date
views 8 859

Shomurodov bilan qayta jonlangan “Roma” Chempionlar ligasi sari odimlamoqda

Shomurodov bilan qayta jonlangan “Roma” Chempionlar ligasi sari odimlamoqda
Italiya A Seriyasi qizg‘in pallaga kirdi. Bu marraga kelguncha esa “Roma” jamoasi katta yo‘l bosdi.

Klubning 73 yoshli murabbiyi Klaudio Raneri qisqa vaqt ichida jamoani qaysi holatdan qaysi holatga olib kelganini ko‘rganlar hayratda.

Eng qizig‘i — o‘zbekistonlik Eldor Shomurodovning yana “Roma”da porlashini aynan shu mutaxassis ta’minladi.

“Eldor – rahbarlik qobiliyati bor o‘yinchi”
Raneri yaqinda bergan intervyusida Eldor va uning safdoshi Artyom Dovbik haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Ular mehnatkash, jamoaviy o‘yinga moyil. Eldor ikkinchi hujumchi sifatida yaxshi harakat qiladi. U xudbin emas. Faqat ba’zida undan darvozaga ko‘proq zarba berishini so‘rayman”, — dedi u.

Murabbiyga ko‘ra, ikkalasini bir paytda maydonga tushirish oson qaror emas. Chunki u o‘yin jarayonida taktik o‘zgarish qilish imkoniga ega bo‘lishni xohlaydi.

“Roma”dagi burilish qanday boshlandi?
Raneri “Roma”dagi vazifani qabul qilganida, o‘zi ham bu qadar tez o‘zgarish bo‘lishiga ishonmagan.

Bir haftadan keyin ketishni o‘ylagandim, deydi u. Ammo jamoa unga jon kuydirib harakat qilgan, u esa qaytib ketmadi. Endilikda esa natijalar hammani so‘zsiz hayratda qoldirmoqda.

Mourino ketdi, Eldor qoldi
Eldor Shomurodov “Jenoa”da yorqin o‘yinlaridan so‘ng Joze Mourino qo‘lida “Roma”ga olib kelingandi. Biroq portugaliyalik mutaxassis uni doimiy maydonga tushirmasdi.

Mourino, De Rossi, Yurich... birortasi “Roma”ni Chempionlar ligasi sari yetaklay olmadi.

Ammo pensiyadan qaytgan Raneriga bu ishni amalga oshirish imkoni bor.

Eldor – endi yetakchi
Joriy mavsumda ikki marta jamoani tark etishga yaqin kelgan Eldor hozir “Roma”ning eng muhim figuralaridan biriga aylandi.

Bu holatdan so‘ng klub u bilan shartnomani 2027 yilning yozigacha uzaytirishga qaror qildi.

Eldor Shomurodovning ketayotgan deb o‘ylangan paytda jamoada qolib, yetakchiga aylanishi – futbol hayotidagi eng tassurotli burilishlardan biri bo‘lsa kerak.

Siz nima deb o‘ylaysiz – “Roma” Chempionlar ligasiga chiqa oladimi?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport