
Niderlandiya – Yevropa va jahon futboliga mashhur yulduzlarni tarbiyalab bergan mamlakatlardan biri. Bu mamlakatdan chiqqan futbol ustalari dunyoning eng kuchli ligalarida o‘z iqtidorlarini namoyon qilib kelishmoqda.
Ana shunday yulduzlardan biri – "Ayaks" akademiyasining mashhur tarbiyalanuvchisi Rayan Babel hisoblanadi. U o‘zining professional futbolchilik faoliyatida ikki marta Niderlandiya chempioni, mamlakat kubogi va superkubogi sohibi bo‘lgan. Babelning eng yorqin davri 2007-2011 yillarda Angliyaning "Liverpul" klubida to‘p surgan paytiga to‘g‘ri kelgan edi.
2024 yil noyabr oyida 38 yoshida professional faoliyatini yakunlagan Babel "Liverpul" va "Ayaks"dan tashqari, Germaniyaning "Xoffenxaym", Ispaniyaning "Deportivo", Angliyaning "Fulxem", BAAning "Al-Ayn", Turkiyaning "Qosimposho", "Beshiktosh", "Galatasaroy" va "Eyupspor" jamoalari safida ham mahorat ko‘rsatgan.
Rayan Babel yaqinda Angliya Premer-ligasining kuchli klublari bilan shartnoma imzolagan ikki iqtidorli futbolchi — o‘zbekistonlik Abduqodir Husanov va qozog‘istonlik Dastan Satpayev haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
— Mendan ko‘pchilik Dastan Satpayevning "Chelsi"ga transferi haqida so‘rashyapti. Agar u bilan gaplashish imkoniyati bo‘lsa, men unga klub murabbiylarining maslahatlarini diqqat bilan tinglashini aytardim. Chunki shundagina u tezroq mahalliy muhitga moslashib ketishi mumkin. Tilni yaxshi o‘zlashtirish ham jamoa bilan bog‘lanishda juda muhim rol o‘ynaydi.
Eng muhimi esa — o‘zingga bo‘lgan ishonch. Ba’zan muxlislarning katta bosimi futbolchiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shunday vaziyatlarda diqqat-e’tiborni o‘z maqsadlariga yo‘naltira olish juda muhim, — deydi Rayan Babel.
Shuningdek, u o‘zbekistonlik yosh futbolchi Abduqodir Husanovning "Manchester Siti"ga o‘tishi haqida ham to‘xtalib o‘tdi:
— Ha, bu transfer O‘zbekiston, Qozog‘iston va umuman, futboli rivojlanayotgan mamlakatlar uchun katta ahamiyatga ega. Ana shunday yosh iqtidorlar paydo bo‘lib tursa, Yevropaning yetakchi klublari skautlari bu mamlakatlar bozoriga yanada jiddiyroq e’tibor qaratishadi.
Mening qadrdon jamoam "Ayaks" bu borada juda yaxshi misol. Bu klub yosh va yuqori salohiyatli futbolchilarni aniqlash, ularni professional darajada rivojlantirib, yuqori bosqichlarga olib chiqishda katta tajribaga ega, — dedi tajribali futbolchi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 20 yanvar kuni "Manchester Siti" Fransiyaning "Lans" klubidan o‘zbekistonlik markaziy himoyachi Abduqodir Husanovni 40 million yevro evaziga transfer qilgan edi. Shu bilan Husanov Angliya Premer-ligasida o‘ynagan Markaziy Osiyodan chiqqan birinchi futbolchi sifatida o‘z nomini tarixga yozdirdi.
Shuningdek, Londonning "Chelsi" klubi qozog‘istonlik 16 yoshli futbolchi Dastan Satpayev bilan 5 yillik shartnoma imzoladi. Satpayevning transferi "Chelsi" uchun 4,3 million yevroga tushdi. Yosh iqtidor egasi 18 yoshga to‘lgunicha o‘z vatanidagi "Qayrat" klubida o‘ynab turadi.
O'zbekiston yangiliklari Niderlandiya FutboliRayan BabelAbduqodir HusanovDastan SatpayevLiverpul KlubiAyaks Akademiyasi Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar