11:27 / 31.03.2025
8 256

SSKA va Fayzullayev Yevropadan bo‘layotgan qiziqishga qanday javob berdi?

SSKA va Fayzullayev Yevropadan bo‘layotgan qiziqishga qanday javob berdi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullayev 2023 yilning avgust oyida “Paxtakor”dan Moskvaning SSKA jamoasiga ko‘chib o‘tgani va Rossiya maydonlarida yorqin o‘yin ko‘rsatayotganidan beri legionerimizni Yevropaning qator klublari kuzatib keladi.

Xususan, yaqinda bir necha manbalar 21 yoshli o‘zbek futbolchisiga Turkiyaning amaldagi chempioni va eng qudratli klubi “Galatasaroy” jiddiy qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqatdi.

- SSKA klubining hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullayevga Turkiya superligasining grand klubi “Galatasaroy” jiddiy qiziqish bildirmoqda.

21 yoshli o‘yinchi joriy mavsumda SSKA klubi safida ham, O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham muhim rol o‘ynayapti. 2024 yil dekabrda Abbos Osiyoda “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” sovriniga loyiq topildi. Uning SSKA bilan tuzilgan shartnomasi 2026 yil iyun oyida yakunlanadi.

Bu ma’lumotlarni vaziyatga yaqin manba tasdiqladi, - deb yozdi Markaj News kanali.

Bu xabarni tahlil qilgan bir necha ekspertlar turk superklubi Fayzullayevni jamoaning yoshi o‘tib qolayotgan yulduzlaridan biri – belgiyalik Dris Mertens o‘rniga olib kelmoqchi ekani haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 36 yoshli Dris Mertensning amaldagi shartnomasi 30 iyun kuni tugaydi va “Galatasaroy” hamkorlikni uzaytirmaslikka va belgiyalik futbolchi o‘rniga o‘yin uslubi aynan unikiga o‘xshaydigan Abbosbek Fayzullayevni olib kelishni maqsad qilgan.

Ushbu ma’lumotlar tarqatilganidan bir necha kun o‘tib, SSKA rahbariyati va Abbosbek Fayzullayevning o‘zi “Galatasaroy” qiziqishi haqidagi savollarga javob qaytardi.

- Abbos, “Galatasaroy” haqidagi xabarlarga qanday munosabat bildirasan?
- Bu haqida gapirishni istamayman. Chunki buning mavridi emas. Hozir SSKA bilan shartnomam bor va transferlar haqida gapirish klubga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi. Ayni paytda bor e’tiborimni SSKAga qaratganman, - dedi Abbosbek Fayzullayev.

O‘z o‘rnida, SSKA bosh direktori Roman Babayev ham “Galatasaroy”ning o‘zbek futbolchisi qiziqayotgani haqidagi xabarlarga quyidagicha izoh berdi.

- Shunisini aniqki, xuddi sizlar kabi “Galatasaroy”ning Fayzullayevga qiziqayotganini internetdan o‘qidim. Hech qanday aniqlik yo‘q, biror marotaba aloqaga chiqishgani yo‘q. Qishki transferlar davrida ham Fayzullayev bo‘yicha hech qanday murojaatlar bo‘lmagan edi, - dedi Roman Babayev.

Abbosbek Fayzullayev SSKA safida 2023 yilning yozidan beri barcha turnirlarda oltmishda uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasiga sakkizta to‘p kiritgan va jamoadoshlariga 21 ta golli pas uzatgan. Uning shartnomasi 2026 yilning yozigacha amal qiladi.

Transfermarkt portali 21 yoshli hujumkor futbolchini 8 million yevroga baholamoqda. Fayzullayev bu ko‘rsatkich bo‘yicha Abduqodir Husanovdan keyin Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho ikkinchi futbolchisi hisoblanadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport