
Poytaxtimizda joylashgan “Universal Horses Stable” ot sporti majmuasida ot sportining ikki muhim yo‘nalishi — to‘siqlardan sakrash (konkur) hamda ot yo‘rttirish (dressaj) bo‘yicha nufuzli xalqaro va mahalliy musobaqalar qizg‘in davom etmoqda.
Ushbu musobaqalar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi, Jahon kubogining 1–2-saralash bosqichlari, Osiyo kubogi, CDI1* (FEI Dressage xalqaro musobaqasi) hamda “FEI Dressage World Challenge” kabi nufuzli turnirlar o‘tkazilmoqda.
Ayniqsa, CDI1* va “FEI Dressage World Challenge” musobaqalarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi chavandozlari yuqori saviyada chiqish qilib, munosib natijalar qayd etdilar. Milliy terma jamoamiz yakkalik bahslarida umumiy hisobda 4 ta oltin, 6 ta kumush va 6 ta bronza — jami 16 ta medalni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz sha’nini munosib himoya qildi. Shuningdek, jamoaviy bellashuvlarda ham terma jamoamiz 2-o‘rinni egallab, o‘zbek chavandozlarining yuqori mahorat va mahoratini xalqaro miqyosda yana bir bor namoyish etdi.
Ayni kunlarda poytaxtimizdagi ushbu sport maydonida to‘siqlardan sakrash yo‘nalishida Jahon kubogi (2-bosqich), “Maxima Masters Eurasia” hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi musobaqalari qizg‘in va keskin raqobat ostida o‘tmoqda. Bu musobaqalarda nafaqat mamlakatimizdan, balki xalqaro miqyosdagi chavandozlar ham g‘oliblik uchun o‘z mahoratini sinab ko‘rishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, poytaxtimizdagi mazkur ot sporti bo‘yicha katta bayram va bellashuvlar 28 aprelga qadar davom etadi. Toshkent aholisi va mehmonlar sportning ushbu jozibali turidan zavq olib, kuchli sportchilarning hayratlanarli chiqishlariga guvoh bo‘lishlari mumkin. Shu bois, barcha sport ishqibozlarini ushbu qiziqarli va go‘zal tadbirlarga taklif qilamiz.
Toshkentdagi musobaqalarda o‘zbek chavandozlariga omad tilab qolamiz!
Toshkent shahar Ot sporti To‘siqlardan sakrash Ot yo‘rttirish Jahon kubogi Universal Horses Stable Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar