date
views 213

Mirjalol Qosimov: «Bu mag‘lubiyatdan kerakli xulosalarni chiqarib olamiz»

Mirjalol Qosimov: «Bu mag‘lubiyatdan kerakli xulosalarni chiqarib olamiz»
OKMK klubining bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov Superliganing navbatdagi turida «Bunyodkor»ga qarshi uchrashuvda uchralgan alamli mag‘lubiyatdan so‘ng, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi va o‘yindagi omadsizlik sabablari haqida to‘xtalib o‘tdi.

— «Bunyodkor» uchun bu juda muhim g‘alaba bo‘ldi. Lekin ochig‘ini aytish kerak, biz bugungi uchrashuvda mag‘lub bo‘lishga loyiq emasdik. Birinchi bo‘limda jamoamiz o‘ziga xos tarzda o‘ynay olmadi. Shu bilan birga, «Bunyodkor» tartibli va intizomli harakat qilib, munosib g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ikkinchi bo‘limda esa o‘yin ustunligini o‘z qo‘limizga olganimizga qaramasdan, kutilgan natijaga erishmadik.

— Tartibli jamoalarga qarshi nima sababdan qiynalmoqdasiz?
— Ayniqsa hujumga o‘tayotgan paytimizda himoya chizig‘imiz ochilib qolyapti. Garchi yaxshi vaziyatlar yaratayotgan bo‘lsak-da, hujumlarimizda zarbalar aniqligi yetishmayapti. Bundan tashqari, raqib himoyada juda mustahkam va qattiq intizomli harakat qildi. Bugungi havo sharoiti ham o‘yinimizga ta’sir ko‘rsatdi, chunki maydonda juda issiq va dim havo hukm surdi.

— Darvozabon pozitsiyasiga o‘rinbosar qo‘shiladimi?
— Hozirgi futbolda raqobat muhim ahamiyatga ega. Lekin bu masala bo‘yicha hozircha aniq rejamiz yo‘q va biron nomzodni ko‘z ostimizga olganimiz ham yo‘q.

— Avvalgi ikki chiroyli g‘alabadan keyin bugungi o‘yinda nima o‘zgardi?
— To‘g‘risi, bu savolga aniq javob berish qiyin. «Nasaf»ga qarshi muhim g‘alabadan keyin futbolchilarimizda ma’lum bir bo‘shashish kayfiyati paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin futbolchilarning qalbiga kirib chiqa olmayman-ku, aniq aytish qiyin.

— Ikkinchi bo‘limdagi o‘zgarishlar haqida nima deya olasiz?
— Bundan avval uch nafar himoyachi bilan o‘ynagan o‘yinlarimizda yaxshi natija ko‘rsatgan edik. Lekin bugungi uchrashuvda vaziyat taqozosiga ko‘ra taktik sxemani o‘zgartirishga qaror qildik.

— Bugungi uchrashuv sizga asosan nimani ko‘rsatdi va keyingi o‘yinda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin?
— Bugungi o‘yin biz uchun katta dars bo‘ldi. Faqat shundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, keyingi uchrashuvlarda tarkibda ma’lum o‘zgarishlar va rotatsiyalar amalga oshirish mumkin.

— «Nasaf»ga qarshi o‘yindan keyin futbolchilarning holati haqida gapirdingiz, shu haqida batafsilroq aytsangiz?
— O‘sha muhim g‘alabadan keyin jamoa qisqa muddat dam oldi, ammo keyingi bellashuvga tayyorgarlikni tezda boshlashimiz lozim edi. Eng asosiy vazifamiz — bugungi uchrashuvdan to‘g‘ri qaror va xulosalarni chiqarib, keyingi bahslarga munosib holda tayyorgarlik ko‘rishdir, — deya so‘zini yakunladi Mirjalol Qosimov.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov: «Bu mag‘lubiyatdan kerakli xulosalarni chiqarib olamiz»