Patris Evra Arsenalni PSJdan ogohlantirdi: Ular sizni yakson qilishi mumkin

Arsenal jamoasi Chempionlar ligasi finali oldidan jiddiy ogohlantirish oldi. Manchester Yunayted sobiq himoyachisi Patris Evra agar Mikel Arteta shogirdlari oʻz oʻyinlarini kuchaytirmasa, Parij klubi ularni yakson qilishi va darvozasiga beshta gol urishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Angliya Premer-ligasining yangi chempionlari 2006-yildan beri ilk bor Yevropaning eng nufuzli turniri finaliga yoʻllanma oldi. Mikel Arteta jamoasi Budapeshtda tarix yozishni koʻzlamoqda, biroq PSJ Zinedine Zidane boshqaruvidagi Real Madrid kabi ketma-ket ikki bor chempionlikni qoʻlga kiritgan ikkinchi jamoaga aylanish niyatida.
Fransiya chempionlari tarkibida Ousmane Dembele, Desire Doue va Khvicha Kvaratskhelia kabi xavfli hujumchilar bor. Patris Evraning fikricha, agar Arsenal himoyaga yotib olsa, PSJ oʻtgan yilgi finalda Inter bilan sodir boʻlgan ssenariyni takrorlaydi. Oʻshanda italiyaliklar darvozasiga beshta gol urilgan edi.
"Menimcha, PSJ hozirda futbol olamida hukmronlik qilmoqda. Agar Arsenal avvalgidek 'avtobus' qoʻyib oʻynasa, PSJ ularga ham Interga urganidek beshta gol uradi. Men oʻshanda shokda edim, chunki italiyaliklar katenachcho ustalari hisoblanadi," — dedi Evra.
Sobiq futbolchi Arsenal uchun Angliya chempionligidan soʻng Chempionlar ligasidagi gʻalaba katta bonus boʻlishini, ammo Ousmane Dembele va boshqa yulduzlar tayyor boʻlsa, London klubiga juda qiyin boʻlishini taʼkidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!