date
views 111

Aleksandr Xomyakov "Andijon"ning "Dinamo"ga mag‘lub bo‘lgan o‘yini haqida nimalar dedi?

Aleksandr Xomyakov "Andijon"ning "Dinamo"ga mag‘lub bo‘lgan o‘yini haqida nimalar dedi?
Superliganing 6-turidan o‘rin olgan "Andijon" - "Dinamo" (1:2) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar ustozi Aleksandr Xomyakov o‘yin haqidagi fikrlarini bildirdi.

- Turnir jadvalining yuqori o‘rinlarida borayotgan ikki jamoa o‘rtasidagi o‘yin guvohi bo‘ldik. Yaxshi o‘ynash va g‘alaba qozonish asosiy vazifamiz edi. Extiyot bo‘lib harakat qildik, ba’zi vaziyatlarda aniqlik yetishmadi. Bugungi o‘yinimiz va natijamiz bilan muxlislarimizni xursand qilolmadik. Bir qancha imkoniyatlardan foydalana olmadik. Masalan, bir vaziyatda Turdimurodov gol ura olmadi. Ikkinchi taymda ham to‘p o‘tkazib yuborgunimizcha bir qancha vaziyatlarimiz bo‘ldi. "Dinamo" hisobni ochganidan keyin ancha faolroq o‘ynadik.

Lekin natija yaxshi bo‘lmadi. Alamli mag‘lubiyatga uchradik. Afsuski, o‘z maydonimizdagi ketma-ket ikkita uchrashuvda yutqazib qo‘ydik. Omad ham kelmadi, deb o‘ylayman. Raqib ancha aqlli o‘yin ko‘rsatdi. Qaysidir vaziyatda nimadir o‘xshagandek bo‘ldi. Biroq VAR bilan bog‘liq holat, vaqt cho‘zilishi ham bizning zararimizga ishlagandek. Afsuski, so‘nggi daqiqalarda to‘p o‘tkazib yuborganimiz alamli kechdi. Oxirgi daqiqalarda extiyotkor o‘yin ko‘rsatishimiz kerak edi. Yigitlar ham qo‘ldan kelganicha harakat qilishdi. Og‘ir o‘yin bo‘ldi.

- G‘alaba kutgandik, mag‘lubiyatga kim asosiy sababchi deb o‘ylaysiz?
- Biror narsa deyishim qiyin. Kim asosiy sababchi bo‘lishi mumkin? Umumiy ma’noda aytganda, raqibga omad ham kulib boqdi. Ular omad tufayli g‘alaba qozonib ketdi. Oxirigacha harakat qilishdi va kerakli natijaga erishishdi. Maydon markazida faol o‘ynashdi. Biz aynan shu hududda ko‘p imkoniyatlarni berib qo‘ydik.

- Avvalgi uchrashuvlarda o‘yindan qoniqmadim, deb aytgandingiz. Bugungisidachi?
- Ko‘p vaziyatlarda shunday deb aytaman. Yana nima deyishim mumkin? Tig‘iz taqvim, o‘yinlar tez-tez o‘tkazilyapti. Bu holat ham ta’sirini o‘tkazgan. "Dinamo"da esa bizga nisbatan tiklanish uchun vaqti ko‘proq bo‘ldi. Natija ham, o‘yin ham meni qoniqtirmadi. Fikrimcha, bizda hech narsa o‘xshamadi. Ayniqsa, qanotlardagi harakatlarimiz yaxshi chiqmadi. Ko‘p xatolarimiz bo‘ldi. Natija biz uchun qoniqarsiz yakun topdi.

- Ko‘pchilik "Andijon"ning asosiy quroli standartlar deb ataydi. Haqiqatan ham shundaymi yoki bu sizning o‘ziga xos uslubingizmi?
- Menimcha, hamma jamoaning standartlari asosiy quroli hisoblanadi. O‘yindagi vaziyatlarga qarab standartlardan unumli foydalanishga harakat qilamiz. «Dinamo» ham standart vaziyatlardan foydalanish harakatida bo‘ladi. Bunday usullardan foydalanish bo‘yicha faqat biz emas, boshqalar ham bu kabi standartlardan yaxshi foydalanish bo‘yicha ish olib boradi.

- Murabbiylar tomonidan hali ham optimal tarkib tuzilmayapti. Nega doim rotatsiyalarga qo‘l urilyapti?
- Futbolchilar robot emasku, ular ham charchashadi. Doim barqaror o‘yin ko‘rsata olishmaydi. O‘yinlar orasidagi vaqtning qisqaligi, ba’zida har 3-4 kunda o‘ynashga to‘g‘ri kelyapti. Vaziyatdan kelib chiqib, kimgadir dam beryapmiz. Kimgadir imkoniyat beryapmiz. 20 dan ziyod o‘yinchilarimiz bor. Biri bo‘lmasa, boshqasini o‘ynatamiz. Vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilamiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Aleksandr Xomyakov "Andijon"ning "Dinamo"ga mag‘lub bo‘lgan o‘yini haqida nimalar dedi?