date 16:03 / 07.04.2025
views 123

Penaltilar masalasiga nuqta qo‘yildi: “Real”da endi kim zarba beradi?

Penaltilar masalasiga nuqta qo‘yildi: “Real”da endi kim zarba beradi?
Madridda barcha savolga javob topildi. Jamoa muxlislarini bir necha haftadan buyon qiynab kelayotgan “Kim penalti tiradi?” degan savolga Karlo Anchelottining o‘zi chek qo‘ydi.

Hammasi La Liganing 30-turidagi o‘yindan boshlandi. Vinisius Junior “Valensiya”ga qarshi bahsda 11 metrlik nuqtadan gol ura olmadi va bu xatolik “Real”ga qimmatga tushdi — mag‘lubiyat! Bu esa jamoa ichida penalti mas’uliyatini kim zimmasiga olishi lozimligini qaytadan ko‘rib chiqishga majbur qildi.

Ispaniyaning mashhur Marca nashri xabariga ko‘ra, endi “Real”ning asosiy penalti ijrochisi aniq. Chempionlar Ligasida “Arsenal”ga qarshi o‘yinda penalti tayinlansa, birinchi navbatda zarbani Kilian Mbappe amalga oshiradi. Agar u muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, ikkinchi bo‘lib to‘pga Jud Bellingem yondashadi.

Aytish joiz, “Real” va “Arsenal” o‘rtasidagi chorak final to‘qnashuvi 8 aprel kuni Londonda bo‘lib o‘tadi. Javob bahsi esa 16 aprel kuni “Santyago Bernabeu”da o‘tkaziladi. Bu qarama-qarshilik nafaqat Yevropa, balki butun futbol olamining e’tibor markazida.

Ayni vaqtda “Real” La Liga jadvalida 63 ochko bilan 2-o‘rinni egallab turibdi. Pishiq raqib — “Barselona” esa 67 ochko bilan peshqadam. Chempionlik uchun kurash har qachongidan ham qizg‘in tus olmoqda!

Endi esa barcha penalti muhokamalari ortida qoldi. Mbappe va Bellingem kabi yulduzlar bilan “Real”da xatoga o‘rin qolmasligi kerak. Endi qaror aniq — faqat zarba, faqat g‘alaba!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport