date
views 817

Sergey Lushan "Navbahor"ning kechagi g‘alabasi haqida nimalar dedi?

Sergey Lushan "Navbahor"ning kechagi g‘alabasi haqida nimalar dedi?
Superliganing 5-turi doirasida "Sho‘rtan" ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng "Navbahor" bosh murabbiyi Sergey Lushan matbuot anjumanida qatnashdi.

- Juda og‘ir o‘yin bo‘ldi. Biz ham yigitlar ham bu uchrashuv qiyin bo‘lishini bilgandik, Raqiblarning yo‘qotadigan hech nimasi yo‘q edi. "Sho‘rtan"da 3-4ta yaxshi vaziyat bo‘ldi. Biroq ularda vaziyatni yakunlash uchun mahorat yetishmadi. Bu jamoa yaxshi, chiroyli o‘yin namoyish qildi. Yigitlarga rahmat aytaman, oxirigacha chidashdi. Bizda ham vaziyatlar bo‘ldi. Bundan foydalanish kerak. Ikkita gol urdik, natijadan mamnunman, faqatgina natijadan mamnunman.

- Himoyada muammolar ko‘p. Eski futbolchilarni ketkazib yuborib o‘rniga yangilar olib kelingan bo‘lsa-da, "Navbahor"ning eng nozik nuqtasi himoya bo‘lib turibdi. Jamoa yettita gol o‘tkazib yubordi. Bu haqda nima deysiz?
- Hozir futbolni ajratib bo‘lmaydi. Futboln 30 yil oldin o‘ylab topishmagan, hozir hamma himoyada ham hujumda ham o‘ynashni biladi. Ha, hozir bizda himoyada umumjamoa bo‘lib himoyalanishda muammolar bor. Himoyachilarimiz juda sifatli, fikrimcha, hozirgi ikki markaziy himoyachilarimiz O‘zbekistondagi eng yaxshilari. Agarda Siz ham futbolni biz kabi o‘rganganingizda, Siz to‘p uchun kurashlarda faqatgina bir foiz to‘p yo‘qotganini ko‘rgan bo‘lardingiz. Bu top-daraja. Himoyadagi o‘yin bo‘yicha savollarim ko‘p. Eng avvalo himoyaviy o‘yin vaqtidagi markazni to‘g‘rilashimiz kerak. Muammolar, kamchiliklar bor. Bularning barchasi normal holat. Nimalar bo‘layotganini yaxshigina tushunib turibman. Biroq barmog‘imni bir shaqillatsam, sehr bilan barcha kamchiliklar to‘g‘rilanib qolmaydi. Ishlashimiz kerak, progressimiz bor. Oldimizda jiddiy vazifalar bor. Biroq buning uchun bular yetarli emas. Ishlashimiz kerak, himoya ustida ishlash kerak.

- "Navbahor" hujumda yaxshi o‘ynayapti, har bir o‘yinda ikkitadan gol uryapti. "Dinamo"ga qarshi o‘yindan tashqari jamoa barcha o‘yinda gollar urmoqda. Biroq "Andijon", "Neftchi"ga qarshi o‘yinlarda himoya sababli ochkolarni yo‘qotdi.
- Muammolar yo‘q demadim. Ishlayapmiz. Xatolarni kechirishmaydi. Boshqa nima qila olardik. Nima bo‘lganda ham jamoa raqibdan kelib chiqib o‘ynaydi, shuni tushunishingiz kerak. Hozir O‘zbekistonda hujum chizig‘i juda yomon holatda bo‘lgan jamoani ko‘rmayapman. Barcha jamoalarda tayyorgarlik yuqori, hujumchilari kuchli, ularga qarshi kurashish oson bo‘lmayapti. Shu sababli bu yerda biz xatolarni tezroq tuzatish jarayonidamiz.

- Azim Ahmedov o‘yinni markaziy himoyada boshladi va keyin yarim himoyada o‘ynadi. Bu taktika sabablimi?
- Eshiting, taktika o‘yindan va raqibdan kelib chiqiladi. Dastlabki 20 daqiqalikdan keyin qanday hujumga o‘tish kerakligini bilib oldik. Shu sababli o‘zgarishlar qildik. Yaxshiki, tarkibimizda Azim Ahmedovga o‘xshagan bir necha pozitsiyalarda o‘ynay oladigan futbolchilar bor. Uni oldinroqqa surdik. Shu boisdan hujumdagi ishlarimiz yaxshilandi, biroq himoyada parokandalik boshlandi. U orqali o‘yinni o‘zgartira oldik. Yigitlar bilan mashg‘ulotlarda ishlangan 3-4 xil uslub bor. Futbolchilarim buni yaxshi tushunadi. Boshimni qimirlatsam, ular barcha o‘zgarishlarni amalga oshiradi. Hammasi tezda o‘zgarib ketishi ham mumkin. O‘tgan mavsumda bunday darajaga chiqish uchun 3 oy vaqt ketgandi. Umid qilamanki, bu mavsumda ham 3 oy bizga yetarlicha bo‘ladi.

- Bugun penaltini Azim Ahmedov amalga oshirdi. U jamoaning asosiy penaltichisimi?
- Ha. U penaltini yomon tepmadi. Darvozabonga gap yo‘q. Yaxshi qaytardi. Uning yaxshi yoki yomon tepgani ikkinchi masala. Raqib posboni ham shunchaki to‘siq vazifasini bajargani kelmagan. U ham ishlaydi. O‘sha holat bizga qattiq zarba bo‘ldi.

- Shohmalik Komilovning holati qanday?
- Hozircha bilmayman. Ertaga uni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazamiz. Zarba suyakkacha borgani uchun o‘yinni davom ettira olmadi. U bizda asosiy tarkib futbolchisi.

- Ushbu mavsumda jarohatlar ko‘payib ketdi. Bu Sizni havotirga solmayaptimi?
- Yo‘q, bu muammo emas. Barcha jamoalarda ham shunday bo‘lib turibdi. Gap futbolchilarda emas. O‘yin tez o‘zgarib ketmoqda. Bizda ham tarkib uchun kurash bor.

- Jamoada qolishim uchun rahbariyat shartlarimga rozi bo‘lishi kerak deb aytgandingiz. Keyinchalik Siz bilan birga 6ta murabbiy keldi. Rahbariyat Sizning shartlaringizni to‘liq bajardimi?
- Rahbariyat bilan ishchi suhbatlarimiz doimo yaxshi yakun topgan. Bu normal holat. Barchasini birdaniga amalga oshirib bo‘lmaydi. Murabbiylar shtabi haqida esa shunday deya olaman, men istagan odamimni oldim. Kimdir ketdi, ha bu yomon. Ayni damga kelib, bizga yana boshqa murabbiylar kerak emas. Meni barchasi qoniqtiradi. Bu yerga kelgan murabbiylar orqali esa keyinchalik o‘z mevamizni olamiz.

- "Navbahor" safardagi o‘yinlardan ko‘ra o‘z maydonida o‘ynashga qiynalmoqda. Bu nima bilan bog‘liq?
- Ruhiyat. Chunki o‘yinga bir kun qolganida ham yigitlarda bosim kuzatilishni boshlamoqda. Bu yerda futbol o‘ynash oson emas. Hozircha ular nimalarga qodir bo‘lsa, o‘shalarnigina ko‘rsatib berishmoqda. Uy o‘yinlari vaqtida maydonda futbolchilar "yo‘qolib" ham qolishmoqda. Ular qo‘llaridan keladigan narsalarni chiqarib bera olishmayapti. Bu faqatgina ruhiy jarayon bilan bog‘liq. Chunki bir qancha futbolchilar chempionatda tribunadagi 20 muxlisga o‘rganib qolishgan, bu yerda esa unaqa bo‘lmaydi. Bu yerga qadar ular bunday bosimda bo‘lishmagan. Shu sababli buni ustida ishlash kerak. Futbolchi bo‘lganimda ham uy o‘yinlarida xato qilish mumkin emasligini his qilardim. Bu katta bosim. Oradan 10 daqiqa o‘tib, barchasi o‘tib ketadi. Tarkibimizda rejaga kiritilgan futbolchilar ko‘p, ular istalgan holatga tezda moslashib olishadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport