date
views 25 451

Rim derbisidagi “o‘zbekcha burilish”: Shomurodov “Roma”ning Chempionlar ligasiga yo‘lini ochishi mumkin

Rim derbisidagi “o‘zbekcha burilish”: Shomurodov “Roma”ning Chempionlar ligasiga yo‘lini ochishi mumkin
A Seriyaning 32-turidan o‘rin olgan eng qiyin va keskin bahs 13 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Rim derbisi bo‘ladi. Bu o‘yin nafaqat poytaxtning ikki yirik klubi o‘rtasidagi raqobat, balki Yevropa Chempionlar ligasi uchun kurashning ham hal qiluvchi bosqichiga aylanishi mumkin.

Ayni vaqtda “Latsio” 55 ochko bilan turnir jadvalining 6-pog‘onasida, “Roma” esa 53 ochko bilan ulardan bir pozitsiya pastda joylashgan. Derbining ahamiyati shundaki — g‘alaba qayd etgan jamoa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda katta ustunlikka ega bo‘ladi.

Raneri o‘yindan oldin Shomurodov va Dovbikka ishonmoqda
“Roma” safida murabbiy Klaudio Raneri kelganidan buyon jamoa mag‘lubiyatsiz seriyani 15 o‘yinga yetkazdi. Ammo kuchli to‘rtlikka kirish uchun bugungi o‘yinda “Latsio”ni mag‘lub etish shart.

IL TEMPO gazetasi xabar berishicha, jamoaning yetakchisi Paulo Dibala jarohat sababli uchrashuvda ishtirok etmasligi mumkin. Shu bois, Raneri hujum chizig‘ini Artyom Dovbik va Eldor Shomurodovga ishonib boshlashni rejalashtirmoqda.

“Latsio”ga qarshi bahsda “Roma”ning ikki markaziy hujumchisi hal qiluvchi rol o‘ynashi kutilmoqda. Artyom Dovbik va Eldor Shomurodov jamoani sensatsion tarzda Yevropa Chempionlar ligasiga olib chiqishga bel bog‘lagan. Klaudio Raneri bu ikki o‘yinchida o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni uyg‘otib, ular faoliyatida burilish yasadi va mavsumning muhim pallasida ular jamoaning asosiy figurasiga aylandi, — deb yozadi IL TEMPO nashri.

Shomurodov – zaxiradagi “qurol”
Rim derbisida katta e’tibor Eldor Shomurodovning faoliyatiga qaratiladi. U Raneri bosh murabbiylik lavozimini qabul qilganidan beri zaxiradan maydonga tushib 4 ta gol kiritgan va bu “Roma” zaxirasidan kiritilgan 11 ta golning uchdan birini tashkil etadi.

Jumladan, “Yuventus”ga qarshi bellashuvda u maydonga tushganidan 4 daqiqa o‘tib hisobni tenglashtirgan edi. Shuningdek, Shomurodov Yevropa Ligasida ham “Ayntraxt” va “Atletik” darvozalariga gol urgan — ikkalasi ham zaxiradan tushganidan so‘ng kiritilgan.

La Gazzetta dello Sport tahlilchilari esa quyidagicha fikr bildirishdi:

“Roma”da hech kim Eldor Shomurodovchalik jamoa o‘yinini o‘zgartirib yuborishga yetadigan ta’sir kuchiga ega emas. U zaxiradan tushib kiritilgan gollar bo‘yicha so‘nggi 5 yillikda Lautaro Martines (16) va Pedro (11) dan keyin uchinchi o‘rinda bormoqda (10 ta gol).

Dovbik “Jirona”dagi qahramonlikni “Roma”da takrorlamoqchi
Artyom Dovbik esa “Jirona” klubidagi yuqori darajadagi o‘yinlarini “Roma”da ham namoyon etishga harakat qilmoqda. U joriy mavsumda allaqachon bir nechta muhim uchrashuvlarda o‘z so‘zini aytgan va darvozalarga zarbali muomalada bo‘lgan.

Shomurodov rekordini yangilash arafasida
Eldor Shomurodov 6 ta gol bilan bu mavsumda Italiya chempionatida yuqori samara ko‘rsatmoqda. U “Jenoa”dagi debyut mavsumida qayd etgan shaxsiy rekordi — 8 ta golni — yana ikki to‘p bilan yangilash imkoniga ega.

Katta bahs, katta kun
“Latsio” – “Roma” derbisi 13 aprel kuni, Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanadi. Bellashuv Rimdagi “Olimpiko” stadionida bo‘lib o‘tadi.

Ushbu derbidan so‘ng A Seriyadagi kurash yanada qizg‘inlashadi. Ayniqsa, Shomurodov va Dovbik singari hujumchilarning harakati bu kecha taqdirini belgilab berishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport