
Futbol muxlislariga juda yaxshi tanish bo‘lgan «Manchester Yunayted»ning sobiq himoyachisi Patris Evra sportda yangi sahifa ochishga qaror qildi. Fransiyalik mashhur futbolchi 23 may kuni Parijda o‘tkaziladigan Professional Fighters League (PFL) turniri doirasida MMAda o‘zining ilk jangini o‘tkazish uchun rasman tayyorgarlik ko‘ryapti.
Hozircha Evra kim bilan to‘qnash kelishi ma’lum qilinmagan, ammo sobiq futbolchi o‘zi uchun ideal raqib sifatida urugvaylik yulduz Luis Suaresni ko‘rishi haqida ochiq-oydin ma’lum qilmoqda. Patris hatto ushbu jangni tashkil qilish uchun o‘z cho‘ntagidan pul chiqarishga ham tayyor ekanligini bildirgan.
«Hozir men PFL promoushenidagi birinchi jangim uchun jiddiy tayyorgarlikni boshladim. U yerda menga raqib tanlashadi, lekin ular kim bilan uchrashishni xohlashimni so‘rashganda, men Luis Suares ismini aytdim. Buning amalga oshishi uchun zarur bo‘lsa, o‘zim pul berishga ham tayyorman», — dedi Evra.

Ma’lumki, Patris Evra va Luis Suares o‘rtasidagi ziddiyatga 14 yil to‘lmoqda. 2011 yili «Manchester Yunayted» va «Liverpul» o‘rtasidagi uchrashuv paytida Evra Suares uni irqiy asosda haqorat qilganini aytgandi. O‘sha voqeadan keyin Angliya futbol assotsiatsiyasi urugvaylik hujumchini 40 ming funt sterling miqdorida jarimaga tortgan va 8 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilgan edi.
Endilikda ushbu ikki mashhur futbolchi o‘rtasidagi uzoq yillik ziddiyat oktagonda hal bo‘lishi mumkin. Bu jang, agar amalga oshsa, nafaqat futbol muxlislari, balki MMA ishqibozlari uchun ham katta qiziqish uyg‘otishi shubhasiz. Patris Evraning yangi sport turidagi birinchi qadami qanday bo‘lishi haqida yaqin kunlarda ko‘proq ma’lumot beriladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar