
“Roma” jamoasi mavsumni muvaffaqiyatsiz boshlagan bo‘lsa-da, endi Yevropa musobaqalariga yo‘llanma beradigan yuqori o‘rinlar uchun jiddiy da’vogar sifatida bahslarga kirib kelmoqda.
Jamoa boshqaruvini noyabr oyining ikkinchi yarmida o‘z qo‘liga olgan tajribali murabbiy Klaudio Raneri tarkibni sezilarli o‘zgartirmasdan turib, yuqori natijalarga erishish mumkinligini amalda ko‘rsatmoqda. Bu davrda ikki marta klubni tark etishga yaqin kelgan Eldor Shomurodovning ham faoliyati yangi bosqichga ko‘tarildi.
Oxirgi o‘yinlarda o‘zbek legioneri “Roma” tarkibida maydonda eng katta ta’sir o‘tkazayotgan futbolchilardan biriga aylandi. Shu bois, rimlik muxlislar va mutaxassislar Eldor Shomurodov hamda Artyom Dovbikni solishtira boshlashdi.
Eslatib o‘tamiz, Dovbik o‘tgan yozda 30 million yevro evaziga xarid qilingan va mavsum boshidan asosiy hujumchi sifatida ko‘rilgandi. Biroq bugungi kunda ko‘plab ekspertlar Shomurodovni asosiy tarkib futbolchisi sifatida ko‘rish kerakligini urg‘ulamoqda.
Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, har qancha Dovbik ko‘proq gol urgan bo‘lsa-da, jamoaga bag‘ishlanish, fidoyilik va harakatchanlik borasida Eldor raqobatchisidan ancha ustun. Shu bois, u maydonda ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lishi kerak.
Taniqli futbol tahlilchisi Rikardo Trevisani “Roma News” nashriga bergan intervyusida quyidagicha fikr bildirdi:
– Dovbikning o‘yinini tomosha qilish ko‘p hollarda zavq bermaydi. Agar u gol urmasa, jamoa uchun deyarli foyda keltirmayapti. Holbuki, hujumchi gol urmagan paytda ham jamoaga xizmat qilishi kerak. Gol urmasa ham, juda yaxshi o‘ynayotgan hujumchilar bor. Dovbik ular qatoriga kirmaydi. Rim derbisida Eldor Shomurodov undan yaxshi o‘ynadi.
Dovbik 190 santimetr bo‘y va 90 kilogramm vazn bilan yakkakurashlarda g‘olib chiqolmasligi g‘azabimni keltiradi. Undan cho‘chiydigan raqib qolmadi. Gavdasidan foydalana olmaydi va bu normal holat emas. Eldor esa, bosim, kurash va fidoyilik bilan jamoani oldinga yetaklamoqda.
"Corriere dello Sport" gazetasi tahlili ham Trevisani fikriga hamohang:
– Dovbik hali-hamon muhim bahslarda hal qiluvchi ta’sir ko‘rsata olmayapti. “Latsio”ga qarshi derbilar shunchaki o‘yin emas — bu kabi bahslarda haqiqiy yetakchi kerak. Afsuski, u bunday vaziyatlarda o‘zini ko‘rsata olmayapti.
Dovbik bunaqa gavdasi va jismoniy imkoniyatlari bilan to‘p uchun ko‘proq kurashishi, pressinglarda faollik ko‘rsatishi, o‘z kuchini namoyish qilishi shart. Artyom gol urmagan bahslarda jamoaga foydasi tegmaydi, degan tasavvur bor.
Ko‘plab muxlislar va ekspertlar Eldor Shomurodov markaziy hujumchi pozitsiyasida o‘ynaganida jamoaning oldinga o‘tishini ta’minlash uchun tinimsiz pressing qilishini alohida e’tirof etmoqda.
Ushbu tanqidlarga javoban Dovbikning tarafdorlari unga A Seriya muhitiga moslashish uchun vaqt kerakligini ta’kidlamoqda. Ular Ispaniyadagi futbol uslubi va Italiyadagi o‘yin o‘rtasida katta farq borligini eslatishmoqda.
Shu bilan birga, Shomurodovning muxlislari soni kundan-kunga oshib bormoqda. Ular o‘zbek futbolchisining maydondagi harakatchanligi, yakkakurashlardagi faolligi va jamoaga qo‘shgan ta’siri uni asosiy hujumchi sifatida ko‘rishga asosiy sabab bo‘layotganini ta’kidlamoqda.
Hurmatli muxlislar, sizningcha, “Roma” uchun qaysi hujumchi foydali: Artyom Dovbikmi yoki Eldor Shomurodov? Qimmatbaho transfermi, yoki sadoqat va mehnatmi? Izohlarda o‘z fikrlaringizni kutamiz! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar