date
views 245

Azizbek G‘aniyev: "BAA O‘zbekiston bilan o‘yinga kichkina stadionni tanlaganidan hayron qoldim"

Azizbek G‘aniyev: "BAA O‘zbekiston bilan o‘yinga kichkina stadionni tanlaganidan hayron qoldim"
O‘zbekistonlik yarim himoyachi Azizbek G‘aniyev ayni paytda BAAning "Al Bateh" klubida to‘p tepmoqda. Bu mavsum BAA chempionatining 19 ta o‘yinida maydonga tushib 4 ta golli uzatmani amalga oshirgan G‘aniyev bilan kichik suhbat tashkil etdik.

- "Al Bateh" uchun bu mavsum u qadar omadli o‘tayotgani yo‘q. Lekin shaxsiy natijalaringiz bir ma’romda ketmoqda...
- To‘g‘ri aytdingiz, klubimiz mavsum avvalini u qadar yaxshi boshlay olmadi. Bosh murabbiy almashgach natijalar ijobiy tomonga o‘zgardi. Chempionatni imkon qadar yuqoriroq o‘rinda tugatishga harakat qilayapmiz.

- Keyingi mavsumda ham shu klubda to‘p tepasizmi?
- "Al Bateh" bilan yana ikki yillik shartnomam mavjud. Shu bois nasib qilsa keyingi mavsumda ham shu yerda o‘ynayman va natijalarni yaxshilashga umid qilaman.

- O‘zbekiston milliy terma jamoasini 5 iyun kuni BAAga qarshi muhim o‘yin kutib turibdi. BAAda o‘ynayotgan futbolchi sifatida ushbu mamlakat terma jamoasi haqida qanday fikrdasiz?
- To‘g‘ri aytdingiz, terma jamoamizni o‘ta muhim bahs kutmoqda. BAA ham bo‘lajak o‘yinlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishni maqsad qilgan. Xabaringiz bor, bosh murabbiy almashdi. U terma jamoaga yana yangi mahalliylashtirilgan futbolchilarni jalb qilishni xohlamoqda. Shunga qaramay xudo xohlasa O‘zbekiston terma jamoasi ushbu uchrashuvda g‘olib bo‘ladi va tarixiy natijaga erishadi.

- BAAda shuncha katta stadionlar turganida O‘zbekistonga qarshi bahsni nima uchun kichikroq stadionda o‘tkazishga qaror qilindi?
- Bu yangilikni eshitib men ham xayron qoldim. Menimcha ular o‘zbekistonlik futbol muxlislarining Osiyoda anchagina o‘z o‘rniga egaligi uchun shunday qilishgan bo‘lsa kerak. Balki bizning muxlislarga kamroq joy ajratishni reja qilishgandir.

- Oxirgi yillarda BAA chempionatida o‘zbekistonlik futbolchilar kamayib qoldi. Bunga nima sabab bo‘ldi deb o‘ylaysiz?
- BAA chempionati saviyasi legionerlar hisobiga ko‘tarilmoqda. Shu bois bu yerda o‘ynayotgan legionerlar sal bo‘shashsa o‘rningizga boshqa legioner olib kelishi juda ham oson ish. Nasib qilsa O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatiga chiqsa nafaqat BAA, balki boshqa davlatlarda ham legionerlar soni anchagina ko‘payadi deb o‘ylayman.

- O‘z vaqtida Timur Kapadze bilan birga ishlagansiz. U qanday murabbiy?
- Timur Kapadze qo‘l ostida 2018 yil Eron va Urugvayga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida ishtirok etganman. U kuchli murabbiy, yigitlar bilan qanday ishlashni, gaplashishni va qanday uslubda o‘ynatishni yaxshi biladi. Oxirgi ikkita rasmiy o‘yinda bunga barcha guvoh bo‘ldi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Azizbek G‘aniyev: "BAA O‘zbekiston bilan o‘yinga kichkina stadionni tanlaganidan hayron qoldim"