date 07:19 / 08.04.2025
views 1 003

Shomurodov “top-3”da! Eldor kerakmas o‘yinchidan qahramonga aylandi

Shomurodov “top-3”da! Eldor kerakmas o‘yinchidan qahramonga aylandi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodovning mavsumning qizg‘in pallasida klubdagi ishlari ham yurishib ketdi.

A Seriyaning 31-turida “Roma” Yevropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashdagi asosiy raqobatchisi “Yuventus”ga to‘qnash keldi. Rimliklar o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida yutqazib turgan bir paytda maydonga tushganiga to‘rt daqiqa bo‘lgan Eldor Shomurodov gol urib, jamoani mag‘lubiyatdan qutqardi va rimliklarga qit’aning eng nufuzli turniriga chiqish uchun kurashish imkoniyatini taqdim etdi.

Ekspertlar o‘zbek futbolchisining Italiyadagi faoliyatini tahlil qilib, ajoyib ko‘rsatkichga duch keldi.

Eldor “Roma”dagi muhim figura

Joriy mavsumning o‘zida “Roma” ikki marotaba Eldor Shomurodovdan voz kechishga juda yaqin keldi. Yozgi transferlar mavsumining so‘nggi kunlari A Seriyada “Roma”ning birinchi golini urgan o‘zbekistonlik legionerni o‘sha paytdagi bosh murabbiy Daniele de Rossi Rimda olib qoldi.

Yanvarda esa, Shomurodov Yevropa ligasida “Ayntraxt” darvozasini ishg‘ol qilganidan keyn Klaudio Raneri uning “Venetsiya”ga transferini blokladi. Yaqindagina rimliklarga kerak bo‘lmaydigan darajaga tushib qolgan Shomurodov “Yuventus”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvning qahramoni bo‘ldi.

Mavsumning hal qiluvchi bosqichida 29 yoshli markaziy hujumchi “Roma”dagi mavqeini mustahkamlab bormoqda va samarali harakatlari hamda aniq zarbalari sonini oshiryapti.

Shomurodov kuchli uchlikda

Eldor Shomurodov Italiya kelgan davr – 2020-2021 yilgi mavsumdan beri zaxiradan maydonga tushib urgan gollari sonini o‘ntaga yetkazib oldi.

Bu ko‘rsatkich bo‘yicha o‘zbek futbolchisi kuchli uchlikda. So‘nggi besh yilda uchrashuv davomida o‘yinga qo‘yilgan charm to‘p ustalaridan faqatgina Lautaro Martines va Pedro Eldordan ko‘p to‘p kiritgan.

Chempionat peshqadami hisoblangan “Inter” yetakchisi hisoblangan argentinalik yulduz hisobida 16 ta va Shomurodov “Roma”ga kelgan paytda Rimning ikkinchi klubi “Latsio”ga o‘tib ketgan ispaniyalik Pedro 11 ta zaxiradan tushib urilgan gol bor.

Shomurodov effekti

Eldor Shomurodovning maydonga tushishi jamoaning asosiy hujumchisi Artyom Dovbikning samaradorligiga ijobiy ta’sir qilmoqda. O‘zbek legionerisiz ukrainalik forvard maydonda yolg‘izlanib qolmoqda va raqib himoyachilari ta’siridan chiqib keta olmayapti.

Shu bois, Klaudio Raneri mavsumning muhim yakuniy qismida har ikki markaziy hujumchini birgalikda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirish masalasini o‘ylay boshladi. Biroq 73 yoshli mutaxassis o‘yin davomida ulardan birini almashtirishga to‘g‘ri kelsa, boshqa markaziy hujumchi yo‘qligidan hayiqib turibdi.

Shomurodov nima qilishni biladi

“Roma” bosh murabbiyi Klaudio Raneri aslida o‘zbekistonlik legioner muntazam boshlang‘ich tarkibda o‘ynashga loyiq futbolchi ekanini alohida e’tirof etdi. Shunga qaramay, 29 yoshli forvard ko‘pincha zaxiradan o‘yin qo‘shilishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Raneri va boshqa mutaxassislarning ta’kidlashicha, Eldor maydonga qachon tushishidan qat’i nazar o‘yinga o‘z ta’sirini o‘tkazib kelmoqda. U o‘zining samarali harakatlari bilan natija berishga qodir. “Roma”dagilar ham murakkab vaziyatlarda Shomurodov nimalardir qilishiga chin dildan ishonadi. Eldorning o‘zi esa, chempionatning eng muhim yakuniy bosqichida bor mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyorligini namoyish qilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport