘ir keldi. Golga qarshilik ko‘rsata olmadi. 37-daqiqadayoq sariq kartochka olgani markaziy himoyachining harakatlarini cheklab qo‘ydi. Bu holat Xosep Gvardiola tanaffusda uni alishtirishiga sabab bo‘ldi.

Ruben Diash – 7:
“Manchester Siti”ning barcha himoyachilari kabi birinchi bo‘limda o‘z darajasida o‘ynay olmadi. Biroq keyin himoyada bexato harakat qildi.

Yoshko Gvardiol – 7:
Xorvatiyalik qanot himoyachisi ikkinchi bo‘limda himoya markaziga o‘tkazildi va “shaharliklar” mudofaasining barqarorligini ta’minladi.

Mateo Kovachich – 7:
“Shaharliklar”ning markaziy yarim himoyachisi jamoadoshi Ilkay Gyundog‘an bilan hamkorlikda maydon markazida ustunlikni ta’minlab berdi.

Ilkay Gyundog‘an – 8:
Germaniyalik futbolchi so‘nggi paytlardagi eng yaxshi o‘yinini namoyish qildi. Yarim himoya chizig‘ini to‘liq nazorat qila oldi. Yetakchilik qobiliyatini yana bir bor ko‘rsatdi. Raqib darvozasiga xavf soldi.

Bernardu Silva – 7:
Portugaliyalik hujumkor futbolchi uchrashuv davomida barqaror o‘ynadi. Paslari bilan o‘tkir hujumlar tashkil qilishga urindi.

Fil Foden – 5:
Angliya terma jamoasi o‘yinchisi qanchalik urinmasin o‘yinga ijobiy ta’sir o‘tkaza olmadi va zahiraga chiqishga majbur bo‘ldi.

Kevin De Bryuyne – 7:
Belgiyalik pleymeyker ikkinchi bo‘limda o‘yin tempini ushlab turdi va jamoasi uchun bir necha xafli hujumlar uyushtirib berdi.

Erling Xoland — 7:
Birinchi bo‘limda penaltini amalga oshira olmagan va qulay vaziyatlarni boy bergan Xoland o‘yinning ikkinchi yarmida hisobni tenglashtirib, jamoasini kurashga qaytardi.

Niko O'Reyli – 9:
Yosh futbolchi tanaffusda Husanovning o‘rnini egallaganidan keyin o‘yin qahramoniga aylandi. Ajoyib harakat qilgan Niko jamoasining har ikki goliga assistentlik qildi.

Umar Marmush – 8:
Zahiradan maydonga tushishi bilan o‘yinga ijobiy ta’sir o‘tkazdi. O‘yin oxirigacha raqibni bosim ostida ushlab turdi. G‘alaba to‘pini aynan Marmush kiritdi.

Jek Grilish — 7,5:
Ikkinchi bo‘limda jamoasining ustunligini ushlab turishda jonbozlik ko‘rsatdi.

Niko Gonsales – 6,5:
Maydon markazida himoyaviy harakatlarni boshqarib turdi. Bosh murabbiy ko‘rsatmalarini to‘liq bajarishga harakat qildi.

Jeyms MakEti – 6:
Jamoadoshi Jek Grilish bilan to‘pni nazorat qilishda faollik ko‘rsatdi. Kerak paytda o‘yin tempini tushirishga erishdi.

Endi manchesterliklar Angliya kubogining finaliga chiqish uchun jiddiy raqib — “Nottingem Forest” futbolchilari bilan kuch sinashadi. Yarim final bahslari 26-27 aprel kunlari o‘tkaziladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport