«Kuch tejamaymiz, g‘alaba uchun kurashamiz» — Islom Ismoilov Xitoy ustidan qozonilgan g‘alaba haqida

U-17 Osiyo kubogi 2-turidan o‘rin olgan Xitoy – O‘zbekiston uchrashuvidan so‘ng yoshlar terma jamoamiz murabbiyi Islom Ismoilov o‘yin bo‘yicha o‘z taassurotlarini baham ko‘rdi.
«Tabrik uchun rahmat. Ammo hali rasman keyingi bosqichga chiqmadik. Saudiya Arabistoni – Tailand o‘rtasidagi natijani kutib turibmiz. Albatta, katta ehtimol bilan yo‘llanmani qo‘lga kiritdik deb o‘ylayman», — dedi murabbiy.
Ismoilovning ta’kidlashicha, Xitoy termasi mag‘lubiyatga uchratilish lozim bo‘lgan raqiblardan biri edi va buning uchun jamoa juda jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan.
«Futbolchilarga ortiqcha bosim bermaslik uchun uch kun davomida ular bilan suhbatlar o‘tkazdik. Baribir, Jahon chempionati yo‘llanmasi masalasi turgan bir paytda emotsiyalar bo‘ladi. Muxlislar va rahbariyatning ishonchini oqlaganimizdan mamnunmiz», — deya qo‘shimcha qildi u.
Ikkinchi bo‘limda o‘zgarishlar natija berdi
Birinchi bo‘limda qarshi hujum sabab gol o‘tkazilgan bo‘lsa-da, tanaffusdagi ruhiy tayyorgarlik o‘z samarasini bergan.
«Tanaffusda yigitlarga o‘yinimiz yomon o‘tmayotganini, faqat ruhiyatni ko‘tarish kerakligini aytdik. Biz Xitoy 60-daqiqalardan so‘ng toliqishni boshlashini oldindan tahlil qilgandik. Hammasi reja asosida kechdi», — deydi mutaxassis.
O‘zbekiston jamoasi ikkinchi bo‘limda to‘liq ustunlikni o‘z qo‘liga oldi va g‘alaba qozonish uchun bor kuchi bilan harakat qildi.
«Keyingi o‘yinda ham faqat g‘alaba kerak»
Ismoilov keyingi uchrashuvda ham shunchaki maydonga tushish emas, balki navbatdagi 3 ochkoni qo‘lga kiritish uchun kurash olib borilishini ta’kidladi:
«Keyingi o‘yinda ham g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Biz kuch tejamoqchi emasmiz», — deb javob berdi u.
Murabbiyning bu qat’iy va ishonchli so‘zlari yoshlar termasi oldida katta maqsadlar turganini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Olg‘a, O‘zbekiston! “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar