date
views 151

Ilkay Gyundogan Ryudiger haqida: "Tonida provokatsion xulq-atvor bor..."

Ilkay Gyundogan Ryudiger haqida: "Tonida provokatsion xulq-atvor bor..."
«Manchester Siti» klubi yarim himoyachisi Ilkay Gyundogan «Real Madrid» himoyachisi Antonio Ryudigerning maydondagi xatti-harakatlarini provokatsion deb atadi.

Ma’lumki, Ispaniya Kubogi finalida «Barselona» jamoasiga qarshi bahsda (2:3) Antonio Ryudiger ikkinchi taymda qizil kartochka bilan maydondan chetlatilgan edi.

Hakam Rikardo de Burgos Bengoechea «Real»ning hujumini to‘xtatib, Kilian Mbappening «Barselona» himoyachisi Erik Garsiyaga qarshi qo‘pol harakati uchun jarima belgilaganida, o‘sha paytda zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan Ryudiger o‘z hissiyotlarini jilovlay olmadi. U hakam tomon muz parchasini uloqtirib yuborgani uchun 6 o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi.

Gyundogan ushbu voqeani izohlar ekan, quyidagilarni aytdi:

«Agar Ryudiger sizning jamoangiz safida bo‘lsa, uning harakatlarini juda ajoyib va jangovor deb qabul qilasiz. Lekin u sizning raqibingiz bo‘lsa, bu harakatlaringizga g‘azabingiz keladi.

Menimcha, u olgan diskvalifikatsiya yetarli jazo bo‘ldi va bu unga katta saboq bo‘ladi. Endi unga jiddiy sinovlardan o‘tishga to‘g‘ri keladi.

Tarkibda Ryudiger kabi kuchli va jangovor futbolchi bo‘lsa, uning energiyasidan maydonda yaxshi foydalanish mumkin. Buni Germaniya milliy terma jamoasida u bilan birga o‘ynagan paytimda o‘z tajribamda his qilganman. U shunday futbolchi, uning borligi jamoaga foydali, muxlislar uchun esa bu juda yoqimli holat.

Lekin ba’zida bir jihat ikkinchisisiz bo‘lmaydi. Ryudigerning xatti-harakatlarida biroz agressiya va provokatsion yondashuv bor, bu uning maydondagi individual uslubi. Antonio ko‘p hollarda juda hissiyotga beriladi. Afsuski, Kubok finalida u hissiyotlarini jilovlay olmadi va chegaradan chiqib ketdi. Uning bu harakatini katta xato deb hisoblayman», — dedi Gyundogan Bild nashriga bergan intervyusida.

Eslatib o‘tamiz, Ilkay Gyundogan Ryudiger bilan Germaniya milliy terma jamoasida birga harakat qilgan, shuningdek, klublar darajasida «Barselona» tarkibida unga qarshi bahs olib borgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ilkay Gyundogan Ryudiger haqida: "Tonida provokatsion xulq-atvor bor..."